
«Sport-Ekspress» nashri Mahmud Muradov bilan bo‘lajak jang, «Bentli» hamda «Rolls-Roys» superkarlari va boshqa qiziqarli mavzularga oid suhbat qurdi (1-qism)
O‘zbekistonlik birinchi UFC jangchisi Mahmud Muradov 29 avgust kuni promoushendagi 4-jangini o‘tkazadi. Mazkur jang avvalida hamyurtimiz bilan Rossiyaning eng mashhur nashrlaridan biri “Sport ekspress” o‘ziga xos maqola taqdim etish barobarida suhbat ham uyushtirdi.
Quyida, mazkur maqolaning to‘liq tarjima variantini e’tiboringizga havola etamiz!
Tomskdagi 7 yillik noqonuniy qora ishdan badavlat shaxs bo‘lguncha bosib o‘tilgan yo‘l.
UFC ning o‘rta vazn jangchisi Mahmud Muradov — bu qora qit’adan aqlbovar qilmas qiyinchiliklar bilan UFCga o‘tgan Frensis Ngannuga o‘ziga xos tarzdagi javob zarbamizdir.
Muradov kambag‘al oilada voyaga etgan. O‘smirlik chog‘ida esa ishlash uchun akasi bilan ona shahridan sovuq Sibirga jo‘naydi. U erda 12 kishiga mo‘ljallangan vagonda istiqomat qiladi. Turli hil kasblarda: quruvchi, yuk tashuvchi va tan soqchi sifatida ishlaydi. Sal o‘tib uning hayoti yorug‘ onlar tomon olg‘a boradi. Chexiyaga ketish, muqim ish topish va, eng asosiysi, Floyd Meyvezer bilan tanishuv, biznes va janglardagi yaxshigina daromad Muradovning hayotini ertaknamo tarzda o‘zgartirib yubordi. Barchasi haqida batafsil bugun shu maqola orqali bilib olasiz.
Mahmud uchun eng qiyin sinov 15 yoshda boshlanadi. O‘sha payti uning otasi qurilishda qo‘lini kuydirib oladi va mo‘jiza tufayligina tirik qoladi. Mahmudning o‘zi bo‘lgan voqeani «Disgusting Men” podkastida aytib berishicha, otasini 10 000 voltli elektr toki uradi. Elektr toki qo‘lga tegib, butun tanaga tarqaydi va uning otasini bir necha metr nariga otib yuboradi. Xayriyatki, o‘sha payti uning otasi daryoga yiqiladi va yashab qoladi.
Chunki, suv tokni o‘ziga qabul qiluvchi beqiyos unsurlardan biridir. Shifokorlar ushbu hodisani ta’riflaganda, uning otasi daryoga yiqilmaganida yoki oz muddat tokni ushlab qolganida aniq vafot etishini aytishadi. Baribir voqea natijasida Muradovning padari qo‘lidan ajraladi va uzoq muddat shifohonada yotadi. Davolanish uchun esa ko‘p mablag‘ talab qilinardi. Shu sababdan, Mahmud akasi bilan Sibirga ko‘proq pul topish maqsadida jo‘naydi. U erdagi ishlar esa hammaga ma’lum: yuk tushurish va quruvchilik edi.
Hozirda, ushbu mashaqqat va azoblar o‘tmishda qoldi. Avvaliga u Chexiyada mahalliy yulduzlardek qabul qilindi. Yaxshi gonorar ishlab topardi va nomini ham ancha mashhurlashtirib oldi. Keyinchalik, Floyd bilan tanishuv (Murodovning Meyvezer bilan tushgan rasmi orqali bir kecha kunduzda uning Instagram akkauntiga 180 ming yangi obunachi qo‘shildi va UFC e’tiboriga tushdi) va misqollab yig‘ilgan obro‘ va mahorat uni Amerika bozori tomon chorladi (Uning Instagram‘ida hozirda 1,5 mln. obunachi mavjud).
