"Salkam 100 kun o‘ynamadim, o‘zimni 100 foiz tayyorman, deb ayta olmayman". Lutfulla To‘raev hokim bilan uchrashuv, "Nasaf"ga qarshi o‘yin va boshqalar haqida gapirdi

  • 25 iyun, 2022, 17:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘yini va natijalari ko‘ngildagidek chiqmayotgan “Neftchi” oxirgi paytlarda ko‘p tanqidlarga uchradi. Hatto viloyat hokimi ham jamoa bilan yig‘ilish o‘tkazib, e’tirozlarini bildirdi.

Shundan keyin “Nasaf”ga qarshi uchrashuv o‘tkazildi va farg‘onaliklarning o‘yinida jonlanish kuzatildi. Jamoa etakchisi Lutfulla To‘raevning maydonga qaytgani ham jamoa va uning muxlislari uchun xushxabar bo‘ldi.

“Nasaf”ga qarshi uchrashuvdan keyin To‘raev bilan suhbatlashdik.

- “Nasaf”ga qarshi uchrashuv “Neftchi”ning joriy mavsumdagi eng yaxshi o‘yini bo‘ldimi?

- Yaxshi va qiziq uchrashuv bo‘ldi. Muxlislar ko‘radigan o‘yin bo‘ldi, deb o‘ylayman. Mavsumdagi zo‘r bahslardan biri deb hisoblayman. Aynan tomoshabop o‘tdi. Futbolchilar murabbiylarning bergan ko‘rsatmalarini to‘liq bajardi. Shuning uchun ham o‘yinimiz o‘xshadi.

- Durangdan qoniqdingizmi?

- O‘sha uchrashuvda uch ochkoga loyiqroq edik. Bizda golli imkoniyatlarimiz ham ko‘proq bo‘ldi.

turaev2_4

- “Neftchi”ga g‘alaba uchun aynan nima etishmadi?

- Hozirdan nimadir etishmadi, deb aytish qiyin. Faqat yaratgan vaziyatlarimizni golga aylantira olmadik. Yana buning ustidan ishlaymiz.

- Mavsum boshidagi jarohat tufayli orada ancha o‘yinlarni o‘tkazib yubordingiz. Chempionatdagi tanaffusdan keyin yana tarkibga qaytdingiz. Endi barchasi to‘liq ortda qoldimi? Holatingiz yaxshimi?

- Jarohatdan keyin salkam 100 kun futbol o‘ynamadim. Hozir o‘zimni 100 foiz tayyorman, deb ayta olmayman. Buni “Nasaf”ga qarshi uchrashuv ham ko‘rsatib berdi. FIFA kunlari bo‘lgani bizga yaxshi bo‘ldi. Endi yana bir turdan keyin birinchi davra tugaydi. Ikkinchi davraga optimal formada bo‘lishimga ishonaman.

turaev3_4

- “Nasaf” bilan uchrashuvdan oldin viloyat hokimi jamoa bilan uchrashuv o‘tkazgani va bu tanqidiy ruhda o‘tgani ma’lum bo‘ldi. O‘sha uchrashuvdan o‘zingiz uchun nima oldingiz?

- Farg‘ona viloyati hokimini O‘zbekistondagi barcha muxlislar yaxshi bilishsa kerak. Futbolga jon kuydiradigan inson. Bir tomondan ushbu insonni ham tushunsak bo‘ladi. Bizda yaratib berayotgan sharoitlari juda yaxshi, lekin natija o‘xshamayapti. Viloyat hokimi bilan uchrashuvdan yaxshi taassurot qoldi, “Nasaf” bilan bahsda bu o‘z samarasini berdi.

- Hokimning tanqidi va e’tirozi jamoani “uyg‘otdimi”?

- Bilasiz, hech nima e’tiroz va tanqidsiz bo‘lmaydi. Busiz hayot ham bo‘lmaydi. Hammamiz vaziyatni tushungan holda “Nasaf” bilan o‘yinga bir jamoa bo‘lib chiqdik. Turnir jadvalidagi o‘rnimiz “Neftchi”ga yarashmaydi. Ikkinchi davrada o‘yinimizni yanada kuchaytirib, “Neftchi”ning mavqeini joyiga qo‘yishimiz kerak.

turaev_6

- Ha, mavsum boshida maqsad kuchli uchtalikka kirish ekanligi aytilgandi...

- Sabablari ko‘p bo‘ldi. Jarohatlar ko‘payib ketdi. 11 talik tarkib zo‘rg‘a yig‘ilib, zaxiraga yoshlar qo‘shildi. Chuqurlikka o‘zimiz tushdik va bu chuqurlikdan o‘zimiz chiqishimiz kerak. Murabbiylar ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishimiz kerak. Har bir o‘yinda g‘alaba uchun kurashamiz, faqat jarohatlanganlar ko‘p bo‘lgani sababli o‘yinimiz ham o‘xshamadi. Hammasini to‘g‘rilashga harakat qilamiz. Ikkinchi davrada “Istiqlol”da - o‘z maydonimizda o‘ynaymiz deyishdi. O‘z uyingizda devorlar ham yordam beradi, deyishganidek baribir o‘zimizda o‘ynashni sog‘inganmiz. Muxlislar ham ko‘proq keladi. Ishqibozlarni xursand qilishga harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!