Suriyaga ikkita gol urgan o'zbek hujumchisi Rossiyadagilarni hayron qoldirdi

  • 01.10.2026 23:29
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatidan keyingi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvida Suriya futbolchilari bilan kuch sinashib, yirik hisobda zafar quchdi. 

Fabio Kannavaro Eron bilan uchrashuvdan so‘ng bu bahsda asosan zahiradagi futbolchilarni sinab ko‘rdi. Avvalgi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida Eron darvozasini ishg‘ol qilgan Husayn Norchaev bu gal Eldor Shomurodov o‘rniga hujum markaziga ilk daqiqalardan tushirildi. 

24 yoshli forvard hammaning ishonchini oqladi. Boshi bilan ikkita to‘p kiritgan Norchaev uchrashuv qahramoni bo‘ldi. 

«Paxtakor» stadionida o‘tgan bellashuv 4:1 hisobi bilan yakunlandi. Bu bahsda Sherzod Esanov va Akmal Mozgovoy ham o‘z hisobiga bitta­dan gol yozdirdi. 

O‘zbek futbolidan yaxshi xabardor bo‘lgan rossiyalik jurnalist Aleksandr Troitskiy Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Suriya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi haqida fikr bildirdi. 

- O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentda Suriyani qiyinchiliksiz mag‘lub etdi. Bu yerda katta savollar yo‘q. Faqat uchrashuv oxirida biroz hushyorlikni yo‘qotgandek bo‘lishdi, ammo bu juda ham katta muammo emas. 

O‘zlarini mezbonga yarasha tutib, mehmondo‘stlik namoyon qilishdi, deyish mumkin. Husayn Norchaevni alohida e’tirof etish lozim. 

Hali-hanuz, u qanday qilib "Alaniya"da o‘z o‘rnini topa olmaganini tushunmayman. Bu qandaydir mo‘jiza. 

Endi e’tibor — Janubiy Koreya bilan o‘yinga. Eng katta e’tibor esa, albatta, Osiyo kubogiga, — dedi Troitskiy.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ilgari "Nasaf" va "Neftchi" jamoalari sharafini himoya qilgan Husayn Norchaev Rossiyaning "Rubin" klubida ham faoliyat yuritgan. Biroq bu klub murabbiylari o‘zbek legioneriga yetarli darajada imkon bermagan. 

O‘zbekiston terma jamoasining navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvi 6 oktyabr kuni safarda Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin bilan davom etadi. Suriya­ga qarshi bellashuvdan oldin o‘zbekistonliklar yana bir kuchli raqib — Eronni 3:1 hisobida mag‘lub etgan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!