U oliy promoushenga o‘tib ketma-ket uchta g‘alaba qozondi. Ayniqsa uning so‘nggi ikkita jangi nokaut bilan yakunlandi va 50 ming AQSh dollarlik bonuslarga ham ega chiqdi. Hozirgi missiya top-15‘ga kirish. Bu yo‘lda unga o‘tgan yili Xamzat Chimaevdan 17 soniyada nokaut bo‘lishni uddalagan — Djelard Meershart raqib bo‘ladi. Tajribali greppler o‘z navbatida ajoyib parter tryuklariga ega va korpusga yo‘llaniladigan kiklar bo‘yicha mutaxassisdir. Muradov g‘alaba qozonadigan taqdirda o‘rta vaznda amaldagi eng uzun ikkinchi g‘alabali seriya qayd etadi (4 ta ketma-ket g‘alaba — xuddi Shon Striklend kabi) va uning top-15 dan joy olishi kafolatlanadi.
Mahmudning Meershartga qarshi jangdagi "kuzir"lari o‘sha-o‘sha — charchoq bilmas harakatlanish, raqibini burchakka siqqan holda aniq va fundamental boks elementlarini amalga oshirish. Shuningdek, tezkor o‘ng oyoq zarbalari va muay-tayning o‘ziga hos zarbalari: chapdan tirsak va Muradovning "tashrif qog‘ozi" bo‘lgan parvozdagi tizza zarbalaridan iborat arsenaldan mahorat bilan foydalanish.
Avvalgi janglariga nisbatan unga qiyinchilik tug‘dira oladigan yagona jihat — Mahmud UFC faoliyatida birinchi marotaba faol tarzda parter va bo‘g‘ish usullariga intiluvchi raqibga qarshi oktagonga ko‘tarilishidir. Muradovning yana o‘rganish aslo zarar qilmaydi. Zero, u o‘zini ruhiy etuklik davrini boshdan o‘tkazmoqda: 14 ta ketma-ket g‘alaba qozonish uchun faqatgina o‘ziga ishonch kamlik qiladi.
Jangga bir necha kun qolganida «Sport-Ekspress» nashri Mahmud Muradov bilan bo‘lajak jang, «Bentli» va «Rolls-Roys» superkarlari, Floyd Meyveyzer bilan yozishuv, va 15 000 evrolik kompyuterda videoo‘yin o‘ynash haqida batafsil suhbat qurdi.
— 2019-yilda 6 jang o‘tkazgan ekansiz. Yil ohirida o‘zingizni qanday his qilgansiz?
— O‘zimni huddi yana jang o‘tkaza oladigandek his qilganman (kuladi). UFCgacha faoliyatim faol bo‘lgan. Men promoushenga qo‘shilish uchun muntazam jang qilishim va g‘alaba qozonishim kerak edi. Ketma-ket 10 g‘alaba qozonganimda: «To‘xtayver endi, etar, mag‘lub bo‘lib qolsan UFC sen bilan shartnoma imzolamaydi» deyishgan. Hattoki, bir marta shartnomaga juda yaqin kelganman, ammo, jang bekor bo‘lgan va UFC bilan shartnoma tuzish missiyasi bajarilmadi. O‘sha payti: «Hamma narsaning o‘z vaqti bor» deb o‘ylagandim. Haqiqatdan, o‘sha payt keldi va UFC bilan shartnoma imzoladim.
— Yiliga oltita jang o‘tkazishga organizm qanday dosh berganini aniqlash ancha mashaqqatli. Aytingchi, ushbu janglardan nechtasi pik formada bo‘lib o‘tgan?
— Hammasi. Chunki men umuman dam olmadim, to‘xtamadim va faqat o‘z ustimda ishladim. Sal keyinroq do‘stlarim menga Turkiyaga sayohat uchun chipta sovg‘a qilishdi. Parvozga uch kun qolganda ular menga chiptani tutqazishdi va: «Bilamiz jangga 45 kun qolgan. Ammo, sen dam olishing va biz bilan Istanbulga jo‘nashing kerak» deyishdi. Rozi bo‘ldim va Turkiyaga uchdim. Lekin, bu to‘rt kunlik turni dam olish deb bo‘lmasdi. Men o‘sha kunlari ham faol mashg‘ulot o‘tkazdim.
