
SPORTS.uz talqini bo‘yicha APL joriy mavsumi ramziy terma jamoasi
Bosh murabbiy: Yurgen Klopp (4-3-3)
Mavsum davomida turli materiallar orqali germaniyalik mutaxassisni alqovchi gaplarni xo‘b gapirdik. Nafaqat biz ommaviy axborot vositalari vakillari, balki bevosita futbol jamoatchiligi ham uning «Liverpul»da amalga oshirgan ishlarini haqli ravishda yuksak e’tirof etib keldi. Mersisaydliklarning ashaddiy raqibi MYuni chorak asr boshqargan ser Aleks Fergyussonning gaplari ushbu chempionlikka bag‘ishlab aytilgan gaplarning gultoji bo‘ldi: «Klopp, ushbu tarixiy chempionlik sabab, kechasi soat 3 da qo‘ng‘iroq qilib, uyqumni buzganingni kechiraman…».
Bu shunchaki bir klubning chempionligi eyforiyasida aytilgan so‘zlar emas. «Liverpul» chempionligini butun boshli Angliya va hatto dunyoda qanchadan qancha qizil libosli insonlar orziqib kutganining ifodasi, go‘yo. Ushbu tantana fonida Chempionlar ligasi nimchorak finalidayoq «Atletiko»dan alamli mag‘lubiyat qabul qilib olingani, mag‘lubiyatsiz seriya autsayder «Uotford» maydonidagi 0:3 hisobi bilan barham topgani, Angliya kubogida «Aston Villa» qizillar darvozasiga urgan 5 ta gol, hamma-hammasi unutiladi.
Yurgen ushbu mavsumda, asosan, 4-3-3 sxemasidan foydalandi. Bizning jamoamiz ham xuddi shunday taktik chizgilar asosiga quriladi.
Darvozabon: Nik Poup
Bundan oldingi APL yakunlariga bag‘ishlangan maqolamizda ta’kidlaganimizdek, Angliya futboli mutasaddilari kelgusi mavsumlarda eng yaxshi darvozabonni aniqlashda boshqacharoq yondashuvni o‘ylab ko‘rishlari lozim. Sababi, «Manchester Siti» darvozaboni 16 ta «quruq o‘yin» o‘tkazishi hayratlanarli narsa emas. Bu kabi grand klublarda himoya chizig‘i mustahkam bo‘ladi va darvozabon ha deganda bezovta qilinavermaydi.
«Byornli»ning premer-ligada o‘z mavqeyiga ega klubga aylanib borishida ushbu posbonning xizmatlari katta. O‘rtamiyona klub darvozasini qo‘riqlaydigan Poup ushbu mavsumda «eng yaxshi darvozabon»dan bitta kam – 15 ta «quruq o‘yin» o‘tkazdi. Vaholanki, uning darvozasi oldida yuzaga kelgan xavfli vaziyatlar salmog‘i Edersonnikidan bir necha barobar ko‘p. Garet Sautgeyt terma jamoa asosiy posboni masalasida o‘ylab ko‘rishi kerak. Chunki, ayni holatda «arilar» vakili Jordan Pikforddan ko‘ra ishonchli harakat qilmoqda.
Chap qanot himoyachisi: Endryu Robertson
Mavsum davomida 12 ta golli pas muallifiga aylangan himoyachi ramziy terma jamoadan joy olishi kerak edi. Shuningdek, shotlandiyalik futbolchi hisobida 2 ta gol ham bor. Ushbu statistikadan ham ko‘rishimiz mumkinki, Endi himoyada ishonchli o‘ynashdan tashqari, hujumga ham yaxshi qo‘shiladi. Narigi qanotdagi sherigi Arnold bilan tez-tez krosslar amalga oshirib, raqibning chiziqli himoyasini ishdan chiqaradi. Tezkorligi hisobiga loteral himoyachi rolini a’lo darajada bajaradi. Odatda murabbiylar bu kabi himoyachilardan 3 ta markaziy himoyachi orqali foydalanishadi. «Liverpul»da Fabino va Xendersonning himoyaga moslashuvchanligidan tashqari, Van Deyk boshliq markaziy himoya ham ancha tartibli. Bu esa 26 yoshli qanot futbolchisiga jamoa hujumlariga qo‘shilishda katta imtiyozlar beradi.
Markaziy himoyachi: Virjil Van Deyk
Klopp suyangan qoya. Niderlandiyalik futbolchi o‘ziga sarflangan pullarni ortig‘i bilan oqladi. U doimiy barqaror sherikka ega bo‘lmasa-da, mersisaydliklar himoyasini yaxshi boshqarmoqda. Futbolchi standardlar paytida hujumga qo‘shilish natijasida 5 ta gol urishga ham erishgan. Umuman, Klopp qarshi hujumlardan himoyalanishning tizimli strategiyasini ishlab chiqqan, deb bemalol ayta olamiz. Jamoa himoyasining 3 vakili standard vaziyatlarda oldinga borishi futbolchilar va murabbiyning o‘z ustunligiga komil ishonchi borligidan darak beradi. Tayanch yarim himoyachisi Fabino ham bir qadam ortda bo‘lsa ham to‘p qaytishini poylab turadi. Mavsum davomida mana shunday to‘plarga braziliyalik futbolchi tomonidan yo‘llangan bir qator xavfli zarbalar guvohi bo‘ldik.
