"Strandja" turniri. Yana 7 nafar bokschimiz yarim finalda!
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha "Strandja" turniri bo‘lib o‘tmoqda.
-75 kgda Fazliddin Erkinboev Uels vakili Orlando Holley-Sotomi bilan bahs yuritdi. Ha, Jo Kalzage vatandoshi Erkinboevga jiddiy qarshilik ko‘rsatishga harakat qilib ko‘rdi. Ammo Fazliddin "klass" ko‘rsatib, ishonchli tarzda g‘alabaga erishdi va yarim finalga yo‘l oldi. Hisob 5:0 natijasi bilan yakunlandi.
-80 kg vaznda bolgarialik muxlislarning suyuklisiga aylangan Javohir Ummataliyevni ham bu bosqichda juda ham jiddiy raqib, braziliyalik Vanderley Perreyra kutib turgan edi. Ha, biroz havotir ham yo‘q emasdi. Ammo Javohir o‘zining ajoyib harakatlari bilan buni yo‘qqa chiqardi va ishonchli tarzda zafar quchdi. Yakuniy hisob 3:2 ko‘rinish oldi.
-85 kg dagi vakilimiz Akmaljon Isroilov qozog‘istonlik Sultanbek Aibaruliga qarshi ringga ko‘tarildi. Juda ham murosasiz va qiziqarli kechgan to‘qnashuvda vakilimiz ishonchli harakatlari bilan jang taqdirini o‘z foydasiga hal qildi. Hisob 5:0 bilan yakunlandi.
-85 kg vaznda yosh bokschimiz Norbek Abdullaev mezbonlar vakili Kristian Dimitrovga qarshi ringga ko‘tarildi. Albatta, mezbonlarga qarshi turish oson emas. Biroq, Abdullaev buni uddaladi va 5:0 hisobida g‘alabaga erishib, yarim finalni naqd qildi.
-90 kgda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan To‘rabek Habibullaev bu bosqichda Braziliya vakili Santos Ribeiro to‘sig‘idan o‘tish kerak edi. Braziliyalik bokschi ham avvalgi bosqichlarda katta "xavf" ekanligini namoyish qilgandi. Lekin uning "tishi" To‘rabekka o‘tmedi. Habibullaev yakunda 4:1 hisobida zafar quchdi va yarim finalga yo‘l oldi.
Yana bir -90 kgdagi vakilimiz Samir Sobirov qozog‘istonlik Nurmagamed Yussupov bilan yarim final masalasini hal qildi. Yosh bokschimiz o‘ziga bildirgan ishonchni oqlab, jiddiy raqibni 5:0 hisobida taslim etdi.
Va nihoyat so‘ngi vakilimiz +90 kg da harakat qilayotgan Ozodbek Aliev ham qozog‘istonlik Nurlan Saparbayga qarshi ringga ko‘tarildi. Qiyin kechgan jangda Ozodbek haqiqiy iroda ko‘rsata oldi va jiddiy raqibni musobaqadan chiqarib yubordi. Yakuniy hisob 5:0 ko‘rinish oldi. Yana bir yarim finalchi!
Shu tariqa kunning 2-dastur bahslari yakunlandi. Bu haqida O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.
Fikrlar