Shomurodov yakshanba kuni boshqa klubga o‘tishi kutilmoqda. Jamoa nomi ma’lum!
“Roma” qishki transferlar vaqtida tarkibda jiddiy o‘zgarishlar qilmoqda. Rimliklar hozircha ikki nafar yangi o‘yinchi – tajribali darvozabon Perluiji Gollini va yosh himoyachi Devayn Renshni olganini rasman e’lon qildi.
Gollini “Atalanta”dan 800 ming evroga olingan bo‘lsa, “bo‘rilar” o‘ng qanot himoyachisi Rensh uchun “Ayaks” hisobiga 5 million evro o‘tkazib berdi.
“Roma”ning asosiy maqsadi markaziy hujumchi olish bo‘lib qolmoqda. Buning uchun Eldor Shomurodov o‘z o‘rnini bo‘shatib berishi talab etiladi. Bosh murabbiy Klaudio Raneri Evropa Ligasi doirasida “AZ Alkmaar”ga qarshi o‘tgan bahsda o‘zbek futbolchisi xizmatidan foydalanmaganidan keyin Eldor Shomurodov Rimni tark etishi haqidagi gap-so‘zlar ko‘payib ketdi.
Italiya matbuotining yozishicha, 29 yoshli hujumchi uchun kurashda favoritlar bir necha marotaba o‘zgardi. Ayni paytda o‘zbek legioneriga “Kalyari”, “Empoli” hamda “Venetsiya”dan jiddiy qiziqish bo‘lib turibdi.
Bu jamoalar orasida “Venetsiya”ning imkoniyati yuqori baholanmoqda.
- “Venetsiya” o‘z hujum chizig‘ida katta o‘zgarishlar qilishga bel bog‘lagan. Jamoa to‘purari Joel Poxyanpalo “Palermo”ga ko‘chib o‘tishga yaqin. Eusebio Di Franchesko bosh murabbiylik qilayotgan jamoa transferlar bo‘yicha aloqalarini faollashtirdi.
Jamoa ko‘z tikkan forvardlar orasida Eldor Shomurodov favorit. Keyingi o‘rinda Andrea Belotti turibdi. Yana bir nomzod – ilgari “Milan”da o‘ynagan va hozir “Leyptsig” a’zosi hisoblangan Andre Silvani olish venetsiyaliklarga etarli darajada og‘irlik qilmoqda. Chunki unga Italiya, Germaniya va Angliyaning boshqa klublaridan takliflar bor, -deb yozdi Corriere dello Sport gazetasi.
Taniqli insayder Janluka Di Martsio o‘zining gianlucadimarzio.com saytida bu ma’lumotlarni tasdiqladi.
- “Venetsiya” bosh murabbiyi Eusebio Di Franchesko aynan Eldor Shomurodov nomzodida to‘xtaldi. Venetsiyaliklar “Roma”ning 14-raqamli hujumchisi transferini yakshanba kuni – 26 yanvarda yakunlaydi.
Garchi o‘zbek hujumchisiga “Empoli” ham qiziqayotgan bo‘lsa-da, u faoliyatini “Venetsiya”da davom ettirish imkoniga ega. “Venetsiya” Eldorning yakuniy tasdig‘ini kutyapti. Ular “Roma” bilan futbolchini keyinchalik sotib olish majburiyati bilan yarim yilga ijaraga olishga kelishgan, - deb ma’lumot berdi Janluka Di Martsio.
Demak, manbalar tarqatayotgan ma’lumotlarga qaraganda, transferning amalga oshishi Eldor Shomurodovning qaroriga bog‘liq bo‘lib turibdi. Qishki transferlar oynasi yopilishiga bir necha kun vaqt qoldi. Tez orada Italiyadagi legionerimiz faoliyatini qaysi klubda davom ettirishi aniq bo‘ladi.
Fikrlar