
Shaxmat. Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirning 5-turi yakunlandi
Toshkent shahrida Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir davom etmoqda.
A guruhi. 5-tur
A guruhining eng markaziy uchrashuvi so‘zsiz Shamsiddin Vohidov va eronlik Amirreza Pourramezanali o‘rtasida kechdi. Musobaqa yakka peshqadamini aniqlab beradigan mazkur bahsda, hamyurtimiz oq donada raqibini mag‘lub etdi. Guruh peshqadamligiga da’vogarlik qilayotgan yana bir shaxmatchimiz Nodirbek Yakubboev ikkinchi o‘rinda borayotgan braziliyalik Alexandr Fierga imkoniyatni boy berdi.
Armanistonlik Karen Grigoryan ukrainalik xalqaro master Anton Sitnikovni engib, uchinchi o‘ringa chiqib oldi. Umidli yosh shaxmatchimiz Umida Omonova tajribali Akmal Fayzullaevga imkoniyatni boy berdi.
Yana bir umid bildirayotgan shaxmatchimiz Abdimalik Abdisalimov Rossiya vakili Sergey Ivanovga yutqazgan bo‘lsa, ozarbayjonlik grossmeyster Azer Mirzoev Tojikiston vakili Muhammad Husenkhojaevga imkoniyatni boy berdi.
Musobaqa jadvalida braziliyalik Alexandr Fier 4. 5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Huddi shuncha ochko jamg‘argan hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra ikkinchi o‘ringa joylashgan.
B guruhi
Markaziy bahsda Muhammadali Ibrohimov va Temur Shernazarov o‘zaro bellashishdi. Mag‘lubiyatsiz odimlayotgan har ikkala shaxmatchi durangga rozi bo‘lishdi. 12 yoshgacha O‘zbekiston chempionatida o‘zini ko‘rsatgan Bahrom Bahrillaev qora donalarda Bobur Boboho‘jaev bilan durangga imzo chekdi.
Yana bir qiziqarli kechgan bahsda Server Abduraimov Sherzod Samandarov bilan qora donalarda musobaqadagi ikkinchi durangini rasmiylashtirdi. Samarqandlik Afruza Hamdamova turnir etakchilaridan biri Murodullo Ibodullaevga qarshi dona surdi. Qiziqarli o‘tgan bahsda musobaqaning ikkinchi raqamli o‘yinchisi Ibodulla, ko‘hna shahar vakilasiga imkoniyatni boy berdi.
Qizg‘izistonlik Tilekmatali Sulaimanov hamyurtimiz Komiljon Haydarovga engilgan bo‘lsa, o‘zbekistonlik Akbarali Abduhakimov, birinchi turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng ketma-ket to‘rtinchi g‘alabasini Shohjahon Sayfullaevga qarshi bahsda qo‘lga kiritdi.
Musobaqa jadvalida 4,5 ochkoga ega to‘rt nafar shaxmatchi orasida faqatgina qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra Muhammadali Ibrohimov etakchilik qilmoqda. Keying turda ushbu to‘rt o‘yinchi o‘zaro bellashishini hisobga olsak, musobaqa jadvalida yakka peshqadam paydo bo‘lishi tahmin qilishimiz mumkin.
Fikrlar