— Birinchi marta to‘liq tayyorgarlik lageri bilan jangga chiqasiz. Sizningcha, hozircha sport formangiz sezilarli darajada boshqalaridan farq qiladimi?
— Ha, o‘zimni yaxshi his qilmoqdaman. Vazn bilan umuman muammo yo‘q. Ikki yoki uch kilogramm qoldi, shekilli. Bu jarayondan muammosiz o‘taman. Juda zo‘r lagerni aynan mana shu raqib uslubiga moslashish uchun o‘tkazdim. Men uning kuchli tomonlaridan boxabarman. Gilotinaga yaxshi ushlaydi va erda kurash olib bora oladi. U meni faqatgina gilotinada ushlashi mumkin. Boshqa har qanday holatda jang mening stsenariyim ostida kechadi. Ammo, Jerald ancha tajribali jangchi. Ko‘pdan beri UFCda. Uni mag‘lub etish orqali top-15 ga kiraman.
Besh tilda gapira olishi va u uchun eng qulay so‘zlashuv tillari rus va o‘zbek ekanligi haqida
— Tayyorgarlik uchun nimaga Polshani tanladingiz? Sizda Amerikada tayyorgarlik ko‘rish uchun ham imkoniyat mavjud ediku.
— Nima uchun Amerika?
— Chunki, ko‘pchilik u erda tayyorgarlikni ideal deb biladi-da.
— Polshada tayyorlanganimdan buyon 14 ta ketma-ket g‘alaba qozondim. Qachonki, biznes emas karera maqsadida muhim qarorlarni qabul qila olsangina natijalar kelishni boshlaydi. Mana Polshada tayyorlanish orqali bitta jangni ham yutqazmadim.
— To‘rtta tilni — rus, o‘zbek, ingliz, chex tillarini bilar ekansiz. Shulardan qay birini o‘rganishingiz qiyin bo‘lgan?
— Tojikcha ham bor (kuladi). Inson xohlasa hamma ish oson ko‘chadi.
— Chex tili oson emas. Shuniyam tez o‘rganganmisiz?
— «Oson» degani bilan juda osonmas... Amalladim (kuladi). To‘liq o‘rganmaganman, haligacha ushbu tilni o‘rganayapman.
— Og‘zaki nutqda-chi, qaysi til suhbat uchun qulay?
— Rus tili. Rus maktabida o‘qiganman va oilamizda ham ruscha gaplashardik. Oxirgi paytlarda esa o‘zbek tilida ko‘p gaplashayapman va tajbira orttirayapman. Ko‘p suhbatlar O‘zbekistonda bo‘ladi va u yurtimdagi yoshlarning aksari ruscha bilishmaydi. Shuning uchun o‘zbekcha gapirishga harakat qilaman. Hozirda esa iboralarni o‘rganganim orqali oson gapirmoqdaman.
— Mayda UFC siz bilan to‘rtta janglik shartnoma imzoladi. Ayta olasizmi, moliyaviy tarafdan bu shartnoma qanchalik yaxshilandi?
— Ikki baravar.
— Demak, hozirda homiylar va Instagram tarmog‘ingiz orqali reklamalar emas, jangdagi gonorarlaringiz orqali yashashingiz mumkin?
— Yo‘q, Bunaqa demagan bo‘lardim. Soliqlar, tayyorgarlik lageri to‘lovlari, menedjer va murabbiylarga beriladigan ulushlarni esdan chiqarmaslik kerak. Ammo, nolimayman. Hammasi ajoyib...
Intervyuni davomini tez orada taqdim etamiz!
Mahmudjon Jabborov tarjimasi
Mahmud Muradovning sevimli mashinasi, Hamzat Chimaev haqidagi fikrlari yoxud rus nashriga bergan intervyuning 2-qismi
Fikrlar