Superliga chiptasi tikilgan bahsda "Aral"ning kuchi etmay qoldi
“Mavsum-2025” nihoyat rasman yakuniga etdi. Nukusda pley-offning so‘nggi o‘yini -“Aral” hamda “Buxoro” uchrashuvi orqali rasman joriy yilgi Superliga tugadi.
2026 yilgi elitada ishtirok etish imkonini beruvchi mazkur o‘yinga qiziqish ayniqsa nukusliklarda katta edi. Pro liga vakili hisoblangan “Aral” musobaqada ikkinchi o‘rin egasi sifatida pley-offda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lgandi. “Buxoro” bungacha ikkita pley-offda yutqazdi va uchinchi - oxirgi imkoniyati qolgandi.
O‘yindan avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev “Aral” klubi a’zolari bilan uchrashdi va ularga muhim uchrashuvda omad tilab, g‘alaba kutayotganini ma’lum qildi. Darhaqiqat, Nema’tilla Quttiboev jamoasi uchun 24 yildan so‘ng Superligaga qaytish uchun ajoyib imkoniyat yuzaga kelgandi. Faqat buning uchun birgina g‘alaba kifoya edi.
O‘yinga qiziqish kattaligidan stadionda joy qolmadi. Arena atrofida ishqibozlar o‘yinni tik turgan holda kuzatdilar. Ular “Aral” jamoasidan faqat g‘alaba kutishgandi. Biroq maydon egalari stadionga yig‘ilgan minglab muxlislar kutgan natijani qayd eta olmadilar.
Tan olish kerakki, “Buxoro” mezbonlarga nisbatan yaxshi o‘ynadi. Ko‘pchilik Nukusda “Aral”ga qarshi o‘ynash juda qiyinligini aytishadi. Lekin bu safar Xomyakov jamoasi taxminlarni yo‘qqa chiqardi. Balki bosim maydon egalariga xalaqit qilgandir. O‘yin davomida ko‘rinib turdiki, “Buxoro” futbolchilari bahsni nazorat qildilar va ular xohlashsa yana gol urishlari mumkin edi. O‘yin taqdirini esa yagona gol hal qildi. “Aral” jamoasi vaziyatdan chiqib ketish uchun harakat qildi va imkoniyatlar yaratishga urinib ko‘rdi. Biroq mezbonlarga dadillik, tajovuzkorlik va albatta mahorat etishmadi. Baribir uchrashuvda Superliga bilan pro liga jamoalari o‘rtasidagi daraja bilinib turdi.
O‘z navbatida “Buxoro” ustozi Aleksandr Xomyakov uchun ham bu bahs juda mas’uliyatli edi. Chunki jamoani ligada saqlab qolish ustivor vazifaga aylangandi. Mavsum yarmida “Buxoro”ni qabul qilgan Aleksandr Andreevich boshchiligida dastlabki natijalar chakki emasdi. Kubok finalida ham ishtirok etishdi. Ammo mavsum oxirlariga borib natijalar yana pastlab ketdi. Oqibatda pley-offning dastlabki ikkitasida mag‘lub bo‘ldi va pro ligaga tushib ketishiga bir bahya qoldi. Nihoyat, oxirgi o‘yinga kelib “Buxoro” uddaladi. “Aral”ning ko‘rsatgan o‘yini esa g‘alaba uchun etarli emasdi. Yoki bunga yana shunday ta’rif bersa bo‘ladi: Superliga chiptasi tikilgan bahsda "Aral"ning kuchi etmay qoldi.

Fikrlar