Shomurodovning ustozi terma jamoani boshqarishga yordam beradi

  • 28.07.2026 18:49
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Italiya Futbol federatsiyasi prezidenti Jovanni Malago milliy terma jamoaga endi Roberto Manchini va Klaudio Ran’yeri rahbarlik qilishini ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga koʻra, 61 yoshli Roberto Manchini bosh murabbiy lavozimini egallaydi. 74 yoshli Klaudio Ran’yeri esa «Skuadra Adzurra»da menejer sifatida ishlaydi, rasmiy lavozimi esa «texnik direktor» deb yuritiladi.

- Vaqt juda kam edi, shu bois bosh murabbiy lavozimi uchun eng toʻgʻri nomzod Roberto Manchini, deb hisobladim, – deya Malagodan iqtibos keltiradi La Gazzetta dello Sport nashri. – Klaudio Ran’yeri besh daqiqa oldin texnik direktor boʻlishga rozilik berdi. U hozirroq Kalabriyadan yoʻlga chiqdi, terma jamoa bilan ishlashga tayyorligini tasdiqladi.

Manchini va Ran’yerining ilk matbuot anjumani rasmiy tayinlov e’lon qilinganidan soʻng,  29 iyul kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, Klaudio Ran’yeri Italiya futboli uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekistonlik futbol ishqibozlari tajribali mutaxassisni mashhur hujumchimiz Eldor Shomurodov bilan birga ishlagan paytlardan kuzatib keladi. 

Eldor Shomurodov «Roma» klubidan «Kalyari»ga ijaraga joʻnatilgan davrda aynan Klaudio Ran’yeri qoʻl ostida toʻp tepgan va jamoaning muhim figuralaridan biriga aylangan. Aynan shundan keyin rimliklar oʻzbek futbolchisiga poytaxt klubida yana imkon berishga qaror qilgan. 

Ta’qdir taqozosi bilan Shomurodov «Roma»da qolgan yili jamoa boshqaruviga Klaudio Ran’yeri olib kelindi. Eldor qadrdon murabbiyi qoʻl ostida bu gal Rim klubining asosiy hujumchisiga aylana oldi. 

Ammo Ran’yeri oʻzi va’da qilganidek mavsum oxirida bosh murabbiylikdan ketdi va shundan soʻng, Eldor Shomurodov ham Rimni tark etib, Turkiyaning "Istanbul Boshakshehir" klubiga oʻtishga rozilik bergandi. 

Endi Klaudio Ran’yeri tajribali mutaxassis sifatida Roberto Manchini bilan hamkorlikda ketma-ket bir necha marotaba jahon chempionatiga chiqa olmagan  Italiya milliy terma jamoasidagi ishlarni rivojlantirishga harakat qiladi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!