Ro‘ziqul Berdiev: "O‘yimiz tahsinga loyiq bo‘ldi"
Superliganing 5-turidan o‘rin olgan “Nasaf” - “Andijon” (1:0) bellashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev qatnashdi.
- Maydonda sifatli va tartibli bo‘lishga harakat qildik. Yigitlar maydonda ko‘p mehnat qilishdi. Shuni evaziga ishonchli g‘alabaga erishdik. Raqib jamoa bizga standart vaziyatlarda ancha qiyinchilik tug‘dirdi. Futbolchilarimiz pozitsion va qarshi hujumlarda mazmunliroq ko‘rinishdi. G‘alaba yoqimli va uzoq yo‘l bosib kelgan muxlislarimizni tabriklayman.
- Murod Rahmatov faoliyatidagi 8-golini urdi. Qiziqi, urgan gollarida “Nasaf” 7 marta yutgan va 1 bor durang o‘ynagan. Uning progresi haqida nima deya olasiz?
- Menga bu statistika juda qiziq tuyuldi. Bu Murodni sakkizinchi goli bo‘lganini bilmas ekanman. Murod universal o‘yinchilarimizdan biri. Himoyada va qanot himoyasida ham uni bizga ko‘p yordam tegadi. Rahmatov bugungi uchrashuvda muhim golni urdi. Lekin bahs oxirida toliqib qolgani - bir hafta biz bilan shug‘ullanmagani taʼsir qildi. Nafaqat, unda balki Alibek, G‘olib kabi futbolchilarimizda jarohatlar borligi uchun oxirgi nazorat uchrashuviga ularni jalb qilmagandik. Murodni universalligi biz uchun juda ham muhim. Asosiy tarkib o‘yinchisi bo‘lib, doimo katta hajmdagi ishni bajaryapti. Bu yoqimli. U tajribasini yanada oshirib borishi kerak.
- Mavsum oldidan “Nasaf”ni yetakchilar tark etganida endi jamoa qanday harakat qiladi, degan savollar ko‘paygandi. O‘tgan turda “Surxon”ga yutqazilganda tanqidiy fikrlar bo‘ldi. FIFA kunlarida qanday ishlar olib borildi?
- Tanqidar har doim bo‘lgan, bunga ko‘p eʼtibor qaratmaymiz. O‘yinimizni shakllantirib borishimiz kerak. 10 ga yaqin tajribali futbolchilarimiz ketganidan keyin turli fikrlar bildirildi. Shunga qaramay, jamoa mavqeini saqlab qolishimiz kerak. Imkoniyatimizdan kelib chiqib, jamoaviy o‘yinni shakllantirishga ko‘proq urg‘u berdik. Qolaversa, ruhiy tomondan ham yaxshi ishlov bersak, bu natija berishini bilamiz. Yana bir maqsadlarimizdan biri yoshlarimizni tajribasini orttirib borishimiz kerak. Bugungi o‘yinimiz tahsinga loyiq bo‘ldi.
Fikrlar