
Ronalduning muxlisi, legionerlik mas’uliyatini bo‘yniga olgan Sanjar Rixsiboev bilan suhbat
Mana shu talablarni inobatga olib, Tojikiston oliy ligasi vakili “Xo‘jand” klubining etakchi futbolchisi Sanjar Rixsiboev bilan suhbatlashdik.
- Assalomu alaykum, Sanjar suhbatimiz avvalida Tojikistondagi karantin holati, u erda siz – futbolchilarga yaratilgan sharoitlar haqida gapirib o‘tsangiz.
- Tojikistonda ham ahvol sekin-asta yaxshilanib bormoqda. Futbolchilarning xavfsizligi to‘liq ta’minlangan, deya olaman. “Xo‘jand” klubi direktori Murod aka bizga kerakli bo‘lgan qulaylikni yaratib berilishida shaxsan bosh-qosh bo‘ldi.
- Umuman, Tojikistonga yo‘l olishingizga kim sababchi bo‘ldi?
- Tojikiston oliy ligasida faoliyatimni davom ettirishimga “Bunyodkor” klubi direktori Ulug‘bek aka Mirzaev sababchi. Buning uchun ularga katta rahmat.
- Statistikangizga qarasak, O‘zbekiston chempionatida jami 55 ta o‘yinda 5 ta gol urgansiz. Tojikistonda esa 8 ta o‘yinda 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldingiz...
- Tojikistonda legioner degan nomimiz bor. Shu nomni oqlash uchun qo‘ldan kegancha harakat qilyapmiz. Bizning mintaqamizda legioner futbolchilarni mahalliy o‘yinchilardan kuchliroq futbol namoyish etgan taqdirdagina jalb qilishadi. Xususan, Tojikistonda ham shunday.
- Bunda murabbiylarning farqi ham rol o‘ynaydimi?
- Albatta. Murabbiy sizga ishonch bildirib, maydonga tushirar ekan, o‘zingizda qo‘shimcha kuch sezasiz. Tojikistondagi samaradorligimda murabbiylar ishonchining roli katta, deb hisoblayman. Undan tashqari, pozitsiya jihatidan ham ancha erkinlik berilmoqda. Xudo xohlasa, bu boshlanishi. Hali bundan ham yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishni istayman.
- O‘zbekiston va Tojikiston chempionatlari darajasini solishtirish o‘rinlimi va qo‘shni ligaga ko‘chib o‘tishni faoliyatingizdagi oldinga tashlangan qadam, deb baholash mumkinmi?
- O‘zbekiston Superligasi saviya jihatidan Tojikiston oliy ligasidan yuqoriroqda turadi. Ammo o‘ylaymanki, bu erga ko‘chib o‘tishim faoliyatimda oldinga tashlangan qadam bo‘ladi. Futbolchi uchun eng muhimi bu o‘yin amaliyoti. “Xo‘jand” menga o‘zimni ko‘rsatishim uchun imkon beryapti
- Futbolga kirib kelishingizga kim sababchi bo‘lgan?
- Do‘stlarimga qiziqib men ham futbol mashg‘ulotlariga qatnay boshlaganman. 9 yoshimdan beri futbol o‘ynayman. Birinchi murabbiyim Ravil aka Imomov bo‘lgan.
- Kumiringiz kim?
- Bolaligimda Andrey Shevchenkoning o‘yinlarini tomosha qilishni yoqtirardim. Hozirda esa aynan mening pozitsiyamda harakat qiladigan jahon futboli yulduzi Krishtianu Ronalduga muxlislik qilaman.
- Shartnomaga ko‘ra dekabrda ijara muddatingiz tugaydi, karantin sabab bu vaqt uzayishi mumkinmi?
- Ha, hozirda xo‘jandliklar tarkibida ijarada to‘p surmoqdaman. Kelgusida nima bo‘lishini ko‘ramiz. Klublar o‘zaro nima qilishni kelishib olishadi. Tojikistonda chempionat 16 iyundan restart oladi. Reglament bo‘yicha ushbu chempionat 3 davralik tizimda bo‘lishi kerak edi. Ammo yaqinda OAVda oliy liganing 2 davra bo‘lib o‘tishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Biz voqealar rivoji qanday ketishiga qarab yo‘l tutamiz.
- Klub bilan va individual tarzda nimalarni maqsad qilgansiz?
- Jamoam bilan chempionatda 4-pog‘onada boryapmiz. Ammo bu atigi 4 turdan keyingi holat. Biz chempionlikni maqsad qilganmiz. OFK kubogida esa minimum – guruhdan chiqish. Individual maqsadlarimga to‘xtaladigan bo‘lsam, har ikkala frontda ham ko‘proq gol urish va samarali o‘yin ko‘rsatishni xohlayman.
- Kelgusidagi rejalar va o‘zbek muxlislariga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat...
- Asosiy maqsadim, ushbu mavsum Tojikistonda to‘purar bo‘lib, boshqa kuchliroq chempionatga o‘tish. O‘zbekistondagi hamyurtlarimizga tilaklarim tezroq pandemiya tugab, yana futbol havosi qaytsin. Superliga bahslarida stadionlarimizning to‘lib turganini ko‘rish hamma qatori meni ham xursand qiladi. Jahon chempionati saralashida terma jamoamiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, muxlislarimizga uzoq kutilgan mundial yo‘llanmasini hadya qilishlariga tilakdoshman. Yurtimizni tinchlik va xotirjamlik tark etmasin.
- Sanjar, vaqt ajratib, suhbatimizda ishtirok etganingiz uchun rahmat. Kelgusi faoliyatingizda zafarlar tilab qolamiz.
- Sizlarga ham e’tibor uchun tashakkur. Ishlaringizga rivoj tilayman.
Abdulvosid Valixonov suhbatlashdi.
Fikrlar