Tayson Fyuri va Entoni Joshuа jangini o‘tkazish uchun sahna ortida katta kurash ketmoqda
Taniqli promouter Eddi Hirnning taʼkidlashicha, u va Entoni Joshuа hali ham Tayson Fyuriga qarshi noyabr oyiga moʻljallanaotgan superjangni aynan Buyuk Britaniyada oʻtkazish uchun kurashmoqda. Ilgari bahs deyarli aniq Nyu-Yorkda, mashhur "Madison Square Garden" arenasida boʻlib oʻtishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Turki Al ash-Sheyx va translyatsiya huquqlariga daʼvogar Netflix platformasi ham AQSh variantini qoʻllab-quvvatlamoqda, chunki bu yerda tomoshabinlar auditoriyasi ancha katta boʻlishiga ishonishyapti.
Maʼlumotlarga koʻra, jangni oʻtkazish huquqi uchun kurashayotgan bir nechta kompaniyalarning aksariyati allaqachon Nyu-York variantiga toʻxtalgan.
Biroq Joshuа tomoni bilan tuzilgan dastlabki shartnomada ushbu toʻqnashuv Buyuk Britaniyada oʻtishi alohida qayd etilgan. Hirn uzoq va murakkab muzokaralar boshidanoq shu bandga urgʻu berib kelmoqda. Fyuri shartnomasida esa bunday talab koʻrsatilmagan. Bir muddat mazkur qarama-qarshilik Londonning mashhur "Uembli" stadionida boʻlib oʻtishi muhokama qilingan edi. Ammo Turki Al ash-Sheyxga bu variant yoqmadi.
"Zuffa Boxing" rahbari Dana Uayt ham bu masala yuzasidan bir necha bor fikr bildirgan. U oʻzini ushbu katta boks kechasining promouteri sifatida koʻrayotganini aytib, jang qaerda boʻlishini ancha oldindan bilishini taʼkidlab kelmoqda.
Hirn esa, Joshuа jamoasi Nyu-Yorkda jang qilish imkoniyatini mutlaqo rad etmaganini qayd etar ekan, ikki britaniyalik Amerikada ringga koʻtarilishi uchun mijozining shartnomasini qayta koʻrib chiqish va oʻzgartirish talab etilishini yana bir bor eslatdi.

Fikrlar