Samarqandda Isroil terma jamoasiga texnik mag‘lubiyat yozildi
Jahon shaxmat olimpiadasi tashkilotchilari Isroilning erkaklar va ayollar terma jamoalari Yom Kipur — yahudiylar uchun muqaddas kun munosabati bilan rasmiy jadvalga muvofiq o‘yin o‘tkazishdan bosh tortgani sababli ularga texnik mag‘lubiyat yozdi.
2026 yilda Yom Kipur (Qiyomat kuni, tavba va kechirim kuni) 20 sentabr kuni quyosh botishi bilan boshlanib, 21 sentabr kechasi yakunlanadi.
Yakshanba kuni erkaklar musobaqasida Singapur, ayollar turnirida esa Kolumbiya terma jamoalari beshinchi tur doirasida Isroil shaxmatchilari bilan uchrashuvlarni oldinroq vaqtda ko‘chirish taklifiga ko‘ngan edi.
Dushanba kuni erkaklar terma jamoasi Niderlandiya, ayollar jamoasi esa Bolgariyaga qarshi o‘ynashi kerak edi. Biroq har ikki raqib ham uchrashuvlarni ko‘chirish taklifini rad etdi. Natijada Isroil jamoalari belgilangan vaqtda doska ortiga o‘tirmadi va 0:4 hisobida texnik mag‘lubiyat qayd etildi.
- 20–21 sentabr kunlari Yom Kipur nishonlanishi munosabati bilan Isroilning erkaklar va ayollar terma jamoalari o‘yinlar jadvaliga o‘zgartirish kiritishni so‘radi. Beshinchi tur uchun ularga partiyalarni standart grafikda ko‘zda tutilgan muddatdan oldinroq yakunlash kerak edi. Oltinchi tur bo‘yicha esa uchrashuvlarni kechroq vaqtda ko‘chirish yoki 22 sentabr kuni — olimpiada nizomiga ko‘ra rasmiy dam olish kunida o‘tkazish taklif qilindi, — deya FIDE matbuot xizmati vakili so‘zlaridan iqtibos keltiradi The Indian Express nashri.
- Oltinchi tur uchrashuvlari yuzasidan FIDE har ikki Isroil jamoasining raqiblari bilan bog‘landi. Ilgarigi turdan farqli o‘laroq, bu safar biror raqib ham rasmiy jadvaldan boshqa vaqtda o‘ynashga rozi bo‘lmadi. Bunday iltimosni rad etish ularning to‘la huquqidir, — deyilgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi izohida.
Eslatib o‘tamiz, birinchi turda Pokiston erkaklar terma jamoasi Isroilga qarshi o‘ynashdan bosh tortgan va shu tariqa 0:4 hisobida texnik mag‘lubiyatga uchragan edi.
Olti turdan so‘ng Isroil erkaklar terma jamoasi umumiy jadvalda 48-o‘rinni, ayollar jamoasi esa 31-o‘rinni egallab turibdi. Musobaqada erkaklar orasida O‘zbekiston, ayollar bahsida esa Xitoy jamoasi peshqadamlik qilmoqda.
Shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonning Samarqand shahrida o‘tkazilmoqda va 27 sentabr kuni yakunlanishi rejalashtirilgan.

Fikrlar