Shomurodov transferi bo‘lmaydi!
Bir necha hafta davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Istanbul Boshakshehir” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov transferini amalga oshirish imkoniyatini o‘rgangan “Trabzonspor” bu g‘oyasidan voz kechishga majbur bo‘ldi.
Bu haqida Turkiyadagi nufuzli manba – haber61.net sayti xabar tarqatdi.
“Trabzonspor” bosh murabbiyi Fotih Tekke jamoasida 31 yoshli o‘zbek to‘purarini ko‘rishni istayotganini ochiq aytdi. U “Eldor Shomurodov mening o‘yin strategiyamga juda yaxshi mos tushadi”, deb bayonot bergan.
Shundan keyin klub mutasaddilari bu transferni amalga oshirishning turli variantlarini o‘rganib chiqish maqsadida “Boshakshehir” rahbariyatiga murojaat qilgan edi.
Turli manbalarda qayd etilishicha, “Istanbul Boshakshehir” Superliganing amaldagi to‘purarini 15-20 million yevro atrofida baholagan. Oxirgi paytda “Trabzonspor” Eldor Shomurodovni qo‘lga kiritish uchun transfer savdosiga turkiyalik hujumchi Umut Nayir yoki fransiyalik tayanch yarim himoyachi Batista Mendini qo‘shishni taklif qildi va shuningdek, Istanbul klubiga 5 million yevro pul to‘lashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Eldorning transferi bo‘yicha o‘tkazilgan muloqotlar davomida Istanbul klubi Shomurodov uchun talab qilayotgan transfer puli va futbolchining maosh bo‘yicha kutilmalar “Trabzonspor” rahbariyati tomonidan juda yuqori, deb baholandi.
Moliaviy intizomdan voz kechishni istamagan “Trabzonspor” rahbariyati shundan so‘ng transfer jarayonini to‘xtatib turish va futbolchi bo‘yicha rasmiy qadam tashlamaslikka qaror qildi.
Turkiya futboli ekspertlari bundan avval ham, Eldor Shomurodovning Nuri Shaxin jamoasidagi ahamiyati juda yuqori ekanini e’tirof etib, Istanbul klubi xo‘jayinlari liganing eng yorqin to‘purarlaridan birini osonlikcha qo‘yib yubormasligini ta’kidlagan edi.
Darhaqiqat, o‘zbek forvardining o‘zi ham Turkiya chempionatining yangi mavsumidagi dastlabki ikki o‘yinda raqiblar darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilib, bu mavsum ham “Boshakshehir” tarkibida asosiy rolda o‘zi bo‘lishini yana bir karra isbotlab qo‘ydi.

Fikrlar