Shomurodov ikki gol bilan kurashga qaytdi! To‘purarlar poygasida vaziyat qanday?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov professional faoliyati davomidagi eng sermahsul mavsumini o‘tkazmoqda.
Italiyadagi faoliyatidan keyin Turkiya Superligasiga ko‘chib o‘tgan 30 yoshli hujumchi yangi ligaga juda tez moslashdi va to‘purarlik mahoratini namoyish qilib kelmoqda.
Aslida Eldor “Istanbul Boshakshehir”ga ko‘chib o‘tganidan keyin chempionat o‘yinlarida muntazam to‘p kiritib, ma’lum muddat to‘purarlar bahsida yakka peshqadamlik qildi. Biroq legionerimiz Superliganing oxirgi beshta uchrashuvida maydonni golsiz tark etdi.
Buning oqibatida to‘purar poygasidagi asosiy raqobatchisi Pol Onuachu barqarorligigi evaziga golli sonini 22 taga yetkazib, Shomurodovdan anchagina oldinga o‘tib oldi. Shu bilan birga nigeriyalik forvard gollaridan oltitasini penaltiidan kiritdi.
Turkiya chempionatining 29-turiga kelib, o‘zbek hujumchisi besh o‘yindan iborat quruq seriyasiga yakun yasadi. “Genchlerbirligi” jamoasini o‘z maydonida qabul qilgan istanbulliklar uchrashuvning 9-daqiqasida Eldor Shomurodovning aniq zarbasi evaziga hisobni ochdi. Oradan yarim soat o‘tib, forvardimiz uchrashuvdagi ikkinchi golini kiritdi. “Boshakshehir” 3:0 hisobida g‘alaba qozonayotganini inobatga olib, Nuri Shahin 80-daqiqada uchrashuv qahramoni Shomurodovni zahiraga olgani bois, hamyurtimiz dubly bilan kifoyalandi.
Shu tariqa, Eldor Shomurodov Turkiya Superligasidagi umumiy gollari sonini 18 taga yetkazib oldi.
Umuman olganda, to‘purarlar poygasi so‘nggi turgacha qizg‘in kechishi kutilyapti. Eldor buyog‘iga Pol Onuachuga yetib olishga harakat qiladi. “Trabzonspor” hujumchisi Superligada ko‘p gol urish bo‘yicha rekord o‘rnatish payida.
Bu ikki yetakchini 13 tadan to‘p kiritgan mashhur yulduzlar – “Galatasaroy” hujumchisi Mauro Ikardi va “Fenerbahche” forvardi Taliska ta’qib qilib kelmoqda.
Ta’kidlash joizki, Shomurodovning to‘purarlar poygasida g‘olib chiqishiga qo‘shimcha omillar ham to‘sqinlik qilishi mumkin. Chunki “Oltin butsa” reytingida dastlabki to‘qqizta qatorni egallagan futbolchilarning yetti nafari chempionatning eng qudratli uch klubi – “Galatasaroy”, “Fenerbahche” va “Trabzonspor” vakillaridir
Musobaqa jadvalidа dastlabki uch pog‘onani egallab turgan va chempionlik uchun kurashayotgan bu jamoalarning hujum chizig‘i, forvardlarni assist bilan ta’minlayotgan kreativ o‘yinchilari “Istanbul Boshakshehir”nikidan ancha kuchli ekanini e’tirof etish kerak.
E’tiborli jihati shundaki, Eldor Shomurodov Turkiya Superligasidagi jami 17 ta raqib jamoaning deyarli har biriga gol urmoqda. 30 yoshli o‘zbek hujumchisi 14 ta jamoa, ya’ni “Beshiktosh”, “Alanyaspor”, “Konyaspor”, “Galatasaroy”, “Antalyaspor”, “Kozhaelispоr”, “Genchlerbirligi”, “Trabzonspor”, “Kasimpasha”, “Samsunspor”, “Gaziantep”, “Fotih Karagyumryuk”, “Rizespor” va “Eyupsor”darvozasini ishg‘ol qildi.
Endi Eldor Shomurodov gol ura olmagan bitta jamoa qoldi. Hamyurtimiz “Fenerbahche”ga chempionatning ikkinchi yarmidagi o‘yinda to‘p kiritishga harakat qiladi. “Kayserispor” va “Gyoztepe” esa, chempionatning har ikki o‘yinida Shomurodovning gol urishiga yo‘l bermagan jamoa bo‘lib qoldi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, Eldor Shomurodov yuqori samaradorlik namoyish etmoqda va “Oltin butsa” uchun kurashda oxirigacha kurashishni maqsad qilgan. Qolaversa, Shomurodov 2026 yildagi jahon chempionatiga eng zo‘r sport formasida yetib borigi O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun juda muhim hisoblanadi.
Fikrlar