
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Chempionlar Ligasi guruh bosqichi ramziy terma jamoasi
Bosh murabbiy: Xans-Diter Flik (“Bavariya”)
“Bavariya” ushbu mavsumda ham EChLni super ko‘rsatkichlar bilan boshladi. Ular ushbu bosqichda eng ko‘p (16 ochko) to‘plagan 2 jamoaning biri. Myunxenliklar ko‘rsatgan futbolda alohida yulduzlar jamoani etaklab bormadi. Flik klubga singdirayotgan jamoaviy futbol natijalarda etakchi rol o‘ynamoqda.
Ushbu bosqichda nemis mutaxassisi jamoasini 4:3:3 sxemasida maydonga boshlab tushdi. Ramziy jamoamiz ham ushbu sxemaga asoslanadi.
Darvozabon: Eduar Mendi (“Chelsi”)
“Aristokratlar”ning joriy yozda xarid qilgan bebaho darvozaboni ushbu bosqich doirasida 5 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 tasida o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi. Ushbu bellashuvlarning 4 tasida londonliklar g‘alaba qozongan.
Frenk Lempard endi Kepaning “xurmacha” qiliqlariga chidashga majbur emas.
Chap qanot himoyachisi: Jordi Alba (“Barselona”)
“Barselona”ning guruh bosqichidagi o‘yini birgina “Yuventus”dan uchralgan mag‘lubiyat sabab yomonga chiqmasligi lozim. 5 ta tur yakunlariga ko‘ra, Kuman shogirdlari EChLda barcha o‘yinlarni yutgan yagona jamoa bo‘lib turgandi.
Chap qanot himoyachisi pozitsiyasidagi eng yaxshi futbolchi aynan Alba bo‘ldi, deya olamiz. Avvallari, Messi bilangina til topisha oladi, deb aytiladigan futbolchi endi boshqa sheriklarini ham to‘p bilan ta’minlab turibdi.
Markaziy himoyachi: Ruben Diash (“Manchester Siti”)
Pep Gvardiola eng ko‘p bosh qotiradigan chiziq bu - himoya. Ushbu pozitsiyadagi muammolarni bartaraf etish uchun shu davrgacha ispaniyalik mutaxassis bir necha yuz millionlarni sarf etib ulgurgan.
Joriy mavsum avvalida jamoaga kelib qo‘shilgan portugaliyalik himoyachi mudofaa markazida ishonchli o‘yin ko‘rsatdi.
Markaziy himoyachi: Leonardo Bonuchchi (“Yuventus”)
Turinliklarning markaziy himoyasi vakili EChL guruh bosqichining eng yaxshilari qatorida e’tirof etilishga loyiq o‘yin ko‘rsatdi. U sardor sifatida jamoasini har qanday vaziyatda oldinga etaklab turdi.
U guruh bosqichining 5 ta bahsida maydonga tushib, “keksa senora”ni birinchi o‘rinda yakunlashiga yaxshigina hissa qo‘shdi.
O‘ng qanot himoyachisi: Xuan Kuadrado (“Yuventus”)
Andrea Pirlo jamoasining 6 ta tur yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi futbolchisi Xuan Kuadrado bo‘lgandek, nazarimizda. Eng yaxshi assistentlar ro‘yxatida kolumbiyalik futbolchi 5 ta samarali uzatma bilan etakchilik qilmoqda.
Aslida, hujumkor futbolchi sifatida faoliyatini boshlagan Kuadradoning qanot himoyasiga ko‘chirilishi yaxshi kashfiyot bo‘ldi.
Markaziy yarim himoyachi: Kazemiro (“Real”)
“Qirollik klubi” eng so‘nggi daqiqalargacha musobaqani tark etish xavfi bilan o‘ynadi. Ammo yakunda barchasi Zidan shogirdlari uchun xayrli yakun topdi.
Ayniqsa, ikkinchi davrada namoyish etgan ishonchli o‘yini orqali braziliyalik futbolchi markaziy yarim himoyaning eng yaxshi vakillaridan biri bo‘ldi.
Markaziy yarim himoyachi: Leon Goretska (“Bavariya”)
Leon jamoaviy futbolda markazda katta mehnat bajaruvchi bebaho futbolchi. “Bavariya”ning chiroyli o‘yinlarining asosi Goretskaga borib taqaladi.
U juda kerakli paytlarda gol urishi va o‘yinni ko‘ra olishi bilan ajralib turadi. Tiago Alkantara ketgach, u bajarishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘lami ancha kengaydi.
Hujumkor yarim himoyachi: Kevin De Bryuyne (“Manchester Siti”)
Guruh bosqichining eng sermahsul jamoalaridan biri hisoblangan “Manchester Siti”dan birorta hujum vakilini olmaslik adolatdan bo‘lmas edi. U gol urishga muvaffaq bo‘lmadi. Ammo assistentlar ro‘yxatida 4 marotaba golli uzatma amalga oshirgan yarim himoyachi yuqori o‘rinlardan birida bormoqda.
Chap qanot hujumchisi: Neymar (PSJ)
Chempionlar Ligasi guruh bosqichining qur’asi bo‘lgan paytda PSJ joy olgan to‘rtlik eng murakkabi, deb qaralgan edi. Amalda ham ular eng qiyin uchrashuvlarni o‘tkazgan holda, pley-offga chiqdi. Parijliklarning etakchi futbolchisi Neymar 6 ta gol urib, jamoasining keyingi bosqichga chiqishida asosiy obraz bo‘lib xizmat qildi.
O‘ng qanot hujumchisi: Alassan Plea (“Borussiya” Myunxengladbax)
Navbat guruh bosqichining kashfiyot jamoasi vakiliga! Alassan “Real” va “Inter” joy olgan murakkab guruhdagi super o‘yinlari bilan yodimizda qoldi. Gol+pas tizimi bo‘yicha unga teng keladigan futbolchini joriy yilda topa olmaysiz. 6 ta tur mobaynida 5 ta gol va 3 ta assist amalga oshirgan futbolchi jamoa sensatsiya amalga oshirishida katta yordam berdi.
Markaziy hujumchi: Alvaro Morata (“Yuventus”)
Ispaniyalik forvard hozircha musobaqaning to‘purari bo‘lib turibdi. U uchun eng mos klub “Yuventus”ga o‘xshaydi. Aynan shu jamoadagi yorqin o‘yinlari sabab “Real”ga qaytgan Alvaroning omadi keyinchalik ham yurishmadi.
Bugun u Pirlo jamoasida almashtirib bo‘lmas strayker. Tinimsiz gollar urayotgan futbolchining darvozaga kiritgan to‘plarining katta qismi ofsayddan urilyapti. Agar ular ham o‘z o‘rnida bo‘lganida, to‘purarlar ro‘yxatida yana ham yuqoriroq ko‘rsatkich bilan karvonboshilik qilayotgan bo‘lardi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar