Samarqnad va Buxoroda engil atletika bo‘yicha xalqaro seminar o‘tkazilishi mumkin

CHERY AUTO

Yurtimiz engil atletikachilari Osiyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan sportchilardir. So‘nggi Olimpiadada ham delegatsiyamiz aynan engil atletika yo‘nalishida eng ko‘p litsenziya qo‘lga kiritgan. Yurtimizda ushbu sport turini yanada rivojlantirish va xalqaro tashkilot bilan mustahkam aloqalarni o‘rnatish yuzasidan O‘zbekiston MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov bugun Osiyo engil atletika assotsiatsiyasi (OEAA) prezidenti Daxlan Al-Hamadni qabul qildi. Suhbatda martabali mehmonga OEAA vitse-prezidenti Aleksey Kondrat hamrohlik qildi, deya xabar bermoqda MOQ. 

Muzokara davomida Umid Ahmadjonov O‘zbekistonda engil atletika sportini yanada rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Oxirgi paytlar engil atletikamiz ham islohotlarga muhtoj bo‘lib qolgan edi. Aynan shu nuqtai nazardan bir necha oy muqaddam O‘zbekiston engil atletikasi federatsiyasi rahbarligiga Andrey Abduvalievni olib keldik. O‘ylaymanki, uning boy tajribasi yurtimizda ushbu sport turini yangi bosqichga olib chiqishga yordam beradi. Bizning maqsadimiz Tokio Olimpiadasida sport qirolichasi hisoblanmish ushbu yo‘nalishda maksimal darajada litsenziya olish va musobaqada rekord o‘rnatish”, – deydi Umid Ahmadjonov.

O‘z navbatida Osiyo engil atletika assotsiatsiyasi prezidenti Daxlan Al-Hamad janoblari ham yurtimizda olib borilayotgan barcha sohadagi islohatlarga ijobiy fikr bildirib o‘tdi.

Avvalo, O‘zbekistonni islom va sport mamlakati deb bilaman. Shu bois ham yurtingizga tashrif men uchun faxr. Bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan marafonni kuzatib, undagi iliqlikni, ishtirokchilardagi sportga bo‘lgan mehrni ko‘rib quvondim. O‘zbekistonlik engil atletikachilar Osiyoda o‘z o‘rni va mavqeyiga ega. Ayniqsa, Andrey Abduvalievni yaxshi bilaman. Uning tajribasi haqiqatda ham ulkan. Umid qilamanki, o‘zbekistonlik engil atletikachilar bu yil bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati va Tokio Olimpiadasida munosib ishtirok eta oladi”, – dedi Daxlan Al-Hamad.

Shuningdek, Umid Ahmadjonov martabali mehmonga O‘zbekiston engil atletikaning turli musobaqalari, seminarlari va Kongresslarini yuqori saviyada o‘tkazishga tayyor ekanligini ta’kidlab, joriy yilning sentyabr oyida o‘tadigan dunyo birinchiligidan so‘ng Samarqand va Buxoroda xalqaro seminarga mezbonlik qilish taklifini ilgari surdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!