
"So‘g‘diyona"ga gol urganda nishonlamasligi, "Nasaf", "Paxtakor"dan qay biri kuchli ekani hamda Baqoev va Babayanning ustun tomonlari haqida JAMShID BOLTABOEV bilan intervyu
"Navbahor" jamoasi O‘zbekiston kubogi yarim finalida "So‘g‘diyona"ni penaltilar seriyasiga ko‘ra mag‘lub etdi. Ushbu bahsdan so‘ng SPORTS.uz sayti namanganliklar etakchi futbolchilaridan biri va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Jamshid Boltaboev bilan aloqaga chiqdi va uning fikrlari bilan qiziqdi.
- Avvalambor, kubokdagi muhim g‘alaba bilan tabriklaymiz! Og‘ir uchrashuv bo‘lgani aniq. "So‘g‘diyona" ham munosib qarshilik ko‘rsatdi. Kechagi bahs haqida nima deya olasiz?
- Assalomu alaykum! Tabrik uchun rahmat. Ha, rostan ham og‘ir uchrashuv bo‘ldi. "So‘g‘diyona" jamoasini yaqindan bilganim uchun juda qiyin bo‘lishini bilardim va shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgandik. "So‘g‘diyona" juda chuqur himoyalangani uchun ham himoyani yorib o‘tish qiyin bo‘ldi. Lekin shunda ham bizda juda ko‘p vaziyatlar bo‘ldi. Ammo foydalana olmadik. Birinchi bo‘limda hisobni ochganimizda, balki osonroq bo‘lishi mumkin edi... Raqib ham hujumga o‘tib, bizda bo‘sh zonalar ko‘p bo‘lardi. Biroq o‘yin penaltilargacha bordi va biz bunga tayyor edik. Xudoga shukr, omadimiz kelib, lotereyalarda g‘alaba qozondik.
- Sobiq jamoangizga qarshi o‘ynadingiz. Babayan ham siz va Abdumannopovni asosiy tarkibda maydonga tashladi. Bu sobiq "So‘g‘diyona" vakillari bo‘lganingiz, raqibni yaxshi bilganingiz uchunmidi yoki boshqa sabablar ham bormidi?
- Bu savolga murabbiy javob bergani yaxshi. Sababi, kim asosiy tarkibda tushishi yoki kim zaxirada qolishi kabi masalalarni u hal qiladi.
- Penaltilar seriyasida Mitrovich darvozasini ishg‘ol qilishingizga qanchalik ishongandingiz? Umuman, o‘sha paytda bosim bo‘ldimi?
- Penalti vaqtida o‘zimda ishonch bor edi. Bosh murabbiy mendan tepishimni so‘raganda, men buni rad etmadim. Sababi, o‘sha vaqtda hech qanday ichki qo‘rquv va hayajonni his qilmayotgan edim.
- Uchrashuv ancha emotsiyalarga boy tarzda o‘tdi. Ayniqsa, to‘qnashuvlar juda ko‘p bo‘ldi. Agar o‘yin vaqtida jizzaxliklar darvozasiga gol urganingizda, uni nishonlarmidingiz?
- O‘yindan avval shu narsani hayolimdan o‘tkazgan edim. Agar gol ursam, uni nishonlamaslikka va’da bergandim. Maydonda raqib bo‘lsa ham bu jamoaning ozmi-ko‘pmi nonini edim. Klubga nisbatan hurmatim haligacha baland va yana bir bor aytaman, gol urganimda uni nishonlash niyatim yo‘q edi. Futbol, hissiyotlar o‘z yo‘liga. Insoniylik hammasidan ustun turadi.
- Finalda jamoani "Nasaf" bilan o‘yin kutib turibdi. "So‘g‘diyona" bilan solishtirganda, "ajdarlar" bilan o‘yin qanchalik qiyin bahs bo‘ladi?
- "Nasaf" bilan o‘yin ham juda qiyin bo‘ladi. Final baribir o‘z nomi bilan final! "Ajdarlar" bilan o‘yinlarda bitta xato ham qimmatga tushishi mumkin. Xudo xohlasa, biz finalga tayyor bo‘lib boramiz. Qarshi klubi bilan 2 marotaba o‘ynadik va hali yutqazmadik. Inshaaloh, uchinchisida ham yutqazmaymiz.
- Superliga mavzusiga o‘tsak. Chempionlik uchun kurash avjida. Nima deb o‘ylaysiz, klubingiz ikki frontda ham g‘oliblikni qo‘lga kirita oladimi?
- Nimaga endi yo‘q? Superligada ham "Nasaf" hamda "Paxtakor" bilan oxirigacha kurashishga kuchimiz etadi. Hozir chempionatda hech qaysi o‘yinda yaqqol favorit yo‘q. Barcha jamoa deyarli bir xil holatda. Kim bahsga etarlicha tayyor bo‘lsa, g‘alabani ko‘proq istasa, o‘sha klubda zafar quchishga imkoniyat ko‘proq bo‘lmoqda. Shunday ekan, har bir o‘yinga mukammal tayyorgarlik ko‘rib, g‘alaba uchun maydonga tushsak, hammasi yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- "Nasaf" va "Paxtakor"... Siz uchun bu ikki klubdan qay biri bilan o‘ynash qiyinroq?
- Ikkala jamoa ham o‘ziga yarasha qiyinchilik tug‘diradi. Ikki klub yaxshi tashkil etilgan futbol namoyish etadi. To‘g‘ri, qarshiliklar nisbatan yoshroq jamoa. Lekin "Paxtakor"da tajribali o‘yinchilar ko‘proq. Men uchun bu jamoalarning darajasi bir xil.
- O‘tgan mavsum Baqoev, bu yil esa Babayan qo‘l ostida to‘p tepmoqdasiz. Sizningcha, bu ikki mutaxassis qaysi tomonlama ustunliklarga ega?
- Har bir murabbiyning o‘z uslubi va qarashlari bo‘ladi. Hozir ikkisidan birini tanlash kerak bo‘lsa, ikkisini ham tanlayman. Sababi, Baqoevda bor hislatlar Babayanda yo‘q yoki aksincha holat. Shunisi aniqki, ikkisi ham yuqori saviyadagi mutaxassislar.
Ustunliklarga kelsak, Baqoev o‘zi futbolchi bo‘lgani uchun bizni yaxshiroq tushunardi. O‘yindan keyingi charchoq, qanday tayyorgarlik ko‘rish va shunga o‘xshash narsalarda u ustun. Kerak bo‘lsa, u juda qattiqqo‘l bo‘la oladi. Vaqti kelib, sizning do‘stingizga aylanadi.
Babayanni hamma yaxshi biladi. U kuchli psixolog. Siz bilan yaqin munosabatda bo‘lmasligi mumkin. Biroq u sizni nima o‘ylayotganingizni, qaysi bahsga qay tarzda tayyorlanish kerakligini juda yaxshi biladi. Shuningdek, Babayan futbolchilardan nima istayotganini zo‘r tushuntirib bera oladi. Bu ikki mutaxassisning o‘ziga xos ustunliklari.
Shohrux Zoirov suhbatlashdi.
Fikrlar