Superliganing 12-turida bizni nimalar kutib turibdi?
Superliganing navbatdagi turini kutayotgan ishqibozlar aslo zerikib qolishmaydi. Negaki, 12-turda bir-biridan qiziqarli o‘tishi kutilayotgan uchrashuvlar bor. E’tiboringizga shular haqida so‘z yuritamiz.
26 may
“Qizilqum” – “Neftchi”
Hisobida faqat bitta g‘alabasi bo‘lgan “Qizilqum”ni bu turda hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan “Neftchi”ga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi. Oxirgi paytlarda omadsizliklar girdobiga tushib qolgan Navoiy jamoasi medallar uchun kurashayotgan raqibini taslim qilishga qodirmi? Ketma-ket mag‘lubiyatlar har qanday jamoaning kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Vaziyatni ijobiy tarafga o‘zgartirish va g‘alaba qozonish uchun “Qizilqum”dagilar “Neftchi”dan ko‘ra yaxshiroq o‘ynashlari kerak. Hozirgi vaziyatda Tachmurod Agamurodov jamoasi bu ishni uddalay oladimi? Agar “Neftchi” o‘z o‘yinini ko‘rsatadigan bo‘lsa, Navoiydan ijobiy natija bilan qaytishi mumkin.

OKMK – “Buxoro”
“Buxoro”ni ham ishlari yurishmayapti. Bosh murabbiylikka Ulug‘bek Baqoev olib kelinganiga qaramay, jamoaning natijalari o‘xshamay turibdi. O‘tgan turda o‘z uyida “So‘g‘diyona”ga mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng matbuot anjumanida tarkibda darajasi yuqori bo‘lmagan futbolchilar borligini aytgandi va bu orqali yozgi tanaffusda tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishiga ishora qilib o‘tgan. Ko‘pchilik mutaxassislar bu to‘qnashuvda OKMKning imkoniyatini yuqori baholayotganlari sir emas. Chunki Mirjalol Qosimov jamoasi tarkib va o‘yin jihatidan buxoroliklardan ustun. Faqat buni amalda isbotlash lozim. Durang natija qayd etilsa bu “Buxoro” uchun g‘alabaga teng.
27 may
“Metallurg” – “Bunyodkor”
O‘tgan turda o‘z maydonida “Navbahor”ni qabul qilib boks tili bilan aytganda, nokautga uchragan “Bunyodkor” navbatdagi uchrashuvga yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan qanchalik o‘ziga kela oladi? Chempionatni yaxshi boshlagan “Qaldirg‘ochlar” oxirgi 5 ta bahsdan buyon yutolmayapti. Demak, jamoa hozir o‘yin va natija bo‘yicha inqirozni boshidan kechirmoqda. Bu holat “Metallurg”ga ham tegishli, aslida. Nega deganda, bekobodliklarning omadi yurishmayapti. Ketma-ket o‘yinlarda qimmatli ochkolarni boy berishyapti. Yangi bosh murabbiy kelgani bilan “Metallurg” hali barqarorlikka erisha olayotgani yo‘q. Bo‘lajak bahs har ikki jamoa uchun juda muhim. G‘alaba “Metallurg”ga ham, “Bunyodkor”ga ham suv va havodek zarur. Bellashuv ochiq va hujumkor ruhda o‘tishi mumkin. Chunki bu viloyat derbisi sanaladi.

“Andijon” – “Turon”
Bu turda vodiy derbisi ham bor. Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida “Andijon” mezbon sifatida “Turon”ni qabul qiladi. Ikkala jamoa o‘rtasida qattiq jang bo‘lishi aniq. Bilasiz, “Turon” Superligada g‘alabasi bo‘lmagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Har o‘yinda yaypanliklar nimadir qilishga, natija ko‘rsatishga urinishyaptiyu, biroq yakunda nimadir etishmayapti. “Andijon” o‘z o‘yinini topib boryapti. Hatto “Burgutlar” yutqazgan uchrashuvlarda ham yaxshi taassurot qoldiryapti. Ashaddiy muxlislariga ega bo‘lgan “Andijon” mezbon sifatida uch ochkoni qo‘lga kiritib, mavqeini yanada yaxshilash haqida o‘ylayapti. Ikkala klub o‘tgan yili pro ligada ham o‘zaro qarama-qarshiliklari orqali chempionatni “yondirishgandi”. Rosti, bu jamoalarning bellashuviga qiziqish katta.
28 may
“Navbahor” – “Olimpik”
Bu turdagi yana bir markaziy uchrashuvlardan biri Namanganda o‘tadi. O‘tgan turda “Bunyodkor” maydonida 5 ta gol urib kelgan “Navbahor” endi poytaxtning yana bir jamoasi – “Olimpik”ni qabul qiladi. Samvel Babayan va Timur Kapadze jamoalari sifatli futbol ko‘rsatishga intilayotganini inobatga olsak, Namangandagi “Markaziy” stadionda tomoshabop futbol bo‘ladi. Ayni paytda yuqori kayfiyatda bo‘lgan mezbonlarda baribir imkoniyat ko‘proq. To‘g‘ri, “Olimpik” jiddiy qarshilik ko‘rsatadi, lekin tajriba evaziga “Navbahor” masalani hal qilsa kerak.

“So‘g‘diyona” – “Nasaf”
Turning yana bir qiziqarli o‘tishi kutilayotgan o‘yini. Bosh murabbiy o‘zgarganidan keyin natijalari yaxshilanayotgan “So‘g‘diyona” endi “Nasaf”ni qabul qiladi. Jizzaxliklar ustozi Ivan Boshkovich yurtimizdagi faoliyatini futbolchi sifatida “Nasaf”da boshlagani yodingizda bo‘lsa kerak. Endi murabbiy rolida sobiq jamoasiga qarshi turadi. Kim birinchi gol ursa o‘sha jamoa yutib ketadigan o‘yin bo‘lishi ham mumkin. Asosiysi, “So‘g‘diyona” – “Nasaf” o‘rtasidagi uchrashuv har tomondan qiziqarli hamda keskin kurashlar ostida o‘tishi shubhasiz.
29 may
“Paxtakor” – “Surxon”
“Surxon” anchayin “chaqilmas yong‘oq” darajasida bo‘lib qolmoqda. Jamoa ko‘rsatayotgan o‘yin bunga misol bo‘la oladi. Doimiy tarzda uy o‘yinlarini “Paxtakor” stadionida mezbon sifatida o‘tkazib kelayotgan “Surxon” bu gal o‘sha erda mehmon nomi ostida harakat qiladi. Chempionlik yo‘lida kurashayotgan “Paxtakor” raqibini engish orqali tezroq yana peshqadamlikni qaytarish harakatida yuribdi. Shatskix jamoasiga oson bo‘lmaydi, lekin tajriba evaziga “Sherlar” raqibini dog‘da qoldirsa ajab emas.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar