
Superliga. Turning eng yaxshilari orasida 3 nafari darvozabonlar, qolganlari esa...
Superligaging yakuniga etgan 11-turiga doir maqolani havola qilamiz. Ya’ni, 7 ta uchrashuvning eng yaxshilari aniqlangan. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.
“Metallurg” – “Bunyodkor” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Marin Lyubich
Darvozalar daxlsiz qolgan uchrashuvda “Bunyodkor”ning legioner posboni Marin Lyubich qahramonga aylandi. U jamoasini muqarrar gollardan qutqarishga erishdi. Yaqinda Qarshida “Nasaf” bilan qayd etilgan 0:0 hisobidagi o‘yinda ham Lyubich eng yaxshi futbolchi nomiga sazovor bo‘lgandi. Bu safar ham Marin mahoratini ko‘rsatdi.
“Neftchi” – “Surxon” – 1:1 Eng yaxshi futbolchi: Dilshod Yo‘ldoshev
Farg‘onadagi durang ko‘proq mehmonlarni xursand qildi. Raqib jiddiy bo‘lishiga qaramay, “Surxon” ham munosib kurashdi. Ayniqsa, darvozabon Dilshod Yo‘ldoshev yana o‘zini ko‘rsata oldi. U bir qator vaziyatlarda “Surxon”ni gollardan saqladi. Durangda uning hissasi katta.
“Qizilqum” – “Andijon” – 3:3. Eng yaxshi futbolchi: Akaki Shulayya
Hakamning noto‘g‘ri qarorlariyu, “Andijon”ning mustahkam irodasi bilan yodda qolgan ushbu bahsda “Qizilqum”ning gruziyalik legioneri Akaki Shulayya eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. Chunki u ikkita gol urdi. Lekin uning say’-harakatlari jamoasiga g‘alaba uchun etarli bo‘lmadi.
“So‘g‘diyona” – “Nasaf” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Lyupcho Doriev
“So‘g‘diyona”ning o‘tgan turdagi uchrashuvda ham Doriev eng yaxshisi bo‘lgandi. Bu safar ham undan zo‘ri topilmadi. Uning yagona goli “Nasaf”ni mag‘lub etdi. Aynan Dorievning goli sababli qarshiliklar joriy yilgi Superligada ilk bor mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdilar. Bu yil Superligadagi legionerlar orasida birinchi raqamlisi bo‘lib turgan Lyupche endilikda 9 ta goli bilan chempionatda yakka peshqadamga aylandi.
“Paxtakor” – “Navbahor” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Pavel Pavlyuchenko
Turning markaziy to‘qnashuvida darvozalar daxlsiz qoldi. “Paxtakor”ning belaruslik darvozaboni Pavel Pavlyuchenko bir nechta vaziyatlarda jamoasini gollardan saqlab qoldi. Shuning uchun legioner posbon markaziy o‘yinning eng yaxshisiga aylana oldi.
“Lokomotiv” – “Dinamo” – 0:2. Eng yaxshi futbolchi: Ulug‘bek Abdullaev
O‘tgan turda yutqazib qo‘ygan “Dinamo” bu gal yangi murabbiy boshchiligida debyutini o‘tkazgan “Lokomotiv” maydonida mezbonlarni yutib qaytdi. Uchrashuvda hisobni ochgan “Dinamo” himoyachisi Ulug‘bek Abdullaev yakunda ushbu bahsning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. U himoyada zo‘r o‘ynashdan tashqari hujumda ham gol urdi va jamoasiga har tomonlama foyda keltirdi.
“Olimpik” – OKMK – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Xurshid G‘iyosov
Mirjalol Qosimov jamoasi “Olimpik”ga qarshi o‘yinda Xurshid G‘iyosovning yagona goli evaziga g‘alaba qozondi va OKMK turnir jadvalida endi peshqadamga aylanib oldi. Bir nechta uchrashuvda eng yaxshi futbolchi bo‘lgan G‘iyosov bu safar ham bellashuvning eng zo‘ri deb topildi. U OKMKda shubhasiz etakchilik qilyapti.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar