
Shavkat Salomov: "Futbolchilarni Superligadan Pro ligaga olib kelib o‘ynatish oson emas"
"Buxoro" matbuot xizmati jamoaning etakchi futbolchisi Shavkat Salomov bilan klubning mavsumga tayyorlanish jarayoni bilan tanishish maqsadida u bilan kichik suhbat uyushtirdi.
– Assalomu alaykum Shavkat aka, jamoa sardori sifatida, siz orqali jamoaning ichki muhitini bilmoqchi edik, bu haqda nimalar deya olasiz.
- Avvalambor assalomu aleykum, ichki muhit ajoyib, yuqori jabhada mavsumga tayyorgarlik olib borilyapti. Yaqinda Toshkent shahrida o‘quv mashg‘ulotlatlarning birinchi bosqichini yakunlab qaytib, endilikda o‘zimizning mashg‘ulot bazamizda ikkinchi bosqichni davom ettiryapmiz. Barchamizning maqsadimiz yagona mavsumni yuqori notada o‘tkazib, superligaga yo‘llanma olish. Bu borada viloyat hokimimiz va jamoa rahbariyati bizga maksimal darajada ko‘mak berib kelishyapti.
– Oxirgi kunlarda jamoa atrofida bo‘layotgan gap-so‘zlar haqida fikringiz.
- Nima ham der edim? Gap-so‘zlar oldin ham bo‘lgan keyin ham bo‘laveradi (kuladi) Men bir narsani muxlislardan so‘rar edim, har bir chiqqan gap-so‘zlarga darrov ishonib ketaverishmasin, vaqt oliy hakam, ozgina sabr qilishsa, haqiqat o‘z bo‘yini ko‘rsatadi. Jamoada ichki muhit ajoyib, futbolchi sifatida meni hamma narsa qanoatlantiryapti. Murabbiy masalasiga kelsak, Davron aka bilan oilaviy muammo bo‘lib qolgan, biroz muddatga, bu hol hammada ham ro‘y beradi. 3-4 kun biz bilan birga bo‘lolmadi xolos. Lekin meni xursand qilgan jihati, muxlislarining jamoaga befarq bo‘lmaganliklari, Davron akaning yo‘qligini bilib, har kuni desam yolg‘on bo‘lmaydi, kamida 30-40 kishi bo‘lib Davron akani yo‘qlab kelib, u kishiga nisbatan xavotirlarini bildirib turishdi. Bir narsaga yana bir bor amin bo‘ldimki, jamoamiz muxlislari e’tiborli va jamoani juda ham qattiq qadrlashadi, futbolni juda ham sevishadi, o‘z suyuklilarini yolg‘izlatib qo‘yishmaydi. Bunday muxlislari bor jamoada, to‘p surayotganimdan xursandman.
– Bu yil yangi jamoa tuzildi, yangi rahbariyat, ular olib borayotgan ishlar haqida fikringiz.
- Men o‘tgan safargi intervyularimda ham buni takidlab o‘tganman, viloyat hokimimiz va u kishining yordamchilari, jamoamizning yangi rahbarlariga o‘z tashakkurimni bildiraman fursatdan foydalanib. PRO ligadan Superligaga chiqishimiz uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishlarni biz uchun qilishyapti. Sharoitlarimiz a’lo darajada desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Rahbariyat yaxshi ish olib boryapti, ular vazifani bajara oladigan futbolchilarni jamoaga olib kelishyapti, hali nasib qilsa jamoamizni kuchaytirish yo‘lida transferlar davom etadi. To‘g‘ri, bu yo‘lda ularga ham oson emas futbolchilarni Superligadan, PRO ligaga keltirib o‘ynatish, sir emas, bu erda juda katta mablag‘ ham sarf bo‘ladi.
Yana bir bor jamoa rahbarlariga katta rahmat.
– PRO ligada yangi mavsum boshlanishiga ham, sal vaqtlar qolyapti, jamoamizning imkoniyatlari xaqida ikki og‘iz.
- Xudo xoxlasa, boshlanadigan mavsumda superliga yo‘llanmasini olish uchun kurashamiz, bunga kuchimiz ham, iqtidorimiz ham etadi deb o‘ylayman. Jamoamiz bir katta oilaga aylanib bo‘lgan, bir musht bo‘lib oxirigacha birgalikda kurashamiz. Fursatdan foydalanib yana bir bor jamoamiz rahbarlariga va jonajon muxlislarimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Fikrlar