Taqiq Oʻrozov transferiga ta'sir qiladimi? FIFA Rossiya klublariga transfer blokini qoʻymoqchi
Rossiyalik futbol klublari yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bunga solidar to‘lovlar bo‘yicha yuzaga kelgan masalalarni hal etishdagi muammolar sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
14 iyul kuni FIFA Grozniy shahrining «Axmat» klubiga nisbatan sanktsiya qo‘lladi. Klub ushbu qarorni bekor qilish maqsadida Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilishni rejalashtirmoqda.
To‘lovlar tizimidagi jiddiy o‘zgarishlar 2022 yil oxirida amalga oshirilgan edi. O‘shanda FIFA Fransiyada barcha solidar to‘lovlarni markazlashtirish uchun maxsus kliring tashkilotini tuzdi. Endi bunday to‘lovlarni amalga oshirish uchun klublar shu tashkilotda alohida hisob raqam ochishi shart.
Rossiya klublari bir necha bor bunday hisob ochishga urinjan, ammo jahondagi siyosiy vaziyat tufayli Yevropa moliya muassasalarida hisob raqam ochish imkoniyati bo‘lmagani uchun ularga rad javoblari berilgan. Natijada deyarli to‘rt yil davomida Rossiya Premier-ligasi va birinchi ligasi klublari ushbu tuzilma orqali solidar to‘lovlarni amalga oshirmagan, shuning oqibatida katta miqdorda penya to‘planib qolgan.
2022 yilgacha bunday masalalarni klublar o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuvlar orqali hal qilishi mumkin edi. Keyingi yillarda esa FIFA Rossiya yuridik shaxslari uchun hisob ochishdagi obektiv qiyinchiliklarni inobatga olgan holda qattiq choralar ko‘rishdan tiyilib keldi.
Biroq vaziyat 2026 yil iyulida «Axmat»ga nisbatan sanktsiyalar qo‘llanilganidan so‘ng keskin o‘zgardi.
O‘tgan hafta klublar vakillarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ehtimoliy xavflar va muammoni hal etish yo‘llari muhokama qilindi. Rossiya futbol ittifoqi (RFI) jahon chempionati yakunlangandan so‘ng FIFA bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Agar yaqin vaqt ichida kelishuvga erishilmasa, Rossiya klublari yozgi transfer oynasi davomida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaslik xavfiga duch keladi. Mamlakatdagi yozgi transfer oynasi 11 sentyabrga qadar amal qiladi.
Oxirgi paytda Rossiya Premier-ligasi vakili O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Jahongir O‘rozovning transferi ustida ishlayotgani haqida ma’lumotlar chiqqan edi. Ayni paytda qozonliklar futbolchiga egalik qiluvchi Samarqandning "Dinamo" jamoasi bilan muzokara o‘tkazmoqda.
Rossiya klublariga yangi o‘yinchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqi qo‘yilsa, bu O‘rozovning transferiga ta’sir qilishi mumkinmi?
Bu masalaga Rossiya futbol ittifoqining (RFI) futbol subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash va faoliyatini nazorat qilish departamenti direktori Roman Dyakov izoh berdi.
- Rossiya klublariga futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ommaviy taqiqalar qo‘llanilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgani munosabati bilan FIFA mexanizmi aslida qanday ishlashi va nega chempionatimiz uchun tizimli xavflar mavjud emasligini tushuntirib o‘tamiz.
Birinchidan, klublarga Evropada bank hisob-raqamlari ochish talab etilmaydi. FIFAning kliring markazi reglamentiga muvofiq, klublar komplayens tartib-taomilidan o‘tadi va bunda amaldagi bank hisob-raqamlari haqidagi ma’lumotlarni ham taqdim etadi.
Ikkinchidan, hech qanday ommaviy transfer taqiqi mavjud emas. Reglamentda jamoaviy javobgarlik nazarda tutilmagan. Bir klubda yuzaga kelgan muammolar boshqa klublarga hech qanday tarzda ta’sir qilmaydi, — dedi Roman Dyakov.

Fikrlar