Tarix tilga kirganda: yoxud Aleksandr Averyanovdan "Andijon"da ko‘rgan-kechirganlari, "topshirilgan" o‘yin, O‘zbekistondagi yoqtirgan futbolchisi va boshqalar haqida

  • 24 yanvar, 2021, 18:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek muxlislari uchun Averyanov doim qiziqarli mutaxassis hisoblanib kelgan. Uni ayniqsa, yoshi ulug‘ ishqibozlar juda yaxshi bilishadi. Sobiq Ittifoq davrida Andijon jamoalarida faoliyat olib borgan. Shuningdek, O‘zbekistonning mustaqillikka erishganidan keyin ham “Andijon” jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan.

Bundan tashqari, Aleksandr Nikolaevich, Rossiyada “Okean”, “Krilya Sovetov”, “Shinnik”, “Uralan”, “Alaniya”, “Fakel”, “Volgar-Gazprom”, “Metallurg-Kuzbass” va yana bir qator klublarni boshqargan. Aleksandr Nikolaevich Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy unvoni bilan ham taqdirlangan.

Zukko ishqibozlar Averyanovni eslashi bilanoq ko‘z o‘ngida tarix gavdalansa ajab emas. O‘z o‘rnida rossiyalik mutaxassis ham yurtimizdagi faoliyatini shirin xotiralar bilan eslaydi.

Sports.uz muxbiri ushbu mutaxassis bilan aloqaga chiqdi va bir qator mavzularni o‘rtaga tashladi. O‘z navbatida Aleksandr Averyanov ham oldingi faoliyatini esladi va yurtimizdagi ishiga ham haqqoniy munosabat bildirdi.   

- Salom Aleksandr Nikolaevich. Suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Hozir ishlayapsizmi yoki nafaqadamisiz?

- Shuhratbek, menga qo‘ng‘iroq qilganingiz uchun rahmat. Ahvolim yomon emas. To‘g‘ri, yoshlik paytimdagidek sog‘lom emasman. Chunki o‘z vaqtida sog‘likni yaxshi saqlay olmaganmiz. Negaki, to‘liq dastur asosida bor kuch-g‘ayratimizni ishga sarflaganmiz. Hozir esa, o‘sha tufayli salomatligimizda ba’zida muammolar yuzaga kelib turibdi. Shunday bo‘lsa ham, shikoyat qilishga hojat yo‘q. Hamon ishlayapman. Moskvadagi “Kuntsevo” maktabida yosh bolalarni tarbiyalashga qo‘limdan kelgancha yordamlashyapman. Biz Moskva birinchiligida ishtirok etamiz. Maktabimiz esa ancha ilg‘orlardan biri hisoblanadi. Shuni eslatishim kerakki, o‘z vaqtida sobiq Ittifoq o‘smirlar terma jamoasida to‘p surgan “Paxtakor”ning ayrim futbolchilari bilan bir jamoada o‘ynaganman. Masalan, himoya chizig‘ida Sergey Dotsenko bilan. Markaziy hujumchi sifatida esa, Vyacheslav Bektashev to‘p surardi. O‘z vaqtida, u “Paxtakor”da yorqin o‘ynagan. Gennadiy Krasnitskiyni ham alohida e’tirof qilishim kerak. U boshqalar uchun o‘rnak olishga arziydigan kumir hisoblanardi. To‘lagan Isoqov bilan ham sobiq Ittifoq o‘smirlar terma jamoasida chempionatga tayyorgarlik ko‘rganmiz. Hozirgacha u bilan do‘stona munosabat saqlanib qolgan. O‘zaro tanishganimizga ham 55 yildan oshibdi. Umuman olganda, o‘zbek futboli menga ko‘plab do‘stlarni, tanishlarni, murabbiylarni, o‘yinchilarni taqdim etgan.

Averyanov1

- Vyacheslav Soloxo bilan murabbiylar oliy maktabida ishlaganingiz rostmi?

