Shomurodov o‘ziga xaridor bo‘lgan jamoaga qarshi o‘ynaydi

  • 20 fevral, 2021, 07:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

20 fevral kuni A Seriyaning 23-tur uchrashuvlari davom ettiriladi. Eldor Shomurodov jamoasi o‘z maydonida “Verona” futbolchilarini qabul qiladi.

Tecno

Italiya chempionatini kuzatib borayotgan muxlisu mutaxassislar “Jenoa”ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga e’tibor qaratgan bo‘lsa kerak. Davide Ballardini shogirdlari olti turdan beri raqibdan ochko olishni uddalamoqda. Genuyaliklar mag‘lubiyatsiz seriya bo‘yicha “Inter” bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi.

144691243_4269242479753306_6414720203116518849_o

Bundan tashqari, “Jenoa” so‘nggi paytda ligada eng kam gol o‘tkazayotgan jamoaga aylangan. Shomurodov jamoasi so‘nggi oltita o‘yindan faqat bittasida – “Napoli”ga qarshi uchrashuvda o‘z darvozasidan bir marta to‘p olib chiqdi. Mattia Perin beshta o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.  Oltita uchrashuvda “Bolonya”, “Kalyari”, “Krotone” va “Napoli” mag‘lub etildi, “Atalanta” va “Torino” maydonidagi o‘yinlarda hisob ochilmadi. Ko‘rinib turibdiki, keyingi paytda genuyaliklar har qanday raqibdan ochko olishni uddalamoqda. Shunga yarasha jamoa musobaqa jadvalida muntazam ko‘tarilib, hozircha 11-pog‘onadan joy oldi. Yaqinda jadvalning eng quyi qatorida turgan “Jenoa” xavfli hududdan o‘n ochko farq bilan uzoqlashdi.

“Verona” yozgi transferlar vaqtida Eldor Shomurodovni olishga da’vogar bo‘lgan jamoalardan biri edi. A Seriya vakillaridan “Fiorentina” ham o‘zbek futbolchisini o‘ziga chorlagani haqida xabarlar tarqatilgan. Biroq, “Rostov”ga “Jenoa” taklifi ma’qul keldi, Eldor ham bu jamoani tanlab adashmagan ko‘rinadi.

Veronaliklar ayni paytda musobaqa jadvalida genuyaliklardan yuqorida. Jamoa 33 ochko bilan to‘qqizinchi o‘rinda. Kuchli himoyaga ega bo‘lgan “Verona” aslida Evrokubok yo‘llanmalari uchun kurashish imkoniga ega edi. Biroq, jamoaga barqarorlik etishmayapti. “Verona” yangi yildan beri “Spetsiya”, “Krotone” va “Napoli”ni mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, “Udineze”, “Roma”, “Bolonya”ga yutqazib qo‘ydi, “Torino” bilan ochko bo‘lishdi.

Yana bir jihat, har ikki jamoa darvozabonlari qaytarilgan zarbalar foizi bo‘yicha A Seriyada etakchi hisoblanadi. Mattia Perin o‘z darvozasiga yo‘llangan zarbalarning 74 foizini qaytargan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Marko Silvestrida 73 foizni tashkil qilmoqda.

Xullas, bir-biriga munosib ikki jamoa to‘qnash keladi. O‘zaro o‘yinlar statistikasidagi katta ustunlik “Jenoa” tomonida. Genuyaliklar veronaliklar bilan 45 marta kuch sinashib, shulardan 21 tasida zafar quchgan, 13 ta bahsda g‘olib aniqlanmagan va 11 ta uchrashuvda “Verona”ning qo‘li baland kelgan. To‘plar nisbati 87:42 – “Jenoa” foydasiga. Oxirgi o‘zaro o‘nta o‘yinda genuyaliklar oltita g‘alaba va ikkita durang qayd etgan.

Biz uchun muhim masala esa, Eldor Shomurodovning o‘yinda ishtirok etish imkoniyati. “Jenoa” bosh murabbiyi Davide Ballardini hamyurtimizni “Verona”ga qarshi uchrashuv qaydnomasiga kiritdi. Avvalgi turda qariya Goran Pandev boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, Shomurodov zaxirada qoldirilgan edi. Biroq, makedoniyalik hujumchi birinchi bo‘limdan so‘ng, o‘rnini o‘zbek hujumchisiga bo‘shatib berdi.

Ko‘pchilik muxlisu mutaxassislar “Verona”ga qarshi bahsda asosiy tarkibda Eldor Shomurodov va Mattia Destro juftligi to‘p tepishini taxmin qilmoqda. Aksariyat saytlar ham taxminiy tarkibda hujumga Eldor va Destroni qo‘ymoqda.

145182764_4269241283086759_5350913619068842543_o

Ballardinining yakuniy qarori qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Biz esa, Shomurodovning maydonga tushishiga umid qilgan holda, undan A Seriyadagi uchinchi golni kutamiz...

“Jenoa” va “Verona” o‘rtasidagi o‘yin Toshkent vaqti bilan 22:00da boshlanadi.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!