Sofiyadan jonli kundalik: "Strandja" oldidan terma jamoa ichida nimalar bo‘lyapti?
Boks muxlislarining diqqat eʼtibori Bolgariyaning Sofiya shahrida tashkil etiladigan "Strandja" turniriga qaratilgan desak mubolagʻa boʻlmaydi. Albatta, kichik jahon chempionati deya ataluvchi ushbu musobaqaga barcha mamlakatlar kuchli tarkib bilan tashrif buyurishadi.
Bu safar 35 ta mamlakatdan kelgan 300 dan ortiq bokschilar gʻoliblik uchun bahslarga kirishadi. Tabiiyki, Oʻzbekiston terma jamoasi ham kuchli tarkib bilan "Strandja" turniriga otlandi. Tarkibda men ham jamoa menejeri sifatida oʻrin oldim.
Xabaringiz bor, uzoq yillardan buyon sport jurnalisti sifatida yakkakurash turlarini muntazam yoritib boraman. Yaqindagina Oʻzbekiston boks federatsiyasining matbuot kotibi sifatida ish boshladim va shu tariqa terma jamoamiz bilan ilk safarga chiqdim.
Mening asosiy vazifam jamoa menejeri vazifasini bajarish barobarida matbuot kotibi sifatida musobaqani ham yoritishdan iborat.
Biz Toshkent-Istanbul-Sofiya yoʻnalishida harakatlandik va ushbu parvozlar davomida terma jamoamiz aʼzolari bilan yaqindan tanishdim va oʻzim uchun ularni yangidan kashf etdim. Barchasi tarbiyali, ogʻir-bosiq...
Toʻgʻrisi, Javohir Ummataliyev bilan koʻp hamsuhbat boʻlmaganligim sababli, u haqida sal boshqacharoq fikrda edim. Yaʼni, odamoviroq boʻlsa kerak, deb oʻylagandim.Aksincha, buning mutlaqo teskari boʻlib chiqdi. Ochiq, kirishimli va barcha bilan birdek yaxshi muomalada ekan. Darvoqe, u menga operatorlik qilayotganini ham aytib oʻtishim kerak :).
Toʻrabek Habibullaev juda quvnoq yigitligi, hazil-mutoyibaga ustaligi eʼtiborimni tortdi. Qolaversa, oʻzgacha kepka kiyish imidji ham oʻziga yarashgan.
Akmaljon Isroilov esa ichimdagini top deganlardan ekan. Lekin uni ham gapirtirishni yoʻlini topdim. Harqalay, Andijonning Qoʻrgʻontepa tumani, Dexqonchek qishlogʻidan, Iqboljon Xoldarovning qoʻshnisi ekanligini bilib oldim-ku...:).
Fazliddin Erkinboyev tabiatan uyatchanroq ekan-u, lekin "Bura"ni yaxshi oʻynarkan. Har holda, u bilan 1:1 natija qayd etib turibmiz.
Darvoqe, Istanbulga parvoz mobaynida Ozodbek Aliev bilan yonma-yon keldik. Ajoyib yigit. Maqsadi jiddiy. Yangi jalb etilgan yoshlarida biroz hayajon bor. Ammo koʻzlari yonib turibdi.Ishtiyoq yuqori. Yana bir jihat qozogʻistonliklar bilan bizni yigitlarni munosabatlari aʼlo darajada ekanligi ham eʼtiborimni tortdi.
Bir soʻz bilan aytganda, ilk kundagi taassurotlar shulardan iborat. Bizni kuzatishda davom eting, qiziği hali oldinda...
©️ Ahmadbek Eshmatov. Oʻzbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati boshligʻi / jamoa menejeri (Manba: Oʻzbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmatidan).
Fikrlar