- Vyacheslav Soloxo bilan oliy maktabida bir guruhda o‘qiganmiz. Biz bilan buyuk insonlar tahsil olishgan. Bunga sobiq Ittifoq futboli afsonalaridan sanalgan Eduard Streltsovni, Yuriy Sevidovni, Vladimir Petrovni misol tariqasida keltirish mumkin. O‘z davrida “Spartak”da o‘ynagan Viktor Papaev Ittifoqning eng qobilyatlari futbolchilaridan biri hisoblanardi. Vyacheslav Soloxo haqida mendan ko‘ra ko‘proq narsani bilasiz. U taniqli murabbiy, O‘zbekiston futbolida samarali mehnatq qilgan. Bundan tashqari, o‘z kuchini xorijda ham sinab ko‘rgan. Qaerda ishlamasin muvaffaqiyat qozongan. Aytishim kerakki, Anvar Tadjievich Solijonov bilan alohida munosabatimiz shakllangan. U butun Ittifoq hakamlar korpusining a’zosi hisoblanardi. Marat Vazilovich Kabaev bilan ham yaqin do‘stman. U tufayli Naxodka shahrining “Okean” klubi haqida kitob chop etishga muvaffaq bo‘ldim. Buning uchun undan minnatdorman! Jahon futbolida eng zo‘r hakamlardan biri sanaladigan Ravshan Ermatov bilan ham tanishganimdan xursandman. Agar futbol bo‘lmaganida bunday insonlar bilan do‘stona munosabat o‘rnatish haqida gap bo‘lmasdi.

Averyanov

- Andijon shahrida qanday paydo bo‘lgansiz?

- Shunday vaziyat yuzaga kelganki, o‘zbek futboliga meni Ishtvan Yojefovich Sekech olib kelgandi. U “Paxtakor” futbol klubining ustozi sifatida ishlagan. Moskvadagi murabbiylar oliy maktabini tamomlaganimdan so‘ng, menga Andijonning “Tekstilshik” jamoasini boshqarishni taklif etishgandi. XBK ishchilaridan tashkil etilgan bu klubga yaxshi murabbiy kerak edi. Sport vaziri Marat Vladimirovich Gramov SSSR oliy sovetining deputati hisoblanardi. Mahalliy rahbarlar unga shu masalani hal qilish yuzasidan murojaat qilgandilar. “Paxtakor” bosh murabbiyi esa mening nomzodimni qo‘llagan. Oldimga qo‘yilgan vazifa sodda bo‘lib, jamoani ikkinchi ligaga olib chiqishdan iborat edi. Katta avlod vakillari o‘sha paytdagi birinchilik qay darajada kuchli bo‘lganini yaxshi eslashadi. O‘z o‘rnida uni yutish murakkab hisoblanardi. Finalda biz Sergey Dotsenko boshchiligidagi “Xiva” klubiga 0:1 hisobida yutqazib qo‘yganmiz va ikkinchi o‘rinni egallaganimiz ikkinchi ligaga chiqish imkonini bergandi.

averyanov4

- O‘zingiz ishlagan futbol klublarini Andijon shahrining “Paxtakor” jamoasi bilan taqqoslay olasizmi? Shuningdek, sobiq Ittifoq parchalangandan keyingi “Andijon” klubi bilan-chi?

