Sardor Azmun Eron terma jamoasiga qaytdi
Eron terma jamoasining hujumchisi Sardor Azmun Jahon chempionatidan keyin yana yana milliy jamoaga chaqirildi.
31 yoshli futbolchi bosh murabbiy Amir Galenoi tomonidan O‘zbekiston va Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun tuzilgan 26 futbolchilik tarkibdan joy oldi. Azmun may oyida Jahon chempionati uchun Eron terma jamoasi tarkibiga kiritilmagan. O‘shanda uning tarkibdan chetda qolishi ko‘pchilikni hayron qoldirgandi. Xabarlarga ko‘ra, bunga futbolchining AQSh va Isroil bilan davom etayotgan urush vaqtida ijtimoiy tarmoqdagi posti sabab bo‘lgan va bu Eron rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘lgan.
Azmun yakshanba kuni Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Taj bilan uchrashgani ham aks etgan suratlar e’lon qilindi.
Futbolchi terma jamoaga qaytgandan so‘ng ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida o‘z his-tuyg‘ulari bilan bo‘lishdi:
“Rostini aytsam, his-tuyg‘ularimni so‘z bilan ifodalash qiyin. 2014-yildan bugungi kungacha bu libosda juda ko‘p narsalarni boshdan kechirdim. Keldim, ketdim, tarkibdan chetda qoldim, yana qaytdim.
Ammo hech qachon, hatto terma jamoada bo‘lmagan paytlarimda ham, o‘zimni milliy jamoadan ajralgandek his qilmaganman.”

Hujumchi terma jamoadan uzoqda qolgan davrini ham esladi.
“Men terma jamoani juda ham sogindim. Bugun yana chaqirilganimni bilganimda, xuddi ilk bor terma jamoaga chaqirilgandagi kabi xursand bo‘ldim.
Hech kimdan xafa emasman va hech kimga nimanidir isbotlashim shart emas. Men shunchaki o‘zim sevgan mamlakat uchun bor kuchim bilan yana kurashish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursandman.”
Endilikda hujumchi Eron terma jamoasi bilan O‘zbekistonga qarshi bahsda maydonga tushishi mumkin. Eron ushbu o‘yindan keyin Rossiyaga qarshi ham o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, Azmun Eron terma jamoasi safida 2014-yildan buyon to‘p tepib kelmoqda. U milliy jamoa uchun 91 ta uchrashuvda 57 ta gol urgan.

Fikrlar