Tebas «Real» rahbariyatining uni iste’foga chaqirgani haqida: «Bu talablar savollarimga javob bermaydi»
Tebas «Real» rahbariyatining uni iste’foga chaqirgani haqida: «Bu talablar savollarimga javob bermaydi»
La Liga prezidenti Xavyer Tebas «Real Madrid TV»ni Yozef Gebbels targ‘iboti bilan taqqoslagani uchun klub rahbariyatining uni iste’foga chaqirganiga munosabat bildirdi.
«Yuzaga kelgan mojaro munosabati bilan aytaman: Gebbelsning targ‘ibot usullari jurnalistika va kommunikatsiya fakultetlarida o‘rganiladi. U yerda zamonaviy dunyoda ham ushbu mexanizmlardan qanday foydalanilayotganini aniqlashga o‘rgatishadi.
Bunga aniq misol — La-Laguna universiteti. Jurnalistika fakultetining birinchi bosqichida o‘qitiladigan «Axborot xabarlarining umumiy nazariyasi» majburiy kursida 2025/26 o‘quv yili dasturiga quyidagi topshiriq kiritilgan: «Gebbels targ‘ibotining 11 tamoyilini zamonaviy voqelikka tatbiq etish mashqi».
Ha, siz to‘g‘ri o‘qidngiz: zamonaviy voqelikka. Bu mexanizmlar targ‘ibot qanday ishlashini va jamoatchilik fikriga qanday ta’sir ko‘rsatishini tushunish uchun o‘rganiladi. Kommunikatsiya usullarini taqqoslash ulardan foydalangan shaxslarning mafkurasini o‘xshash usullarni qo‘llayotganlarga avtomatik ravishda nisbat berishni anglatmaydi.
Shuning uchun men ochiq-oydin shunday yozganman: «Taqqoslash ushbu targ‘ibot usullariga taaluqli, mafkuraga emas va, albatta, «Real» muxlislariga ham emas». Bu izoh dastlabki postimdayoq bor edi. Uni mojaro avj olganidan keyin qo‘shganim yo‘q.
Mening taqqoslashim muayyan usullarga taaluqli: ma’lumotlarni muntazam takrorlash, faktlarni tanlab taqdim etish va dushman obrazini yaratish. Bu mexanizmlar zamonaviy davrdagi qo‘llanilishini tahlil qilish uchun ham jurnalistika va kommunikatsiya fakultetlarida o‘rganiladi. Men aynan shu usullar haqida gapirib, «Real TV» va uning axborot maydonidagi tarafdorlari faoliyatidan aniq misollar keltirganman.
Mening fikrimga qo‘shilmaydiganlar keltirilgan misollarga e’tiroz bildirishlari mumkin. Ammo shunchaki norozilik ularni rad etmaydi.
Faqat adolatsizlik hissini kuchaytiradigan voqealargina tanlab olinayaptimi? Shubha muayyan voqea haqidagi qat’iy fakt sifatida qabul qilunguncha takrorlanyaptimi? Doimiy dushman obrazi yaratilayaptimi? Voqealarning muayyan talqiniga zid bo‘lgan ma’lumotlar yashirilyaptimi?
Uchrashuvlar taqvimi haqida ham bir gap. Nega o‘yinlarni boshqa sanaga ko‘chirish bo‘yicha qancha so‘rov berilgani va ularning nechtasi qanoatlantirilganini hisoblab chiqmaslik kerak? Bu masala ham voqelikning bir qismi, garchi u ta’qib haqidagi qarashlarga mos kelmasa-da.
Men aynan shunday bahsni taklif qildim: usullar, xabarlar va aniq faktlar haqida. Norozilikka bag‘ishlangan bayonotlar uzun bo‘lishi mumkin. Ammo savollarimga javoblar hanuz yo‘q. Iste’fomni talab qilish ham ularga javob bermaydi», — dedi Tebas.

Fikrlar