
Tarixga kiradigan jamoa, chempionlik yo‘lida bosim ostida qolgan etakchi yoxud Superliganing navbatdagi turida syurpriz ko‘ramiz...mi?
7 noyabr kuni Superligada 25-tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Bu safar hamma uchrashuvlar bir kunda bo‘lib o‘tadi.
Ayniqsa, chempionlik uchun kurash olib borayotgan klublar o‘rtasidagi intriga qanday anshlagda o‘tayotganini aytsamak ham o‘zingiz yaxshi sezib turibsiz. Xo‘sh, bu turda syurprizga guvoh bo‘lamizmi? Mutaxassis Anvar G‘ofurov ushbu tur oldidan juftliklar borasida shunday dedi:
“Surxon” – “Dinamo”
- “Dinamo”dan har nimani kutsa bo‘ladi. Ularda endi bosim yo‘q. “Surxon” shunday toifaga kiradiki, qaysidir turda barchani hayron qoldiradi. “Paxtakor” bilan durang o‘ynadi. Yana safarda muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. “Surxon” syurpriz ko‘rsata oladigan jamoa. Umuman, ikkala klubdan ko‘p narsa kutsa bo‘ladi.
“Qo‘qon-1912” – “Bunyodkor”
- Qo‘qonga ochkolar juda zarur. Ular bu o‘yinda borini beradi, deb o‘ylayman. “Bunyodkor”ga oson bo‘lmaydi. Ammo unutmaslik kerakki, ushbu jamoa o‘zini ancha tiklab oldi. Juftlikda yaqqol peshqadamlik yo‘q. Faqat vaziyatlardan qaysi biri unumli foydalansa, o‘sha jamoa yutib ketadi. Ikkala klub ham g‘alabaga loyiq.
AGMK – “Olimpik”
- Bu erda ham yaxshi o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ikkalasi g‘alabaga munosib. “Olimpik” o‘zining durang natijalari bilan tarixda qoladi, menimcha. Chunki ushbu mavsumda ko‘p durang o‘ynashdi. Bu safar balki yana durang natija qayd etilishining ehtimoli bor. To‘g‘risi, ushbu o‘yinda natijani topish juda qiyin. Ikkala klubda o‘ziga yarasha ijrochilar bor. Boyagi gap: kim imkoniyatlaridan unumli foydalansa, o‘sha jamoada imkoniyat ko‘proq bo‘ladi.
“So‘g‘diyona” – “Lokomotiv”
- “Lokomotiv” Superlidaga jon saqlab qolaman desa, shu o‘yinda yutishi kerak. Lekin “So‘g‘diyona” ham ayniqsa, o‘z maydonida g‘alaba uchun chiqadi. Futbolchilar borini berishga tayyor. O‘zbekiston chempionatida yaqqol kimnidir aniq yutadi, deb aytib bo‘lmaydi. Hamma jamoalar bir-biriga ancha yaqinlashishdi. “Lokomotiv”ga g‘alaba kerak va mana shu ularga motivatsiya bo‘lishi mumkin. Biroq jizzaxliklar hech qaysi uchrashuvda osonlikcha boy bermagan. Har doim maksimal kurashishadi.
“Paxtakor” – “Qizilqum”
- “Paxtakor” chempionlik uchun kurashyapti. Bu o‘yin ular uchun yana bir sinovdek gap. “Qizilqum” ham bu yil yaxshi natijalar ko‘rsatyapti. “Paxtakor” chempion bo‘lishni jiddiy istayotgan bo‘lsa, albatta g‘alaba qozonishi shart. Lekin unutmaslik kerakki, “Qizilqum” tarkibida ham ajoyib ijrochilar yig‘ilgan. Ular 100 foizlik bo‘lmagan vaziyatlardan ham gol urib ketishlari mumkin. Jamoa safida shunaqa futbolchilari bor. “Paxtakor” uchun oson bo‘lmaydi.
“Metallurg” – “Navbahor”
- Bu erda bitta jamoa chempionlikka kurashyapti. Ikkinchisi chempionatda o‘z o‘rnini saqlab qoldi, desa ham bo‘ladi. 100 foiz bo‘lmasa-da, har xolda klublarda imkoniyatlar bor. Oson uchrashuv bo‘lmaydi. “Navbahor” chempionlik uchun kurashayotganini inobatga olsak, g‘alaba qozonishi shart. Ikkala klubga juda qiyin bo‘ladi. Hech biri shunchaki taslim bo‘lmaydi. Maydondagi kurash oxirgi soniyagacha davom etadi. Baribir “Navbahor” chempionlik uchun kurashayotgani bois ularda biroz bo‘lsa ham imkoniyat ko‘proqdek.
“Nasaf” – “Neftchi”
- “Nasaf” O‘zbekiston Kubogi g‘olibi bo‘ldi. Undan oldin ham Kubokni yutgan. Ammo hali chempion bo‘lmagan. Bosimni qanday ko‘tarishadi, ko‘p narsa shunga bog‘liq. Chempionat tugayotgani sari ulardagi bosim ortib boraveradi. Bosimni ko‘tara olsa, chindan ham chempionlikka loyiq bo‘ladi. “Nasaf” “Paxtakor”dan bir ochko oldinda. Shuning uchun ular boshqalarni o‘ylamasdan faqat o‘z o‘yinidagi uch ochkoni qo‘lga kiritishlari lozim. “Neftchi”da ham etarlicha ijrochilar terilgan. Shu boisdan ulardan har narsani kutsa bo‘ladi. O‘ylashimcha, “Nasaf” o‘z uyida muxlislari qarshisida o‘ynayotgani uchun favoritdek ko‘rinyapti.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar