
Superliganing yakuni bo‘yicha ayrim statistikalar
O‘zbekiston Superligasining 2019 yilgi mavsumi o‘z yakuniga etib ulgurdi. "Paxtakor" klubining chempionligi bilan yakuniga etgan mavsumning eng qiziqarli statistikalarini e’tiboringizga havola etamiz.
26 tadan bellashuvni o‘tkazgan jamoalar orasida eng ko‘p g‘alabaga erishgan jamoa, bu Toshkentning "Paxtakor" klubidir. "Sherlar" 22 ta g‘alabani tantana qilishdi. Mavsumning ikkinchi qismini juda yomon o‘tkazgan Samarqandning "Dinamo" klubi esa barchadan eng ko‘p, 14 ta mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.
Gol urish borasida ham toshkentliklar etakchilik qilishdi. Ular 75 ta gol urib, eng yaqin ta’qibchisi "Lokomotiv" klubidan 35 taga ko‘p gol urishdi. Eng kam golni esa "Buxoro" urdi. Jamoa hisobida 18 ta gol bor holos. Bu 23 ta gol urgan Dragan Cherannikidan ham kamroq degani.
Eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa esa "Lokomotiv" klubi bo‘ldi. Ignatiy Nesterov, Javohir Ilyosov va Ma’mur Ikromov kabi darvozabonlarga ega bo‘lgan jamoa darvozasiga raqiblar umumiy 17 ta gol urishni uddasidan chiqishdi holos. Eng ko‘ golni "Qizilqum" o‘z darvozasidan olib chiqdi. Zarafshonliklar 48 bor gol o‘tkazib yuborishdi.
"Navbahor" 11 ta bellashuvda durang o‘ynadi, "Surxon" va AGMKda esa bu ko‘rsatkich 5 tani tashkil etmoqda.
Mavsum startidan boshlab, 25-turgacha mag‘lub bo‘lmagan "Paxtakor" jamoasi 24 ta mag‘lubiyatsiz o‘yin o‘tkazishdi. "Dinamo" esa 11 ta tur davomida g‘alabasiz seriyani ko‘rsatib berishdi.
To‘purarlar beshligi quyidagicha:
Dragan Cheran ("Paxtakor") - 23 ta gol.
Igor Sergeev ("Paxtakor") - 17 ta gol.
Zafar Polvonov (AGMK) - 15 ta gol.
Humoyun Murtazoev ("Nasaf") - 14 ta gol.
Xurshid G‘iyosov ("Bunyodkor") - 12 ta gol.
Gollarga alohida to‘xtalsak, 2019 yilgi chempionatda 152 ta futbolchi gol urishga erishdi.
Odatda qo‘pollikni ko‘proq himoyachilar ko‘rsatib berishadi. Ammo bu mavsumni "Lokomotiv"da boshlab, "Paxtakor"da yakunlagan Husniddin G‘ofurov hammadan eng ko‘p kartochkani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Hakamlar tomonidan 8 bor ogohlantirilgan G‘ofurov, yana bir marotaba qizil kartochka bilan jazolandi.
"Dinamo" futbolchisi Jasur Azimov va "Buxoro" a’zosi Vladimir Baenko 6 tadan sariq va 1 tadan qizil kartochka olishdi.
Mavsum davomida umumiy 237 ta futbolchiga kartochka ko‘rsatildi.
Fikrlar