
Ruslan Chagaev faoliyatiga nazar yoxud uning eng muhim janglari...
“Oq Tayson” nomi bilan mashhur Ruslan Chagaev o‘zbek boksining tirik afsonasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning havaskor va professional yo‘nalishda erishgan ajoyib natijalari unga shunday ta’rif berishimizga misol bo‘la oladi. Hozirda okean ortida istiqomat qilayotgan va o‘zining M-13 promouterlik kompaniyasiga asos solgan yurtdoshimizning faoliyatiga bog‘liq xronologiyani taqdim etamiz...
- Ruslan Chagaev havaskor boksda 2 karra jahon chempioni ( 1997 va 2001 ) hisoblanadi. 19 yoshli hamyurtimiz 1997 yildagi chempionat finalida kubalik nomdor bokschi Feliks Savonni mag‘lubiyatga uchratadi. Ammo, keyinchalik u medaldan mahrum qilinadi. Chunki, Chagaev bu vaqtga qadar AQShda ikki bora professional jang o‘tkazib ulgurgandi. Shunday bo‘lsa-da, Ruslan Chagaev Feliks Savonni 2 marotaba mag‘lub etgan kubalik bo‘lmagan yagona bokschi sanaladi. Qolaversa, u bu ishni Savon muntazam jahon chempionatlarida g‘alaba qozonib kelayotgan vaqtda amalga oshirganligi bilan ham maqtovga loyiqdir. Savonningyurtdoshimizdan qabul qilib olgan mag‘lubiyati faoliyatining oxirgi 10 yillikdagi mag‘lubiyatsiz seriyalariga nuqta qo‘ygandi.
- 2001 yilda havaskor boksda jahon chempionligini qo‘lga kiritganidan so‘ng, Ruslan Chagaev to‘laqonli professional boksda o‘tadi.
- 2006 yil 18 noyabrda Chagaev sobiq WBA chempioni Jon Ruiz bilan jang qiladi hamda uni ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratadi va shu tarzda WBA chempionlik kamari sohibi Nikolay Valuevga majburiy da’vogar maqomini qo‘lga kiritadi. Bunga qadar esa, profi ringda 22 ta jangda ishtirok etib, g‘alabali odimini davom ettirayotgandi.
- 2007 yilda Ruslan Chagaev WBA chempioni Nikolay Valuev bilan 12 raundlik to‘liq jang o‘tkazdi va 117–111, 115–113, 114–114 hisobida g‘alaba qozonib, o‘zining dastlabki jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi.
- 2009 yil 20 iyun sanasida Vladimir Klichko va Ruslan Chagaev jangi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Jangga Klichkoning iBF, WBO va IBO kamarlari, Chagaevning WBA hamda “The Ring” chempionlik kamari qo‘yiladi. Mazkur to‘qnashuvda Vladimir Klichko ustunlik qiladi va Ruslan Chagaevning murabbiyi 9-raunddan so‘ng, uning jangga chiqishiga ruxsat bermaydi. Shu tarzda Chagaev professional faoliyatidagi dastlabki mag‘lubiyatini ukrainalik charmqo‘lqop ustasidan qabul qilib oladi.
Klichkoga WBA tomonidan "super chempion" maqomi beriladi va tabiiyki WBAregular chempionlik kamari ham ta’sis etiladi. Vakant kamarga Ruslan Chagaev va rossiyalik Aleksandr Povetkin o‘zaro jang o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishadilar. Jang 2011 yilning 27 avgust kuni Germaniyada bo‘lib o‘tadi va unda Povetkin 117-113, 117-113, 116-112 hisobida g‘alaba qozonadi.
- 2014 yilda yana WBAregular kamari vakant qoladi va bu uchun Ruslan Chagaev Frens Okendoga qarshi ringga chiqadi. Ushbu to‘qnashuv 6 iyulda Rossiyaning Grozniy shahridagi muhtasham “Ahmat” arenada bo‘lib o‘tadi. To‘liq 12 raund davom etgan jangda Chagaev g‘alaba qozondi va 2-bora jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi.
- 2015 yil 14 noyabrda WBA Ruslan Chagaev va avstraliyalik Lukas Braun jangiga buyruq berdi. Jang bo‘yicha kelishuvga erishiladi va 2016 yil 5martda ushbu qarama-qarshilikka yana Grozniy shahri mezbonlik qiladi. Jangning 10-raundida Braun tomonidan 20 ta javobsiz zarba berilishi natijasida hakam jangni to‘xtatadi va Lukas g‘alaba qozonadi. Qiziq tomoni aynan 10-raundga qadar Ruslan Chagaev katta ustunlikka ega bo‘layotgan va 9-raund yakuniga ko‘ra, 81-88, 82-88, 82-88 hisobida vatandoshimiz g‘alaba qozonayotgan edi.
- 22 mart kuni antidoping test tahlillariga ko‘ra, Lukasda taqiqlangan modda topiladi va kamar Ruslan Chagaevga qaytarib beriladi.
- 2016 yilning 28 iyuliga kelib, WBA tomonidan kamar yana olib qo‘yiladi. Tashkilotning ma’lumotiga ko‘ra, Chagaev va uning promouteri Timur Dugazaev Frens Okendoga qarshi chempionlik jangdagi g‘alabasi uchun 40,750 AQSh dollari miqdoridagi tovon pulini to‘lamagani ma’lum bo‘ladi.Shunday to‘lovlar girdobida qolgan Chagaev kamarni vakant qilishdan o‘zga chorasi qolmaydi.
- 2016 yil 28 iyul sanasida Chagaevning promouteri uni 37 yoshida o‘z faoliyatini yakunlaganini ma’lum qiladi. O‘sha vaqtda hamyurtimizning ko‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan muammo va jarohatlar uning shunday qaror qabul qilishiga sabab bo‘ladi. 2016 yilning o‘zida Ruslan Chagaevga xayrlashuv jangi sifatida Lukas Braunga qarshi revansh taklif qilinadi. Ammo, Ruslan sog‘lig‘i nuqtai nazaridan, taklifga rad javobini beradi. Shu tariqa, o‘zbek boksi tarixidagi super og‘ir vaznda 2 karra jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan Ruslan Chagaev 37 yoshida o‘z faoliyatini yakunlaydi.
Jalol AHMEDOV tayyorladi
Fikrlar