Markaziy himoyachi: Chaglar Seyunju
«Lester» mavsumi haqida gapirganda pandemiyadan keyingi davrni inobatga olmasak, yaxshi bo‘lardi. Kamtarona zaxiraga ega klubda bunday zich taqvim tufayli muammolar yuzaga kelishi aniq edi. Ungacha esa jamoa ajoyib futbol namoyish etayotgandi. Ha, grand klublarga qarshi bahslarda «tulkilar»ning dominant maqomida harakat qilgani va raqibini yanchib tashlaganini ko‘rmadik. Ammo o‘rtamiyona klublardan Rojers shogirdlari qanday ochko olishni bilishadi. Ishonmasangiz, «Sautgempton»dan so‘rang…
O‘ng qanot himoyachisi: Trent Aleksandr-Arnold
Kelgusi mavsum ramziy terma jamoalarida ham «Liverpul»ning ushbu himoya uchligini ko‘rsak, hech ham ajablanish kerak emas. Atigi 21 yoshli futbolchi «Liverpul» bilan deyarli barcha sovrinlarni yutishga erishdi. Ha, bu yoshda uniki kabi yutuqlarga ko‘pchilik erishgan. Ammo mavsumning barcha 38 uchrashuvida qatnashish va asosiy futbolchi maqomida bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydi. Ushbu mavsumda Arnold 4 ta gol va 13 ta assist amalga oshirdi. APLda undan ko‘p golli uzatmalarni faqatgina «Manchester Siti» yarim himoyachisi Kevin De Bryuyne amalga oshirgan. Futbolchining o‘zi esa bu kabi natijalariga kamtarona tarzda: «Men orzulari ro‘yobga chiqqan oddiy liverpullik yigitman», - deb javob beradi.
Markaziy yarim himoyachi: Jordan Xenderson
Angliyada yil futbolchisi, deb topilgan Xendo ramziy jamoamizga kirmasligining iloji ham yo‘q edi. EChL va APL kubogini boshi uzra ko‘targan ingliz futbolchisi, shubhasiz, «Liverpul» tarixidagi eng yaxshi sardorlar qatorida tilga olinadi.
Klopp qurgan jamoaviy futbolning negizida aynan shu futbolchi turadi.
Hujumkor yarim himoyachi: Kevin De Bryuyne
Terri Anrining assistlar borasidagi rekordini takrorlashga erishgan belgiyalik futbolchi mavsum davomida premer-liga mutasaddilari undan ikkita assistni o‘g‘irlashganini iddao qilmoqda. Biz raqamlar-u, statistikalarsiz ham Kevin qanday harakat qilayotganini ko‘rib turibmiz. Ushbu raqamlar Gvardiolaning rotatsion taktikasi bo‘lmaganda yanada kattaroq bo‘lishi mumkin edi.
Hujumkor yarim himoyachi: Brunu Fernandesh
Ramziy terma jamoalardan joy olish uchun portugaliyalik xavbekka yarim mavsum ham etarli bo‘ldi. To‘g‘rida, mana shu qisqa vaqt ichida ikki bor APLda oy futbolchisi unvonini qo‘lga kiritishning o‘zi bo‘ladimi?!
14 ta o‘yinda 8 ta gol va 7 ta assist! U kabi sermahsul futbolchini Angliyadan topib bera olasizmi? 25 yoshli futbolchining harakatlari besamar ketmadi. Manchesterliklar yakunda premer-liga bronza medallariga ega chiqdi va Chempionlar ligasi yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi.
Chap qanot hujumchisi: Per-Emerik Obameyang
So‘nggi daqiqalargacha liga to‘purarligi uchun kurashgan gabonlik futbolchi ushbu e’tirofga munosib mavsum o‘tkazdi. Bir necha kun avval Angliya kubogi finalida dubl qayd etib, jamosiga titul va Evropa ligasi yo‘llanmasini taqdim qilgan futbolchining kelajagi so‘roq ostida. Ochig‘i, Obameyangdek iste’dodning Evropa ligasida o‘ynashi biroz achinarli. Arteta esa o‘zi tuzayotgan yangi «Arsenal»da 31 yoshli forvardga katta e’tibor qaratgan.
Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
O‘ng qanot hujumchisi: Muhammad Saloh
Garchi, Saloh ushbu mavsumda oldingi ikki yildagi kabi «Oltin butsa»ni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa ham, «Liverpul» afsonaviy chempionligining katta qismini tashkil etdi. 19 ta gol va 11 ta assist amalga oshirgan misrlik futbolchining ushbu mavsumini omadli, deb atashga to‘la haqlimiz. Endi mersisaydliklar turli frontlarda bir xil kurashishlari, bir turnir sababli boshqalaridan voz kechib qo‘ymasliklari darkor.
Markaziy hujumchi: Jeymi Vardi
Mavsum davomida tez-tez yo‘qolib qolgan Vardi yakunda baribir o‘z maqsadiga erishdi. 23 ta gol bilan APL to‘purarligini qo‘lga kiritgan 33 yoshli forvard bu borada eng «qariya» to‘purar sifatida tarixga kirdi. Bir jihatdan aynan Jeymining beqaror futboli «tulkilar»ni Chempionlar ligasidan mosuvo qilgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, ushbu mavsumda faoliyatidagi gollari sonini 100 tadan oshirib olgan futbolchini «Lester» muxlislari unutishmaydi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Uzoq kutilgan ikki chempionlik, bo‘m-bo‘sh tribunalar, rekordlarga boy yil: APLda mavsum yakunlari
Fikrlar