Tchuameni "Real" muxlislaridan uzr so'radi: "Bu holatni qabul qilib bo'lmaydi"
Orelien Tchuameni "Real" mashgʻulotlarida sodir boʻlgan janjaldan keyin rasmiy bayonot berib, klub muxlislaridan uzr soʻradi.
Fransiyalik yarim himoyachi oʻz soʻzlarida sodir boʻlgan voqeani "qabul qilib boʻlmaydigan holat" deb taʼrifladi va bunday xatti-harakatlar yoshlarga beriladigan namunga zid ekanini taʼkidladi.
"Nima sodir boʻlgani va kim haq yoki nohaq boʻlganidan qatʼi nazar, har doim mojaroni eng tinch yoʻl bilan hal qilish kerak", — dedi u.
Tchuameni, shuningdek, klub imidjiga yetkazilgan zarar uchun uzr soʻrab, "Real" bilan bogʻliq bu vaziyat muxlislar, jamoadoshlar va klub rahbariyatini qattiq xafa qilganini tan oldi.
"Bu turdagi voqealar har qanday kiyinish xonasida sodir boʻlishi mumkin, lekin ular "Real Madrid"ga munosib emas. Biz dunyoda eng koʻp muhokama qilinadigan klub ekanimizni unutmasligimiz kerak", — deya qoʻshimcha qildi fransiyalik yarim himoyachi
Futbolchi klub tomonidan qoʻllangan jazoni qabul qilishini ham maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, hozir asosiy eʼtibor bahslarga emas, jamoa maqsadlariga qaratilishi kerak.
"Biz — oilamiz, baʼzan kelishmovchiliklar boʻladi, lekin maqsadlar har doim birinchi oʻrinda boʻlishi kerak. Men guruhdan va barcha madridistalardan uzr soʻrayman", — dedi Tchuameni.

Fikrlar