“Spartakchilar” Fayzullaevga e’tibor qaratdi
Rossiya Premer-ligasida poytaxt klublarining o‘zaro raqobati alohida o‘rin tutadi. “Spartak” Rossiyaning eng ko‘p muxlisga ega jamoasi hisoblanadi. Biroq “spartakchilar” anchadan beri chempionlikni qo‘lga kirita olmay kelyapti.
Klub rahbariyati bosh murabbiy va futbolchilarni tanlashda ko‘p xato qilayotgani mutaxassislar va muxlislar tomonidan muntazam tanqid qilib kelinmoqda.
“Spartak”ning sobiq bosh direktori Sergey Shavlo bosh murabbiy Gilermo Abaskalning faoliyatiga baho berib, transferlar masalasida ham to‘xtaldi. Munosib o‘yinchini topishda TsSKAning Abbosbek Fayzullaevning transferini misol qildi.
- Ilgari “Spartak” uchun ikkinchi o‘rin fojia hisoblanardi. O‘tgan mavsum jamoa uchinchi o‘rinni egalladi. “Spartak” muxlislarni kamida kuchli uchlikda bo‘lishga o‘rgatib qo‘ygan. Shuning uchun doim talab yuqori bo‘ladi. Bir bor ettinchi o‘ringa tushib ketishgan. Hozir beshinchi o‘rinni egallasa ham, bu natija hech kimni qoniqtirmaydi.
Bosh murabbiy Abaskal qishki transferlar davrida yangi o‘yinchilarni olib berishni talab qilishi mumkin. Lekin qishda mashhur va zo‘r o‘yinchilar bu erga kelmaydi. Bu muammo. Biz Janubiy Amerikadan yoki biz bilan munosabati yaxshi bo‘lgan Evropa davlatlari, masalan, Serbiya va Vengriyadan yosh o‘yinchilarni olishimiz mumkin xolos.
Mana TsSKA O‘zbekistondan zo‘r o‘yinichi topdi. Abbosbek Fayzullaev hozir chempionatimizda porlayapti, - dedi Sergey Shavlo.
“Spartak” va Rossiya terma jamoasining sobiq yulduzi Aleksandr Mostovoy ham o‘zbek legionerining iqtidorini yuqori baholadi.
- TsSKA hujum chizig‘ida gol urishni biladigan futbolchilar ko‘p, Fyodor Chalov, Anton Zabolotniy va Abbosbek Fayzullaev ham bu to‘p kiritishga usta.
Hozir Abbossiz jamoani tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Aynan o‘zbek futbolchisi maydonda natija masalasini hal qilyapti. Keyingi o‘yinlarda ham mana shu legioner gol uradi, - dedi Aleksandr Mostovoy.
Abbosbek Fayzullaevning TsSKA jamoasiga katta yordami degayotganini uning jamoadoshi Ivan Oblyakov ham alohida ta’kidladi.
- Abbosbekka jamoamizga qo‘shilib ketish uchun ko‘p unga vaqt kerak bo‘lgani yo‘q. Fayzullaev bizga juda katta yordam beryapti.
O‘zbek futbolchisi bilan maydonda birga o‘ynash juda qulay. Abbos yuqori malakali, tartib-intizomli va juda yaxshi o‘yinchi.
U muntazam o‘z ustida ishlaydi, o‘yinlarda jamoa uchun harakat qiladi. Bizga gol urish uchun qulay vaziyatlar yaratib beradi, o‘zi ham raqib darvozasini ishg‘ol qilyapti, hatto ortga qaytib, himoyachilarga ham ko‘p yordam beryapti, - dedi Ivan Oblyakov.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev avgust oyida 500 ming evro evaziga “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan edi. Rossiya Premer-ligasidagi muvaffaqiyatli o‘yini tufayli uning bugungi kundagi transfer narxi to‘rt baravar oshib, ikki million evroga ko‘tarildi.
Raneri Shomurodov kelajagi bo‘yicha qarorini aytdi
Fikrlar