Shunchaki emas, saviyali legioner bo‘lib to‘p surmoqchiman - Diyor Turopov Osiyo klublarining taklifi va boshqa qiziqarli mavzular haqida gapirdi
“Lokomotiv” tarkibida bir necha yillardan beri to‘p surib kelayotgan 27 yoshli yarim himoyachi Diyor Turopov o‘tgan vaqt davomida ancha shakllandi. U “Loko” safiga kelgan chog‘ida hali tajribasi u qadar yuqori emasdi.
Bugungi kunga kelib Turopov klubning etakchilaridan biriga aylandi. Sports.uz muxbiri bilan muloqot jarayonida futbolchi e’tiborga molik fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Turkiya yig‘ini qanday o‘tdi?
“Lokomotiv” Turkiyada tashkillashtirilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunladi. Diyor Turopov esa, dastlab mazkur tayyorgarlik bosqichi qanday o‘tganligi haqida fikr bildirdi.
- “Lokomotiv”ning Turkiyadagi yig‘inida asosiy e’tibor taktik jihatga, jismoniy tayyorgarlikni yaxshilashga va o‘yin vaqtida bo‘ladigan jamoaviy pressingni faol uyushtirish kabi holatlarga qaratildi. Jamoaning kayfiyati yaxshi. Bunga u erdagi maydonlarning holati ham sabab. Chunki mashg‘ulot jarayonida noqulaylik his qilmadik.
Portugaliyalik murabbiy haqida
Jamoaning portugaliyalik bosh murabbiyi Mikael Sekeyra haqida hozircha etarlicha tasavvurga ega emasmiz. Chunki “Loko”da ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Turopov yangi murabbiy xususida ilk taassurotlarini o‘rtoqlashdi.
- Bosh murabbiy Sekeyra haqida gapiradigan bo‘lsam, u Evropa futbolini ko‘rgan va uning ichida yurgan. Shu sababli, ushbu mutaxassisning saviyasi bor. Bu narsa mashg‘ulotlar jarayonida va o‘rtoqlik uchrashuvlari paytida bilindi. Umuman aytganda, u juda talabchan murabbiy.
Turopov hadeb jamoa almashtirishni yoqtirmaydi
Diyor Turopov faoliyati davomida hozircha faqat ikkita klubda to‘p surgan. To‘rt yil Olmaliqda o‘ynagan bo‘lsa, 2017 yildan beri “Lokomotiv” sharafini munosib himoya qilib kelyapti. U yarim yoki bir yilda jamoasini almashtiraveradiganlar toifasiga kirmaydi.
- Ha, bu gapingizga qo‘shilaman. Hozirgi paytgacha ikkita klub sharafini himoya qildim. Buning boisi shundaki, futbolchi borgan jamoasida o‘zini qanday his qilishi hamda unga bo‘lgan e’tibor, deb bilaman. Har bir futbolchining asosiy maqsadlaridan biri faoliyati davomida o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlash va jamoasiga naf keltirish hisoblanadi. O‘sha jihatlar bor bo‘lsa kerakki, mening futbolchilik faoliyatim shu tariqa davom etib kelmoqda.

O‘tgan yilgi omadsiz ishtirok va yangi takliflar xususida
Ma’lumki, “Mavsum-2020” “Lokomotiv” uchun omadsiz kechdi. Bu borada turli fikrlar ham bildirildi. Xo‘sh, Turopovning mazkur masaladagi munosabati qanday? Shuningdek, unga qanday takliflar bo‘ldi?
- “Lokomotiv”ning o‘tgan mavsumdagi ishtirokiga to‘xtalsam, chempionat o‘yinlarida futbolchilar maydonda bir-birlarini tushunmasliklari, jamoaviy o‘yinning yo‘qolib qolganligi ham ta’sir qildi. Buning ustiga ko‘p mavsumdan beri o‘ynab kelgan etakchi futbolchilarning klubdan ketganligi, yangi kelganlarning esa jamoa o‘yiniga tez moslasha olmasligi, shuningdek, pandemiya tufayli mashg‘ulotlar jarayoni ham yaxshi o‘tmaganligi o‘z ta’siri o‘tkazdi. Albatta, menga jiddiy takliflar bo‘ldi. Ayniqsa, Osiyo klublaridan. Lekin “Lokomotiv”da qolishga qaror qildim.
Klubning bu yilgi maqsadi
Ko‘pchilikni “Loko”ning yangi mavsumda qanday maqsad uchun kurashishi qiziqtiryapti. U yana avvalgidek sovrinli o‘rinlar uchun kurashadimi yoki yangilanayotgan jamoaga biroz vaqt kerakmi?
- Xudo xohlasa, bu mavsumda “Lokomotiv” chempionlik uchun kurashadi. Bu borada bizga biroz vaqt kerak, deyish haqida hech kim o‘ylagani ham yo‘q, - dedi futbolchi.
Diyor qachon legionerga aylanadi?
Yuqorida aytib o‘tganidek, unga yaxshi takliflar bo‘ldi. Ammo yana “Loko”da qoldi. Qiziq, u qachongacha ushbu jamoa uchun to‘p surmoqchi? Umuman aytganda, legionerga aylanish istagi bormi?
- Biror-bir muddatni aniq ko‘rsata olmayman, buni vaqt hal qiladi. Bilasizmi, shunchaki legioner maqomida bo‘lib emas, balki saviyali legioner sifatida to‘p surish niyatim bor.
“Loko”da o‘tkazayotgan faoliyati to‘g‘risida
Shu o‘rinda futbolchi “temiryo‘lchilar” safida o‘tkazayotgan yillari haqida ham to‘xtalar ekan, quyidagilarni aytdi:
- “Lokomotiv”ga kelishim menga chempionlik ichki his-tuyg‘ularining zavqini berdi. Yoshligimda TV orqali klub o‘yinlarini ko‘rib, tomosha qilib yurgan paytlarimdagi o‘yinchilar bilan bir jamoada to‘p surish imkoniyatini berdi.

U yana maydon markazidan gol ura oladimi?
Diyor Turopov Olmaliq jamoasida to‘p surib yurgan kezlarida Andijondagi o‘yinda maydon markazidan gol urganiga guvoh bo‘lgandik. Qiziq, bir futbolchi ikkinchi marotaba bu ishni takrorlay olarmikin? Bu xususida Turopovning javobi shunday bo‘ldi:
- Bunaqasi bir marta bo‘lsa kerak. Futbol olamida biror-bir futbolchi ikki marta maydon markazidan gol urdi, deb eshitmaganman, tag‘in bilmadim.
Faoliyatida katta o‘rin tutgan murabbiy kim?
Shuningdek, undan futbolchilik faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadigan murabbiy kim ekanligi haqida ham qiziqdik.
- Igor Anatolevich Shkvirin, deb bilaman. Chunki u menga imkoniyat bergan va maydonga tushirgan.



Fikrlar