
Ro‘ziqul Berdiev: "O‘ylaymanki, Igor bunday xatolarni boshqa qilmaydi"
Superliganing 4-turidan o‘rin olgan “Sho‘rtan” – “Nasaf” (1:4) uchrashuvidan keyin qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Muxlislarimizni bugungi g‘alaba bilan tabriklaymiz. Raqibning xatosini kutdik, bunga majbur qildik. Xatolaridan unumli foydalandik. O‘yindagi vazifamizni ancha engillashtirdik. Uchrashuvni to‘liq nazorat qildik. Faqatgina ikkinchi bo‘limni 15-20 daqiqasi davomida biroz to‘p va o‘yin nazorati bo‘yicha raqibga imkon berdik. Qolgan barcha daqiqalarda o‘yinni nazorat qildik.
- Alibek Davronov, G‘olib G‘aybullaev, Shuhrat Muhammadievni asosiy tarkibga kiritilmasligi taktika bilan bog‘liqmi yoki jamoaning darajasidan kelib chiqib taktika o‘zgarganmi?
- Jamoaga yordam berishga tayyor bo‘lib turgan ko‘p futbolchilarimiz bor. O‘tgan uchrashuvda Shuhrat bilan G‘olibdan foydalangandik. Bugun Umar tiklanib bo‘lganidan keyin u bilan birga Igorga imkoniyat berdik. O‘z vazifalarini yaxshi bajarishdi. Sherzod yo‘qligi uchun Sharof chap qanotda harakat qilyapti. Hozir menimcha, Zafar eng yaxshi holatida. Ko‘ryapsizlar, juda faol harakat qilyapti. Ko‘p emas, uchta pozitsiyada o‘zgarish qildik. Menimcha, uchrashuvlarda o‘yinchilarga imkoniyat berish uchun rotatsiya qilib turishimiz kerak. Ular har qanday holatda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib turishi lozim. Kenjaboev bilan Davronovni umumiy guruhga jalb qilib boryapmiz. Yaqin orada funktsional holati yaxshilanib boradi.
- Nasrullaevni jarohati qanday?
- U bizning nazoratimizda. Hozirda alohida mashg‘ulotlarda qatnashyapti. Kecha o‘zi bilan suhbatlashganimda holati yaxshilanib borayotganini aytdi. O‘ylaymanki, tezroq safimizga qaytadi.
- Igor Golbanni penaltiga sabab bo‘lgan harakatini qanday qabul qildingiz va bu haqida fikringiz?
- Bu vaziyatga olib kelmasligi kerak edi. Albatta, takroriy holatni ko‘rib yanada xulosa chiqarishimiz mumkin. 3:0 hisobida raqibga bunday imkoniyat berib, vaziyatni og‘irlashtirib qo‘yish menimcha tajribali o‘yinchi uchun noto‘g‘ri. Bu vaziyatda Igorga tanbeh berdim. Chunki 3:0 bo‘lib turganida jamoa ba’zida bo‘shashishi va salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. O‘ylaymanki, Igor bunday xatolarni boshqa qilmaydi.
Fikrlar