Sen ko‘nsang, Bernardo Silva bizda o‘ynaydi
“Manchester Siti” bilan shartnomasi yakunlanayotgan 31 yoshli yarim himoyachi Bernardu Silva kelasi mavsumdan boshlab, “Barselona” sharafini himoya qilishga rozilik berdi.
Bu haqida AS nashri xabar tarqatdi.
Transfer yakunlanish arafasida, ammo hali to‘liq rasmiylashtirilmagan. Klub futbolchi bilan kelishuvga erishib bo‘lgan.
Sport direktori Deku va klub prezidenti Joan Laporta Silvani jamoada ko‘rishni istamoqda, futbolchining o‘zi esa boshqa Yevropa klublarining qiziqishiga qaramay, kataloniyaliklar taklifini tanladi.
Bernardu Silvaga “Atletiko Madrid”, “Benfika”, shuningdek Turkiya, Frantsiya, Italiya va Saudiya Arabistoni klublari chorlov yuborgan edi.
Biroq bitim hali “Barselona” bosh murabbiyi Hans-Diter Flikning tasdiqini olishi kerak. Transfer faqat uning roziligi bilan amalga oshiriladi.
30 iyun kuni Bernarduning “Manchester Siti” bilan shartnomasi yakunlanadi. U 2017 yildan buyon “shaharliklar” safida o‘ynab kelmoqda.
Joriy mavsumda portugaliyalik futbolchi barcha turnirlarda 53 ta o‘yinda qatnashib, 3 ta gol va 5 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.

Fikrlar