Shayxlar Kolumbiya - O‘zbekiston o‘yini qahramonini rekord summaga oladi
Saudiya Arabistonining mashhur klubi «Al-Hilol» rahbariyati «Bavariya» jamoasida to‘p surayotgan kolumbiyalik hujumkor vinger Luis Diasni o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqida Goal.com nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, saudiyaliklar avvalo futbolchining o‘zi bilan kelishib olishni ko‘zlamoqda. «Al-Hilol» Diasga yiliga taxminan 25 million yevro maosh taklif qilishga tayyor. Agar futbolchi rozilik bersa, shundan so‘ng klub «Bavariya» bilan rasmiy muzokaralarni boshlaydi. Manbalarga ko‘ra, transfer uchun to‘lanadigan summa 100–130 million yevro atrofida bo‘lishi mumkin.
Agar kelishuv amalga oshsa, Luis Dias Saudiya Arabistoni chempionati tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylanadi. Hozirgi rekord braziliyalik yulduz Neymarga tegishli: 2023 yilda «Al-Hilol» uni PSJdan sotib olish uchun taxminan 90 million yevro sarflagan edi.
Shuningdek, manbalar «Al-Hilol»ning joriy transfer oynasi uchun 300 million yevro atrofida byudjetga ega ekanini qayd etmoqda. Shu bois, Luis Diasning ehtimoliy transferi klub uchun yagona yirik xarid bo‘lib qolmasligi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Luis Dias 2026 yildagi jahon chempionatida Kolumbiya milliy terma jamoasi safida O‘zbekistonga qarshi o‘ynab, O‘tkir Yusupov darvozasini ishg‘ol qilgan edi.

Fikrlar