Ro‘ziqul Berdiev Nasrullaevning jarohati va Abdixoliqovning jamoadan ketgani haqida gapirdi (matbuot anjumani)

  • 9 mart, 23:40
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

Superliga ilk turi doirasida "Nasaf" o‘z maydonida "So‘g‘diyona"ni qabul qildi. Ushbu o‘yinda maydon egalari 1:0 hisobida zafar quchdi. Bellashuvdagi yagona gol Sharof Muhitdinov tomonidan kiritildi. 

O‘yindan so‘ng qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

-  Avvalo, tabriklar uchun hammaga rahmat! Mavsumni g‘alaba bilan boshlash yoqimli. Ayrim vaziyatlarni aytmaganda, raqib futbolchilariga darvozamiz tomon hujum qilishlariga imkon bermadik. So‘g‘diyona jamoasi to‘p bilan o‘ynashni yaxshi ko‘radi, shu bois ularni yaxshi o‘rganib chiqib, futbolchilarini to‘psiz qoldirishga harakat qildik. Bizda ham hujumda goldan avval va keyin ko‘pgina xavfli vaziyatlar bo‘ldi, lekin ularni golga aylantira olmadik. Agar shu hujumlarni golga aylantirganimizda yanayam ishonchli g‘alabaga erishgan bo‘lardik. Ammo mavsum boshlanishida g‘alabaga erishib, 3 ochko olish bu juda ham yaxshi.

- Ro‘ziqul Sa’dullaevich, yangi kelgan futbolchilar haqida fikringizni bilsak.

- Bilasizmi, aslida jamoamizga kelib qo‘shilgan futbolchilarni hammasini yangi kelib qo‘shilgan deb bo‘lmaydi. Chunki Cheran, Eshmurodov, Nurulloev va Norchaev avval ham jamoamizda to‘p tepishgan, ularning imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Hebay va Vorobeyni esa mavsum davomida kuzatamiz. Jamoamizga ularning foydasi tegadi degan umiddamiz.

- Nasrullaevning jarohati haqida nima deya olasiz?

- Nasrullaevda o‘zi o‘yindan avval ham kichik jarohat bor edi, biroq u jamoaga yordam berishni istadi va maydonga tushdi. Ammo o‘sha to‘qnashuvda u jarohatini yangilab oldi va zaxiraga olindi. Tiklanib olishi uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. U bizning juda ham muhim o‘yinchimiz edi, jarohatidan keyin biroz rejalarimiz o‘zgarib ketdi va Bozorovning o‘yinida ham biroz pasayish bo‘ldi.

- Jamoaga legioner darvozabon taklif qilinishidan maqsad nima?

- Bizda aslida darvozabon taklif qilish rejasi yo‘q edi. Ammo Umid Ergashevning kutilmaganda jamoadan ketish istagini bilganimizdan keyin shunga majbur bo‘ldik.

- Bobirning boshqa klubga o‘tib ketishi bizni ajablantirdi. Uning qolishi haqida ma’lumotlar chiqib turganda u to‘satdan boshqa jamoaga o‘tib ketdi. Aslida, avvallari Cheran va Bobir tandemi ko‘pgina hollarda o‘zini oqlagandi.

- Bobir Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekiston chempionatlarida oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Balki endi Ozarboyjon chempionligini ham qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgandir-da (kuladi). U ham boshqa jamoa bilan shartnoma tuzgach, biz jamoamizga Husaynni taklif qildik. O‘ylaymanki, hozirgi hujumchilarimiz ham raqib himoyachilariga etarlicha xavf tug‘dira olishadi. Bobirga esa omad tilayman!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!