
Sensatsiya: Husanovning ustozi “Real”ning eng zo‘r o‘yinchisini oladigan bo‘ldi
Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti”ga Evropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichi o‘tish o‘yinida qit’adagi eng nufuzli musobaqa g‘olibi “Real” ro‘baro‘ keladigan bo‘lgan.
Bu ikki buyuk klub bosh sovrin uchun kurashni davom ettiradigan jamoa nomini 11 va 19 fevral kunlari bo‘ladigan ikkita uchrashuvda aniqlab oladi.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari uchun ahamiyatli tomoni shundaki, “shaharliklar” Chempionlar ligasiga qaydnomasiga Abduqodir Husanovni ham kiritdi. Yangi jamoasi safida ikkinchi uchrashuvdayoq debyut golini urgan legionerimiz murabbiylar shtabi va jamoadoshlari ishonchini oqlay boshladi.
Endi Abduqodir Husanov xalqaro musobaqa doirasida qishda o‘ziga xaridor bo‘lgan “Real Madrid”ga qarshi maydonga tushishi kutilmoqda.
O‘z navbatida, “shaharliklar” ustozi Xosep Gvardiola bo‘lajak ikki uchrashuvda o‘zi olishn ko‘zlayotgan Jud Bellingemning imkoniyatlarini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. bu haqda Ispaniyaning nufuzli manbalaridan biri fichajes.net sayti ma’lum qildi.
- Karlo Anchelotti va uning shogirdlarini qishda tarkibini kuchaytirish uchun 200 million evrodan ziyod mablag‘ sarflagan va endi madridliklar etakchisi Jud Bellingemga ko‘z tikayotgan “Manchester Siti” bilan ayovsiz to‘qnashuv kutib turibdi.
Pep Gvardiola kelasi mavsumda Kevin de Bryuynening o‘rnini egallashi kerak bo‘lgan Jud Bellingemni qo‘lga kiritish uchun yangi harakatlarni amalga oshira boshladi. Ispaniyalik murabbiy avval ham bir necha marotaba Bellingemning iqtidori va salohiyatini yuqori baholab, yaqin kelajakda u bilan ishlash orzusi borligini ma’lum qilgan edi.
“Manchester Siti” rahbariyati va murabbiylari shtabi Kevin de Bryuynening yoshi o‘tib qolayotgani, jismoniy muammolari ko‘pligi, jarohatlarga moyilligi ortib borayotgani va tiklanishi qiyin kechayotganini inobatga olib, shartnomasi yakunlanishi bilan boshqa klublarga ketishiga qarshilik qilmaydigan bo‘lgan.
- Kevin de Bryuyne, shubhasiz, biz uchun asosiy o‘yinchilardan, lekin hamkorlikning davom etishi juda ko‘p omillarga bog‘liq bo‘ladi, - degan edi Xosep Gvardiola.
Aksincha, “shaharliklar” bir necha yildan beri jamoada o‘ynab kelayotgan o‘z yulduzlari o‘rniga iste’dodli, tezkor, kurashuvchan yangi avlod vakillarini olib kelish siyosatini boshlab yubordi. Ana shu reja asosida yanvarda jamoaga Abduqodir Husanov, Vitor Reys, Umar Marmush va Niko Gonsales olib kelindi.
Jud Bellingemning o‘zi Madridga uzoq yillar davomida o‘ynash uchun kelgandi. Biroq yozda jamoaga Kilian Mbappe qo‘shilganidan keyin “Real”dagi debyut mavsumida jamoaning asosiy figurasiga aylangan angliyalik futbolchi o‘z-o‘zidan ikkinchi planga o‘tdi. Bu holat Bellingemga yoqmadaginini joriy mavsumning birinchi qismida bir necha bor jamoadagi vaziyatdan norozi bo‘lganidan bilib olish mumkin.
Transferlar bo‘yicha ekspertlar ham Jud Bellingemni “Real”dan olib ketish oson bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Chunki “Qirollik klubi” hech bir jihatdan “Manchester Siti”dan qolishmaydi. Ammo futbol biznesga aylanib ketgan bugungi kunda oldindan biron nima, deb bo‘lmaydi. Bugun katta mablag‘ bilan imkonsiz ishlarni uddalash ehtimoli katta. “Manchester Siti”da esa, pul sanash bo‘yicha hech qanday muammo, kamchilik, etishmovchilik bo‘lmaydi...
Fikrlar