
Shomurodov muxlislariga yoqadigan gap bo‘ldi!
Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Manchester Siti” Evropa Chempionlar ligasini tark etganidan keyin Eldor Shomurodov qit’a miqyosidagi nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etayotgan yagona o‘zbek futbolchisi bo‘lib turibdi.
29 yoshli hujumchimiz “Roma” safida Evropa ligasi bosh sovrini uchun kurashni davom ettirmoqda. Tez orada “bo‘rilar” 1/8 finaldagi raqibini bilib oladi.
“Roma” mavsum boshidanoq tarkib masalasida jiddiy muammolarga duch keldi. Klub rahbariyati ikki marotaba bosh murabbiyni alishtirishiga to‘g‘ri keldi. Tarkib ham bir necha marotaba almashdi.
Nihoyat, jamoa boshqaruviga Klaudio Raneri kelganidan keyin jamoaning ichida ham, natijalarida ham ijobiy o‘zgarishlar davom etmoqda. Buning samarasida rimliklar A Seriya musobaqa jadvalida ko‘tarila boshladi, Evropa ligasida yurishini davom ettirmoqda.
“Roma” va Italiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Rujero Ritstsitelli rimliklarning asosiy hujumchisi Artyom Dovbikning ishga bo‘lgan munosabatini keskin tanqid qilib, unga bu masalada o‘zbekistonlik forvard Eldor Shomurodovni o‘rnak qilib keltirdi.
- Keyingi mavsumda “Roma”ga to‘purar hujumchi juda zarur bo‘ladi. Chunki Artyom Dovbik kutilgan ishonchni oqlamayapti. Men undan juda ko‘p narsa kutgandim. Jamoaga kelganidan beri ukrainalik hujumchi raqiblarni jiddiy tarzda bezovta qila olmayapti.
Hozir esa, suvdan chiqqan baliqqa o‘xshab qolgan, na o‘yinlarda qatnashadi, na o‘zini ko‘rsatishga harakat qiladi. Jamoaga yordami tegmayapti.
Eldor Shomurodov unga nisbatan ancha kam o‘yin vaqtiga ega bo‘lsa-da, maydonga tushishi bilan kurashyapti, jang qilyapti, jamoa uchun borini beryapti. Aynan mana shu munosabatni biz Artyom Dovbikda ko‘rayotganimiz yo‘q.
Bizga bir mavsumda kamida 20 ta gol ura oladigan etakchi hujumchi kerak. Jamoa istaganicha futbol o‘ynashi mumkin, lekin gol uradigan odam bo‘lmasa, hech qaerga etib borolmaydi, - dedi Rujero Ritsitelli.
Ta’kidlash joizki, “Roma” o‘tgan yili Ispaniya chempionatida “Jirona” sharafini himoya qilib, 24 ta gol bilan La Liganing eng zo‘r to‘purari bo‘lgan ukrainalik hujumchini 30,5 million evroga transfer qilgan edi.
Biroq Artyom Dovbikning Italiyadagi harakatlari kutilganidek chiqmadi. 27 yoshli hujumchi barcha turnirlarda 33 marotaba maydonga tushib, jami 2425 daqiqa to‘p tepdi. Bu vaqt ichida 13 ta gol va to‘rtta assist qayd etdi.
“Roma”ning ikkinchi markaziy hujumchisi Eldor Shomurodov esa, A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasi kabi uchta turnirda 22 ta o‘yinda qatnashganiga qaramay, umumiy hisobda 672 daqiqa o‘ynadi xolos. Bu qayt ichida legionerimiz uchta gol va ikkita assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar