
"Shonli tarixga mos jamoa tuzishmoqda" - "Nasaf"ni tark etib, "Neftchi"ga o‘tishining asosiy sababi...
Superligaga qaytgan Farg‘onanining “Neftchi” jamoasi selektsiyada astoydil ishga kirishgan. Saytimiz orqali klubning transferlari faol tarzda yoritib borilyapti. Tarkibni kuchaytirish uchun turli jamoalardan yaxshi saviyadagi futbolchilar taklif qilinyapti va shartnomalar imzolanyapti.
“Nasaf” futbol klubi tarbiyalanuvchisi Doniyor Narzullaev ham bu yilgi mavsumni Farg‘onada o‘tkazishga qaror qildi. U asosan “Nasaf” uchun o‘ynab keldi. Faqat 2021 yilgi mavsumni kutilmaganda “Metallurg”da boshlashga qaror qildi. Ammo u erdagi faoliyati yaxshi chiqmadi va bir necha bor zaxirada qolib ketdi. Oqibatda yozda yana “Nasaf”ga qaytib keldi. Biroq ko‘rib turganingizdek, Doniyor yangi mavsumni yana boshqa jamoada davom ettirishiga qaror qildi. Bu safar vodiyga, “Neftchi”ning chorloviga labbay deya javob qaytardi.
“Neftchi” O‘zbekistonda boy tarixga ega kam sonli jamoalardan biri. Shunday shonli tarixga ega jamoa bilan shartnoma imzolaganimdan xursandman”, - deya farg‘onaliklar safiga qo‘shilgani xususida gapirdi, Narzullaev.
Doniyor o‘tgan yili “Nasaf” bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi, OFK Kubogi finaligacha etib bordi. Bir so‘z bilan aytganda, yomon mavsum o‘tkazmadi. Tarkibda ham binoyidek o‘ynab kelayotgandi. Ro‘ziqul Berdiev unga ishonch bilan qarayotgandi. Lekin nima sababdan o‘z jamoasini tashlab ketgani bizga qiziq tuyulgandi. Bunga futbolchi quyidagicha tushuntirish berdi.
“Nasaf” mening uyim! 2021 yil biz uchun yaxshi o‘tdi, faqat OFK Kubogi finalidagi mag‘lubiyatni hisobga olmasak. Jamoa meni o‘z safida olib qolishni xohladi. Lekin men mavsum yakunida Ilhom aka Mo‘minjonovga va’da berib qo‘ygandim. Bu qarorimni “Nasaf” jamoasining rahbariyati va murabbiylar shtabi hurmat qilgan holda mening ketishimga rozi bo‘lishdi. Fursatdan foydalanib, klub rahbariyatiga rahmat aytib qolaman".
Shunday qilib, Doniyor endi “Neftchi”ning bir bo‘lagiga aylandi. Uning butun e’tibori yangi klubiga qaratiladi. Chunki murabbiylarning Narzullaevdan umidi katta.
"Boya aytganimdek, “Neftchi” jamoasini shonli tarixi bor, klub rahbariyati tarixga mos jamoa tuzishmoqda. Maqsadlar ham jiddiy. Xudo xohlasa, yangi mavsumda farg‘onalik muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz", - dedi bu borada ftubolchi.
Yana shuni ham qo‘shimcha qilmoqchimizki, bu yarim himoyachi uchun yagona taklif emasdi. Mavsum tugayotgan mahalda Doniyor Narzullaevga qiziqish bildirgan klublar bor edi. Bu xususida “Nasaf”ning sobiq o‘yinchi shunday dedi:
“Neftchi” jamoasidan tashqari yana 3-4 ta klublardan taklif tushdi. Lekin menga ularni ichidan “Neftchi”ning loyihasi va Ilhom Mo‘minjonovnnig o‘yin uslubi ishonch uyg‘otdi. Qolgan jamoalar nomini aytganimdan foyda yo‘q. Chunki “Neftchi” bilan shartnoma imzolab bo‘ldim. Superligada so‘nggi tur o‘yini oldidan Ilhom aka bilan telefonda gaplashdik va meni o‘z jamoasida ko‘rmoqchi ekanligini, o‘yin uslubimga mos ekanligimni bildirdi va bu menga juda ham qiziq tuyuldi".
Futbolchi “Nasaf”da o‘ynab yurgan kezlarida asosan sovrinli o‘rinlar uchun kurashishga o‘rgangan va shunga yarasha medallarni ham qo‘lga kiritgan. “Neftchi” ham Superligaga qaytgach, oldingi shonli mavqeini qaytarish yo‘lidan ketmoqda. Albatta, bu qanchalik o‘z samarasini beradi, buni vaqt ko‘rsatadi. O‘zaro muloqot yakunida Narzullaev “Neftchi”ga o‘tishingiz oldinga tashlangan qadammi, degan savolimizga quyidagicha munosabat bildirdi:
"Ko‘pchilik futbol muxlislari “Neftchi”ni pro ligadan Superligaga chiqdi va elitada autsayderlar qatorida bo‘lib, jon saqlab qolish uchun kurashadi, deb o‘ylashmoqda. Lekin bu fikrlar noto‘g‘ri ekanligini mavsum davomida ko‘rsatishga harakat qilamiz. “Neftchi” ham “Nasaf” kabi kuchli jamoa. O‘zining an’analariga va ashaddiy muxlislariga ega jamoa. Shuning uchun bu qaror tufayli faoliyatimda oldinga ham orqaga ham qadam tashladim deya olmayman. Bu men uchun yangi chaqiruv bo‘ldi".
Fikrlar