Sanjar Shoahmedov: "Har bir raqibni hurmat qilamiz, ammo hech kimdan qo‘rqmaymiz"

  • 12.03.2026 09:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

"Metallurg" yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Chempionat startiga bir oydan kamroq vaqt qoldi.

Qur’a natijasiga ko‘ra ilk turda bekobodliklar "Yaypan" klubiga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldi.

Fursatdan foydalanib, klub matbuot xizmati "Metallurg" yetakchilaridan biri Sanjar Shoahmedovning mavsum oldidan fikrlari bilan qiziqdi.  

"Tayyorgarlik juda yaxshi ketmoqda. Mashg‘ulotlar, o‘rtoqlik uchrashuvlari barchasi reja asosida bo‘lmoqda. Tayyorgarlikni Bekoboddagi qarorgohda davom ettiryapmiz. Mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun munosib shart-sharoitlar yaratilgan. Yigitlarning ham kayfiyati a’lo darajada, mashg‘ulotlarni qizg‘in ruhda davom ettiryapmiz.   

Liganing boshqa jamoalari ham yangi mavsumga tayyorlanmoqda. Har bir klub imkon qadar kuchli tarkib shakllantirishga harakat qilmoqda. Hozir bir jamoani qolganlardan kuchliroq, boshqasini esa kuchsiz deyish no‘rin bo‘ladi. Barchasini bevosita o‘yinlar ko‘rsatadi. Jamoalarning asl kuchini hozir aytish qiyin. 

"Yaypan" jamoasi tarkibida ham yaxshi, yosh futbolchilar bor. Ularni tajribali murabbiy G‘ofurov tayyorlamoqda. Bungacha ushbu jamoaga qarshi maydonga tushmaganman. Bu ilk to‘qnashuv bo‘ladi. Umid qilamanki, barchasi biz uchun yaxshi natija bilan yakunlanadi. Buning uchun esa astoydil mehnat qilishimiz kerakligini tushunib turibmiz. Qolgani maydonda hal bo‘ladi. 

Aytib o‘tganimdek, tayyorgarlik a’lo darajada ketmoqda. Chempionatni g‘alaba bilan boshlab olishimiz muhim. Umuman olganda, istalgan raqibga qarshi bahsda g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Har bir raqibni hurmat qilamiz, ammo hech kimdan qo‘rqmaymiz", - dedi Sanjar Shoahmedov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!