“Siti” hujumchisi raqib jamoaga o‘tib ketyapti
“Manchester Siti” tarbiyalanuvchisi hisoblangan Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Oskar Bobb faoliyatini Angliya Premier-ligasining boshqa jamoasi – “Fulxem”da davom ettiradigan bo‘lyapti.
Bu haqida Sky Sports xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, “Fulxem” mutasaddilari “shaharliklar” safida yetarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan yosh hujumchi bilan shaxsiy shartnoma shartlari bo‘yicha kelishib olgan.
Endi navbat, klublar o‘rtasidagi muzokaralarga.
London klubi Oskar Bobbni “Fulxem”dan “Vest Xem”ga ko‘chib o‘tishi kutilayotgan Adam Traorega o‘rinbosar sifatida olib kelmoqchi.
“Shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Oskar Bobb muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun klubni tark etishni istayotganini to‘g‘ri qabul qilishi aytilyapti. Demak, ispaniyalik murabbiy o‘yinchining ketishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Joriy klub mavsumida Bobb 15 ta o‘yinda 1 ta golli uzatma bergan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 25 million yevroga teng.
Fikrlar