Ronald 2 milliard dollar ishlagan ilk sportchiga aylandi
Soqqa qilishda ham yetakchi
Futbol tarixida eng ko‘p gol urgan, besh karra "Oltin to‘p" sohibi bo‘lgan portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu faol sportchilar orasida birinchi bo‘lib umumiy daromadi 2 milliard dollarga yetgan sportchiga aylandi. Bu haqida Forbes nashri xabar berdi.
Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026/27 yilgi mavsumda Ronaldu Saudiya Arabistonining "Al-Nasr" jamoasidagi o‘yinlari uchun 250 million dollar maosh oladi. Reklama shartnomalari va boshqa tijorat loyihalari esa unga yana 50 million dollar atrofida daromad keltirishi kutilmoqda.
Manbaga ko‘ra, kelasi yilga borib, umumiy daromadi 2 milliard dollardan oshib ketadigan navbatdagi futbolchi sifatida AQShning "Inter Mayami" klubi hujumchisi, argentinalik Lionel Messi tilga olinmoqda.
Hozirda Ronaldu 41 yoshda. U besh marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan, Yevropa chempioni bo‘lgan, ikki bor Millatlar ligasida zafar quchgan. Milliy terma jamoalar, Yevropa chempionatlari, Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatida bir qator rekordlar unga tegishli.
Ronaldu 2022 yil dekabridan buyon "Al-Nasr" sharafini himoya qilib kelmoqda. Undan oldin karerasi davomida portugaliyalik "Sporting", inglizlarning "Manchester Yunayted", ispaniyalik "Real" va italyanlik "Yuventus" tarkibida o‘ynagan.

Izohlar (0)