- Yuqorida eslab o‘tganimdek, oliy maktabni tamomlaganimdan so‘ng, 1984 yili Andijonga kelganman. Aytish mumkinmi, o‘sha paytda xayolim yangi bilimlar va g‘oyalarga to‘liq edi. O‘z o‘rnida bularni hayotga tatbiq etish uchun zo‘r ishtiyoq bilan ishlashga kirishgandim. Menga ishlash uchun yaratilgan sharoitlarning unchalik yaxshi emasligi ham ta’sir ko‘rsatmagan. Shug‘ullanish uchun “Spartak” stadioni bor edi xolos. Mendan oldin jamoani Enver Sitiya boshqargan. U jamoaning natijalarini yaxshilash uchun ko‘p ishlar qilgan. Ammo o‘sha paytdagi tarkib bilan birinchi-ikkinchi o‘rinlardan joy olish ilojsiz edi. Ishni mashg‘ulot jarayonini o‘zgartirishdan boshlaganman. Bunday o‘zgarish futbolchilarga yoqqan. Shu bilan birga klubda qat’iy intizom o‘rnatganimdan so‘ng, selektsiya ishlariga e’tibor qaratganman. Moskvaga borib u erdan to‘rt nafar istiqbolli yigitlarni olib qaytganman. Filipchuk, Bichkov, Markin va Kalinin ikki yildan keyin SSSR xalqlari spartakiadasida O‘zbekiston milliy termasi safida bronza medallariga ega chiqishgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tganidan keyin Nikolay Leonovdek kuchli darvozabon paydo bo‘lgan. U bilan biz Moskvaning “Lokomotiv”ida o‘ynaganmiz. Ha, mahalliy yigitlar ham chakki emasdilar. Masalan, jamoa sardori Ablyametov, Ernest Shabadinov, Bahodir Rahmonov, Orif Mamatkazin, Vladimir Zoteev, Valeriy Gordeev, Baxtiyor Yo‘ldoshev, Mirzoev va boshqalar. Biz klubga iloji boricha mahalliy futbolchilarni jalb etishga harakat qilganmiz. Jamoada esa do‘stona munosabat shakllangandi. O‘sha kezlarda ko‘p millatli futbolchilardan tashkil topgan klub birgina istak – oliy ligaga chiqish uchun kurash olib borardi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Andijonda futbolni yoqtirishadi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, “Spartak” stadionidagi o‘yinlarimizda tribunalar muxlislar bilan liq to‘lardi. Jamoa ishtirokidagi o‘yin esa shahardagi muxlislarga yoqardi. Shart-sharoitlar a’lo darajada bo‘lmasa ham biz yaxshi natijalarni qayd etganmiz. Hozirgacha Andijon futbolida olib borgan ishlarimni o‘zgacha sog‘inch bilan esga olaman. Yana shuni alohida e’tirof qilishim kerakki, mahalliy sport yoki shahar partiyasi rahbarlaridan biri ishimga aralashmagan. Murabbiy uchun bu juda muhim jihat hisoblanadi. Bu erga ikkinchi bor qaytishimga to‘xtalsam, qaytishim 2011 yili yuz bergan. Bu paytga kelib O‘zbekistonda o‘z chempionati davom etardi. Shahardagi holat ham yaxshi tomonga o‘zgargan bo‘lib, chiroyli va katta ko‘chalar, binolar, bog‘lar, kinoteatrlar qad rostlagandi. Har tomonlama Andijon shahri infratuzilmasi yaxshilanib borganiga guvoh bo‘lganman. Meni hammasidan ko‘ra, jamoaning yangi stadioni o‘ziga jalb etgan. Chiroyli tarzda qurilgan inshoot. Muhimi ishqibozlar uchun ham qulay. To‘g‘ri, eski “Spartak” stadioniga ham ko‘p bor qaytganman. Qaytgan chog‘larimda Ittifoq davridagi jamoalar bilan maydonda olib borgan kurashlarimizni esga olardim.

Averyanov2

- Nima sababdan Andijonga ikkinchi bor qaytganingizda klubning natijalari rahbarlar va muxlislar kutgan darajada bo‘lmagan?

