“Siti” yangi yulduziga narx belgiladi

  • 13.04.2026 06:51
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

“Manchester Siti” yozda darvozabon Jeyms Traffordni sotib olishni so‘rayotgan klublar  uchun 35-40 million funt sterling miqdorida badal puli talab qiladi.

23 yoshli posbonni sotib olishga asosiy da’vogar “Nyukasl Yunayted” bo‘lib turibdi, shuningdek,  “Aston Villa” va “Tottenxem Hotspur” ham unga qiziqish bildirmoqda.

Trafford asosiy tarkibdagi o‘rnini Janluiji Donnarummaga boy berganidan keyin yozda klubni tark etmoqchi. Angliya milliy terma jamoasidagi debyutini nishonlagan darvozabon muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun Manchesterni tark etishga tayyor.

Klub ham iqtidorli darvozabonni zahirada olib o‘tirmoqchi emas va uning yaqinlashib kelayotgan transfer oynasida ketishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Chunki “shaharliklar” Traffordning muntazam asosiy tarkibda o‘ynash istagini qondirib bo‘lmasligini tan olmoqda. Sababi – Janluiji Donnarumma hozirda so‘zsiz birinchi raqamli darvozabon hisoblanadi.

Xosep Gvardiola o‘tgan yozda “Börnli”dan 27 million yevro evaziga Manchesterga qaytarilgan Traffordga asosiy tarkibdan joy bergan edi. Biroq kutilmaganda klubga Donnarummaning kelishi Jeymsning rejalarini puchga chiqardi.

Shunga qaramay, Pep Gvardiola Traffordni bir necha bor “ajoyib darvozabon” va “yorqin kelajakka ega” deb maqtagan va uni klubda uzoq qolishga chaqirgan. Biroq hozirda barcha tomonlar yozda tinch yo‘l bilan ajralishga kelishib olgani aytilmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!