Terma jamoa - Abramov yoki boshqasiniki emas... Yoxud mutaxassis munosabati

  • 19.11.2020 16:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Sobiq futbolchi Shuhrat Rahmonqulov ham hamma qator milliy terma jamoamizga befarq emas. U bosh jamoamizning har qanday uchrashuvlarini va natijalarini diqqat bilan kuzatmoqda.

Rahmonqulov shuningdek, yaqinda “Surxon” klubiga bosh direktor etib tayinlandi. U sports.uz saytiga terma jamoa hamda “Surxon” haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“To‘raevni kamsitmoqchi emasmiz, ammo undan kuchliroq o‘yinchilar bor”

-  FIFA kunlaridan foydalanishyapti. Bir tomondan, Abramovni ham to‘g‘ri tushunish kerak. U iqtidorli yoshlarni sinab ko‘ryapti. Terma jamoada ishlash oson emas. Albatta, tarkibga nima uchun yoshi katta bo‘lgan Lutfulla To‘raevni yoki “Bunyodkor”dan bir qator futbolchilarni olyapti, degan savol ko‘payib ketdi. To‘g‘ri, To‘raev tajribali o‘yinchi. Lekin uning pozitsiyasida baribir ushbu futbolchidan kuchliroq o‘yinchilar bor. Buning uchun Lutfullani kamsitmoqchi emasmiz. Shunchaki, boshqa nomzodlarga ham e’tibor qaratsa yaxshi bo‘lardi. To‘raev esa har qanday klubga kerakli o‘yinchi. Ammo jiddiy uchrashuvlarda baribir unga qaraganda kuchliroq futbolchilardan foydalanish lozim. O‘rtoqlik o‘yinida ham baribir yutish kerak. Chunki bu reytinga ta’sir qiladi. Bir qator legionerlarni chaqira olmadi. Bu yig‘in FIFA kunlarida tashkil etilayotgani uchun hamma legionerlarni taklif qilish kerak. Barcha futbolchilar jamlanganida ular qancha ko‘p bir-biri bilan o‘ynasa, ana shunda hamjihatlik ortadi.

“O‘zim ishlaganimda barcha legionerlarni chaqirardim”

-  Hammamiz ham O‘zbekistonni jahon chempionatiga chiqishini xohlaymiz. Bu yo‘lda Vadim Abramov ham harakat qilib yuribdi. Mana, hozir o‘rtoqlik uchrashuvlarida To‘raevdan foydalanyapti, ertaga rasmiy bahsda esa o‘rnida boshqasi o‘ynaydi. Shuning uchun FIFA kunlaridan maksimal foydalanib, legionerlarimiz qaerda to‘p surmasin barchasini yig‘ib, ularni ko‘rsa yaxshi bo‘lardi. Abramov bilan mundialga chiqa olamiz yoki chiqa olmaymiz, degan fikrni bildirish qiyin. Terma jamoaga kelganda futbolchilarda jarohat olib qolaman yoki klubimda o‘ynay olmay qolishim mumkin, degan gaplar ham bo‘lishi mumkin. Bunday xayollarni unutib, milliy jamoaga kelganda butun e’tiborini bir joyga qaratishi lozim. Agar o‘zim ishlaganimda imkoni qadar hamma legionerlarni chaqirtirardim. Albatta, tarkib borasida xavotirlarim bor. Axir bizda xorijda to‘p surayotgan futbolchilar borku, o‘shalarni barchasidan foydalanish kerak-da.

“Termani qo‘llab-quvvatlash kerak”

-  O‘rtoqlik o‘yinidagi mag‘lubiyatlardan fojea yasamaslik kerak. Hali oldinda jiddiy uchrashuvlar turibdi. Ularni hadeb tanqid qilavermasdan qo‘llab-quvvatlash muhim. Saytlarda qancha ko‘p yozilsa baribir bularni futbolchilar ham o‘qiydi. Iloji boricha yigitlarning ko‘nglini ko‘tarish kerak. Terma jamoa – Abramov yoki boshqasiniki emas, butun xalqniki. Ular vatanimiz jamoasini himoya qilishayotgani uchun har jihatdan qo‘llab tursak yaxshi bo‘lardi.

“Surxon”da vaqtincha bosh direktorman”

-  “Surxon” rahbariyati bilan yaxshi aloqadamiz. O‘zim murabbiy bo‘lsam-da, ilgari “Paxtakor”da ham tashkiliy ishlarda faoliyat olib borganman. Biroz bo‘lsa-da, tajriba bor. Shularni hisobga olib, “Surxon” rahbariyati meni vaqtinchalik bosh direktor lavozimiga taklif qildi.

“Ko‘p ochkolar yo‘qotilgani bois klub Superligada qolish uchun kurashyapti”

-  To‘g‘ri, “Andijon”, “Buxoro” va “Surxon” qiyin vaziyatda. Pandemiyadan keyin hammaga qiyin bo‘lib qoldi. Aslida “Surxon”da ham yaxshi jamoa shakllangan. Tajribali futbolchilar bor. O‘tgan yili qanday o‘ynagandi-a? Bu yil ham tarkibning o‘zagi qolgan. Faqat qaerdadir omad yuz o‘girdi. Bir qator uchrashuvlarda yo‘q joydan gollarni o‘tkazib yubordik. Baribir karantindan so‘ng ham biroz bo‘shashishlik bo‘ldi. Ko‘p ochkolarni yo‘qotganimiz tufayli endi Superligada qolish uchun kurashyapmiz.

“Haydarov qo‘lidan kelganicha yordam berib turibdi”

-  Ravshan aka Haydarov ko‘proq e’tiborini olimpiya terma jamoasiga qaratyapti. Klubda uning o‘rnida Vladimir Andreev ishlab turibdi. Baribir Haydarov ham qo‘lidan kelganicha maslahatlari bilan yordam beryapti. Milliy terma jamoadan keyingi o‘rinda olimpiya jamoamiz turadi.

“Qiyinchilik bitta bizda emas, boshqa klublarda ham bor”

-  Aslida pandemiyadan keyin ko‘plab klublarga qiyin bo‘lib qoldi. Qarzdorlik bor, yo‘q emas, biroq hammasi bartaraf etiladi. Futbolchilarning kayfiyati ham yaxshi. Viloyat hokimining o‘zi bosh-qosh bo‘lib turibdi. Bitta bizda emas, boshqa klublarga ham qiyin. “Paxtakor”, AGMK, “Metallurg” kabi jamoalarni hisobga olmaganda, qolgan jamoalar qiyinchiliklarni engib o‘tishga harakat qilmoqda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!