- Birinchidan, o‘zbek futbolini yaxshi bilmasdim. Chunki sobiq Ittifoq davridan so‘ng, futbolning qanday yo‘nalishda ketganidan xabardor emasdim. To‘g‘ri, futbol shakllanib borgan, ko‘plab murabbiylar zamonaviy metodlar asosida ish olib borardilar. Yangi sxemalar va o‘yin olib borish taktikalari bir muncha o‘zgargandi. O‘zbekistondagi murabbiylarni tayyorlash markazi rahbari Rustam Akramovich Akramovning bunda qo‘li borligi shundoq sezilib turardi. Bir so‘z bilan aytganda, yangi holatga unchalik tayyor emasdim. Ikkinchidan, selektsiya ishlari past darajada yo‘lga qo‘yilgandi. Jamoada ukrainalik ikki nafar legioner bor edi xolos. Ularni qoldirishgan. Yana birini o‘zim olib kelganman. U belaruslik darvozabon edi. Yaxshi posbon jamoaning teng yarmi degan aqidaga tayanib Aleksandr Petuxovni tanlagandim, ammo u ishonchimni oqlay olmagan. Bir qarashda belaruslik bu darvozabon yomon ko‘rinmasdi. Biroq Buxoro shahridagi o‘yindan so‘ng, jamoamiz ishqibozlarining og‘ir bosimi ostida qolgan. Petuxov ruhiy tomondan singandi. Bir qancha o‘yinlarda ukrainalik yigitlar maydonga tushishgan. Ular hech kimni va shu jumladan meni ham hayratga sola olishmagan. Shunda ularni maydonga tushirmaslik haqida qaror qabul qilingandi. Shu bois faqat mahalliy futbolchilar bilan o‘ynashni boshlaganmiz. Ammo bu jiddiy natijalarga erishish uchun kamlik qilardi. Uchinchidan, klub rahbari bir o‘zi hammani boshqara olishi mumkin deb o‘ylardi. Vladimir Shishelov shartnoma asosida jamoaga taklif qilingan. Shartnoma mening ishtirokimda to‘ldirilgan. Unda shunday qo‘shimcha band bo‘lib, Shishelovning mavsum o‘rtasida faqat Rossiya chempionatiga ko‘chib o‘tishi mumkinligi ilova qilib o‘tilgandi. Vladimirni Andijonga o‘zim olib kelganman. Shu bois unga shunday variant taqdim qilingandi. Bu paytga kelib Shishelov 9 ta o‘yinda 8 ta gol urgach, chempionatning eng yaxshi to‘purariga aylanib olgandi. Kutilmaganda u narsalarini yig‘ishtirib “Nasaf”ga yo‘l olgan. Andijonlik sobiq murabbiylar unga o‘shanda ta’sir o‘tkazishgandi. Shunday qilib biz kuchli hujumchidan mahrum bo‘lganmiz. U oldingidan farqli ravishda o‘ynamay qo‘ygani meni qoniqtirmagan. Natijada o‘rtamizda jiddiy suhbat kechgan. Boshqaruvimdagi o‘yin esa shunchaki “topshirilgandi”. Eng qizig‘i, raqibimiz bizga oltita gol urgan. Aftidan, rahbariyat mening iste’fom borasida ikkilanmaslik uchun shunday yo‘l tutilgan bo‘lsa kerak. Jamoaning yaxshi o‘yin namoyish etayotgan holda tashlab ketish juda achinarli bo‘lgan. O‘rnimga Azamat Abduraimovni taklif qilishgan. Bir necha kundan so‘ng, “Andijon” yirik hisobida zafar quchgandi. U matbuot anjumaniga o‘ziga yaxshi meros qolgani haqida alohida gapirib o‘tgan. O‘shanda men “Sharq nozik masala” ekanligini yana bir bor tushunib etganman. Albatta, futbol ortidagi ishlar haqida gapirish noqulay bo‘lardi, lekin shunday holatlar ham uchrab turarkan.

averyanov3_1

- Aleksandr Nikolaevich, bugungi o‘zbek futbolini kuzatib kelyapsizmi? Agar yana “Andijon”ga chaqirishsa kelasizmi?

-   Suhbatimiz avvalida yoshim yuqori darajada ishlashga imkoniyat bermay qolgani haqida bejiz to‘xtalganim yo‘q. Agar shunday taklif bo‘lsa, buning uchun minnatdorchilik bildirgan, biroq uni rad etgan bo‘lardim. Qolaversa, O‘zbekistonda a’lo darajadagi mutaxassislar etarlicha topiladi. Andijon futboli esa bir umr qalbimda qoladi.

- O‘zbek futboli vakillari hisoblanadigan Oston O‘runov va Eldor Shomurodov haqida so‘ramoqchiman. Ularning to‘p surayotgan klublardagi o‘z imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Meni kechirasiz, bu borada aniq bir narsa deyishim qiyin. Ammo Oston O‘runovdan farqli ravishda Eldor Shomurodov Italiya A seriyasida o‘zidan yaxshi taassurot qoldiryapti. Aks holda unga “Yuventus”dek grand klub qiziqish bildirmagan bo‘lardi. Umid qilamizki, Shomurodov bir kun “Yuventus”da paydo bo‘ladi. Oston esa amirliklardagi yig‘inlarda o‘zini ko‘rsatishi kerak. Men uning iqtidorli futbolchi ekaniga shubhalanmayman. O‘zbekistonlik o‘yinchilar orasida menga hammasidan ko‘ra Odil Ahmedov ko‘proq yoqadi. Sobiq Ittifoq davriga qaytsam, zo‘r o‘yinchilar ko‘p bo‘lgan. Men Gennadiy Krasnitskiy, Birodar Abduraimov, Marat Kabaev, Yuriy Pshenichnikov, Gennadiy Denisov, Vladimir Fyodorov, Mixail An, Mustafo Bilolov va Mirjalol Qosimovni alohida sanab ko‘rsatgan bo‘lardim. Shuningdek, bu ro‘yxatga Andrey Yakubikni ham qo‘shib qo‘yish kerak. Uni “Paxtakor”ga Ishtvan Sekech taklif qilgandi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!