Samvel Babayan: "Andijon" bejizga chempionatda etakchilik qilmayapti"

  • 22 aprel, 2024, 00:37
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogining 2-turidagi “Navbahor” – “Andijon” (2:1) bellashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan ham jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

- Birinchi navbatda “Navbahor” muxlislarini tabriklayman. Juda og‘ir uchrashuv bo‘ldi. Lekin g‘alaba qozondik. O‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, biz juda yaxshi raqibga qarshi o‘ynadik. Ular bejizga chempionatda etakchilik qilishmayapti. O‘yin tashkilotchiligi jihatdan yuqori darajada. Bizdan diqqat-e’tiborini bellashuvga qaratib, bahsga kreativ yondashishimiz talab etilardi. Bugun yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Bunday o‘yin uchun yigitlarga rahmat aytaman. Deyarli uchrashuvning barcha jihatlarida nazorat qilib bordik. Faqat oxirida biroz e’tiborsizligimiz tufayli to‘p o‘tkazib yubordik. Ammo g‘alabani saqlab qoldik. 2:0 hisobida oldinda borayotganimizda ham imkon qadar raqibga o‘yin bermaslikka harakat qildik. O‘ylaymanki, har qanday holatda ham xotirjamlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Jamoamiz yaxshi o‘ynadi va g‘alabaga loyiq edik.

- “Navbahor” keyingi bosqich masalasini hal qildi. Endi keyingi uchrashuvda yoshlarni maydonga tushirib tarkibda rotatsiya qilasizmi?

- Albatta, buni tabiiy va kun savoli deb aytishim mumkin. Har bir uchrashuv mas’uliyatli. To‘g‘ri, biz Kubok musobaqasining keyingi uchrashuvida yoshlarni maydonga tushirsak bo‘ladi. Lekin tajribali o‘yinchilarga ham amaliyot kerak. Ha, biroz rotatsiya qilishimiz mumkin. Ammo chempionat bo‘ladimi, Kubokmi, yuqori natijalar uchun kurashamiz. Chempionat o‘yinlaridan so‘ng bizga Kubok doirasida “Dinamo”, “Nasaf” va “Andijon” kabi yaxshi raqiblar duch kelganidan xursandman. Ularga qarshi yaxshi o‘yinlar ko‘rsatyapmiz. O‘yinlar borasida bir qator salbiy jihatlarimiz bor edi. Bunday bellashuvlar orqali hammasini yaxshilab boryapmiz. “Dinamo” bilan ham yaxshi o‘yin bo‘ladi. O‘sha bahsda vaziyatdan kelib chiqib ayrim yoshlarga imkoniyat beramiz.

- Hamma uchinchi golni kutgandi. Ammo bu bo‘lmadi.Bunga nima sabab bo‘ldi? Charchoqmi yoki 2:1 ni saqlab qolish maqsadida uchinchi golga harakat qilinmadimi?

- Raqib o‘yin boshidagi taktikasini davom ettirdi. Yaxshi himoyalanishdi. Raqib qarshi hujumlarda ko‘proq o‘ynadi. Hisob 2:0 ga etgach, ular oldinga intilishdi. Bu futbol, unda ba’zi narsalar o‘xshaydi yoki aksincha. Ko‘rdinglar, yigitlarimiz qo‘ldan kelganicha harakat qilishdi. Urolmagan gollarimizni keyingi o‘yinga saqlab qo‘ydik.

- Haqnazari nima sababdan maydonga tushmayapti?

- U shug‘ullanishni boshladi. “Surxon”ga qarshi uchrashuvda jarohat olgandi. 15 kun davomida davolandi. Mashg‘ulotlarga yaqinda qo‘shildi va doimiy nazoratimizda.

- Abror Ismoilov o‘yinning oxirgi daqiqalarida charchab qolyapti. Bu yuklama bilan bog‘liqmi?

- Yaxshi tayyorgarlik bo‘lmasa bunday tempdagi o‘yinlarda zo‘r o‘yin ko‘rsatish qiyin bo‘ladi. Abrorga to‘xtalsam, uning harakatlari yaxshi. Jismoniy tayyorgarligi yaxshi bo‘lmasa maydonda yaxshi o‘ynay olmaydi. Uchrashuv tugashiga 10 daqiqa qolganida u jarohat oldi. Agar toliqqan bo‘lganida o‘ynay olmasligini aytardi. Menimcha, yaxshi harakat qildi. Abror barcha jihatlar bo‘yicha yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda.  

- Oddiy vaziyatda “Andijon” gol urdi. Bu nima bilan bog‘liq? Shuningdek, Nikabadze haqida fikringiz?

- Muvozanatni yo‘qotishimiz hisobiga gol o‘tkazdik. Buni ko‘rib chiqamiz. Bir-biriga ishonish natijasida raqib futbolchisi gol urib ketdi. Ikki himoyachi o‘sha vaziyatda bir-birini tushunib o‘ynashi kerak edi. Lekin bunday bo‘lmadi. Nikabadzeni o‘yini bizni to‘liq qoniqtirganida unga ko‘proq o‘yin amaliyotini bergan bo‘lardik. U yaxshi harakat qilyapti. Biroq bugungi “Navbahor”ning darajasi uni asosiy tarkibga tushishga yo‘l qo‘ymayapti. Raqobat bizda kuchli. Mashg‘ulotlarda uni yana kuzatamiz. Bugun u maydonga tushib yomon taassurot qoldirmadi. OChLda qanday vaziyatga tushganimizni yaxshi bilasizlar. Bizga Tabatadzega sherik kerak edi. O‘tgan mavsumda O‘zbekiston chempionatida yomon o‘ynamagandi. Shu sababli jamoamizga taklif qilganmiz. Legionerlar orasida Toma Tabatadze yaxshi harakat qilyapti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!