Ronaldo: "Vinisius va Rafinyadan natija talab qilinishi tabiiy"
Braziliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Ronaldo milliy jamoada Vinisius Zhunior va Rafinyaning ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Afsonalardan biri hisoblangan sobiq futbolchiga ko‘ra, har ikki o‘yinchi klublardagi yuqori saviyasini terma jamoada ham namoyon etishi kerak.
"Bizda yaxshi jamoa va o‘z klublariga katta foyda keltirayotgan futbolchilar bor. Ammo milliy terma jamoada ham ular moslasha olishi va klublaridagi kabi natija ko‘rsatishi muhim.
Vinisiusning “Real” uchun naqadar muhim ekanini ko‘rib turibmiz. Biz uning terma jamoada ham xuddi shunday o‘ynashini xohlaymiz. Uning o‘zi ham bunga qattiq harakat qilmoqda. Ba’zan esa hammasi ham o‘xshayvermaydi. Shuning uchun ma’lum darajada sabr qilish kerak.
Futbolchi qachon hujum qilish, qachon orqaga qaytish, qachon to‘pni sherigiga oshirish va hujum uchun bo‘sh hudud yaratish kerakligini yaxshi his qilishi lozim. Hujum uchun to‘g‘ri vaqtni tanlash muhim.
Ammo bir narsa aniq: Vinisius va Rafinya hozirgi Braziliya terma jamoasining asosiy yulduzlari hisoblanadi. Shuning uchun muxlislar ulardan yuqori natija talab qilishi tabiiy", — dedi Ronaldo.

Fikrlar