
Ronaldudan ko‘proq gol urgan tarixdagi 5 ta futbolchi
Xabaringiz bor portugaliyalik futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu o‘tgan hafta o‘zining professional faoliyatidagi 700-golini urdi. Ta’kidlash kerakki, unga bu natijani qayd etishi uchun 973 ta o‘yin kerak bo‘ldi.
U o‘z gollarining 5 tasini “Sporting” safida, 118 tasini “Manchester Yunayted”da, 451 tasini “Real”da 32 tasini “Yuventus”da kiritgan. Qolgan 94 tasini esa Portugaliya terma jamoasida kiritgan.
Ammo, uning tarixdagi eng yaxshi to‘purarlar beshligiga kirishiga hali bor. Quyida futbol tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar beshligi bilan tanishtirib o‘tamiz.
5.Gerd Myuller (735 ta gol)
Germaniyalik futbolchi tarixdagi eng buyuk hujumchilardan biri sifatida tilga olinadi. U faoliyatining 15 yilini “Bavariya”da o‘tkazgan. U myunxenliklar safida eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. Hozircha uning bu rekordini hech kim takrorlay olmadi.
U Germaniya terma jamoasi safida 62 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblari darvozasini 68 marta ishg‘ol etgan.
4.Ferents Pushkash (746 ta gol)
Futbol tarixida unutib bo‘lmaydigan yana bir shaxs. FIFA Vengriya terma jamoasi va “Real” Madrid klubi afsonasi sharafiga atab yilning eng chiroyli goli mukofotini joriy etgani ham alohida ahamiyatga ega.
3.Pele (767ta gol)
Pele ortiqcha maqtovga muhtoj emas. U 1363 ta o‘yinda 1281 ta gol urib Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan. Braziliya terma jamoasi safida 3 karra jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. U o‘zining professional futbolchilik faoliyati davomida 831 ta o‘yinda 767 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Qayd etish lozimki, Pele 1970 yil Italiya terma jamoasi darvozasini ishg‘ol etib, Braziliya terma jamoasining mundiallardagi yubiley 100-golini urgan.
2.Romario (772 ta gol)
Braziliyaliklar tug‘ma to‘purar bo‘lishadi. Buni Romario ham o‘z vaqtida isbotlagan. U professional faoliyati davomida 994 ta o‘yinda ishtirok etib, raqiblari darvozasini 772 marta ishg‘ol etgan.
Romario 1994 yil FIFA tomonidan dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.
Ronaldo o‘zining kumiri sifatida aynan Romarioni aytgan. Yoxan Kroyf esa uni jarima maydoni ichkarisidagi daho deb ta’riflagan.
1.Yozef Bitsan (805 ta gol)
Balkim bu siz birinchi o‘rinda ko‘rishni kutgan ism bo‘lmasligi mumkin. Biroq, statistika hammasiga aniqlik kiritadi.
Avstriyalik afsonaviy to‘purar faoliyati davomida 1470 ta gol urgan deb aytiladi. Ammo, ular orasida rasmiy uchrashuvlarda kiritilganlari 805 tani tashkil etadi.
U faoliyati davomida “Rapid”, “Admiru”, “Slaviya”, “Vitkovitse”, “Spartak” va “Dinamo” Praga klublarida o‘ynagan.
E’tiborlisi, Bitsan faoliyatida 3 ta terma jamoada to‘p surgan - Avstriya, Chexoslovakiya hamda Bogemiya va Moraviya.
Fikrlar