Shomurodovni shaxsan taniydigan Mourino Eldor bilan Italiyada uchrashishi mumkin!

  • 27.04.2021 05:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Joze Mourino barcha murabbiylar orasida o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Portugaliyalik mutaxassis futbolchi sifatida e’tirofga arziydigan hech qanday natijaga erishmagan. Professional faoliyati ham atigi olti yil davom etib, bu davrda to‘rtta jamoada o‘ynagan xolos. Bu jamoalardan faqatgina “Rui Avi” va “Belenensesh”ni asosan Portugaliya chempionatiga qiziqadigan va uni kuzatib boradigan muxlislar biladi xolos.

Lekin murabbiylik borasida Mourinoning omadi chopgan. 1994 yili angliyalik mashhur futbolchi va murabbiy ser Bobbi Robson “Portu”ga bosh murabbiy etib tayinlanganida, ingliz tilini biladigan Jozeni o‘ziga yordamchi murabbiy va tarjimon qilib olganida Mourinoning boshiga baxt qushi qo‘ngan edi.

04

Ser Bobbi Robson ikki yildan keyin “Barselona” bosh murabbiyi bo‘ldi, yordamchisi va tarjimoni Mourinoni ham Kataloniyaga taklif qildi. Keyinroq, angliyalik murabbiyning o‘rnini egallagan Lui van Gal ham Jozeni o‘ziga yordamchi qilib olib qoldi va ikkinchi darajali turnirlarda jamoani boshqarishiga ruxsat berdi.

Qimmatli tajriba to‘plagan Mourino 2000 yilda “Benfika”ni qabul qildi va mustaqil tarzda ish boshladi. Uning Lissabon klubi rahbariyatidan o‘z ishiga aralashmaslikni talab qilishi, uch yarim oy deganda iste’foga chiqarilishi bilan yakunlandi.

Hech kim tanimaydigan murabbiy “Portu”ni boshqargan davrda Evropa Chempionlar ligasida g‘olib chiqqanidan keyin mashhur bo‘lib ketdi. Evropaning grand klublari uning xaridoriga aylandi.
O‘z xarakteriga ega murabbiy shundan beri faqat oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan grand klublarda ishlab kelmoqda. Mourino “Chelsi”da ikki marta, shuningdek, “Inter”, “Real”, “Manchester Yunayted” va “Tottenxem”da bosh murabbiy bo‘ldi. “Portu” bilan qo‘lga kiritilgan yutuqlari qatoriga uch marta Angliya, ikki marta Italiya chempionligi va Chempionlar ligasi bosh sovrini, Ispaniya chempionati g‘olibligi va milliy hamda xalqaro miqyosdagi turli kubok va Superkuboklarni qo‘shib qo‘ydi.

Lekin bir jihat borki, u qaysi jamoada ishlamasin, o‘zining injiq xarakteri tufayli klub rahbariyati, xodimlari va futbolchilar bilan kelisha olmay qolishi odatiy hol. U jamoaning yulduzlari boshqalar oldida izza qilishni xush ko‘radi. Qator mashhur futbolchilarni zaxiraga mixlab qo‘ygani bor gap. Shu bilan birga, hech kim ishonmagan o‘yinchilarni yulduzga ham aylantirib yuborishi mumkin.

detail_8b0e54c751d0983cdb051f22296ff4ab_1

Xullas, “Tottenxem”ni chempion qilishi yoki kamida Evropa Chempionlar ligasiga olib chiqishi kutilgan Mourino o‘z shogirdlari bilan kelishmovchiliklarga kirishib ketdi, ichki muhit buzildi va jamoa joriy mavsumda o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadlaridan chalg‘ib ketdi. Klub rahbariyati noroziligini Joze Mourino uchun kutilmagan bir paytda uni iste’foga chiqarish bilan namoyish qildi.

Mana, Joze yana ishsiz. Lekin unga takliflar ko‘payib bormoqda. Xususan, “Yuventus”ning qariyb o‘n yillik gegemoniyasiga barham bergan va joriy mavsumda Italiya chempionligiga yaqin turgan “Inter” klubi rahbariyati transferlar borasidagi kelishmovchiliklar tufayli amaldagi bosh murabbiy Antonio Konte o‘rniga aynan Joze Mourinoni olib kelmoqchi.

Portugaliyalik murabbiy 2008-2010 yillar davomida milanliklarni boshqargan va uning qo‘l ostida jamoa beshta yutuq – ikki marta skudettoni, bir martadan Italiya kubogi va Superkubogi, Evropa Chempionlar ligasining bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.

mourino_2

Biz uchun qiziq tomoni esa, Mourino A Seriyaga keladigan bo‘lsa, o‘zi yaxshi taniydigan Eldor Shomurodovning o‘yinlarini bevosita kuzatishi mumkin bo‘ladi. (Ehtimoli juda kam bo‘lsa ham, balki yoniga chaqirishini kutamiz).

Eldor Shomurodov jurnalistlarga bergan intervyusida mashhur murabbiy bilan qanday tanishganini aytib bergandi.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan Samvel Babayan taniqli sport menejeri German Tkachenkoga mening o‘yinimni ko‘rishni taklif qilgan. German o‘yinga keldi, bahsdan so‘ng, uchrashdik, gaplashdik. Tkachenko menga uchrashuvga Mourino kelishini aytmagandi. Syurpriz bo‘ldi. Biz stol atrofida o‘tirgan edik. Mourino kirib keldi. Avvaliga ishonmadim, keyin salomlashdik va biroz gaplashdik. Tkachenko meni Osiyo chempionatida o‘ynaganimni va gol urganimni aytdi. Mourino esa, bularning barini bilar ekan, - degan edi Eldor Shomurodov.

xWai7nVUoQmed4fzDKfPQ3beFNkAW9_normal

Xullas, Italiyada eski tanishlarning yangi uchrashuvi ro‘y berishi mumkin. Buning uchun Mourino A Seriyaga qaytishi, Shomurodov esa o‘z gollari bilan raqib jamoalarning ham e’tiborida turishi lozim.

Ular Shomurodovdan o‘rnak olsin!

O, Eldor, sen juda tezkor ekansan!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Marufjon
27/04/2021 06:15
Яхши ният