
Terma jamoamizning sobiq futbolchisi: "Eronni noqulay raqib deya olmayman, Masharipov kuchli futbolchi, ammo bitta o‘yinchiga qarab qolmasligimiz kerak"
25 mart kuni milliy terma jamoamiz "JCh-2026" saralashi yo‘lida Tehronda Eronga qarshi juda muhim o‘yinni o‘tkazadi. Barchamizning e’tiborimiz ushbu uchrashuvga qaratilganligi shubhasiz.
Hamma yaxshi biladiki, ularga qarshi o‘yinlar doim qiyin va shu bilan birga murosasiz tarzda o‘tib keladi. Bu safar jahon chempionati yo‘llanmasi uchun jiddiy kurash kechadi. Guruhda esa aynan Eron bilan O‘zbekiston dastlabki ikki o‘rinni egallab turibdi.
Tehronda qayd etiladigan natija Eron yoki O‘zbekistonni muddatidan avval mundial yo‘llanmasini naqd qilishi uchun kifoya qilishi mumkin. Bu borada terma jamoamiz o‘zi uchun kerakli natijani qo‘lga kiritishini tilab qolamiz.
Terma jamoamizning sobiq futbolchisi, ilgari Eronga qarshi o‘ynagan Artyom Filiposyan bo‘lajak uchrashuvga taalluqli savollarga javob qaytardi.
- Terma jamoamizning Eronga qarshi muhim o‘yin kutyapti. Nima deb o‘ylaysiz, eronliklar biz uchun noqulay raqibmi?
- Eron terma jamoasi yaxshi shakllangan. Ular anchadan beri birga o‘ynab kelishadi. Biz esa Eronni anchadan beri yuta olmayapmiz. Biz uchun noqulay raqib deya olmayman. Eron terma jamoasi kuchli jamoa. Lekin bizda ham potentsial yuqori.
- Toshkentda durang o‘ynadik. Aytganingizdek, Eronni yutolmayapmiz. Bu safargi uchrashuvda nimani evaziga yutishimiz mumkin?
- Ha, Eron bilan Toshkentda durang o‘ynadik. Tabiiyki, Eronda qiyin bo‘lishi aniq. Lekin bitta o‘yinda yigitlar birgalashib, hamjihatlikda o‘ynab, yutib kelsak bo‘ladi. Xudo xohlasa, shunday ham bo‘ladi.
- Siz ham o‘z vaqtida Eronga qarshi o‘ynagansiz. O‘sha paytdagi Eron bilan hozirgi Eronni farqi nimada va qaysi biri kuchli?
- Agar o‘sha paytdagi Eronni hozirgi Eron bilan solishtirsak, men uchun avvalgi jamoasi kuchliroq bo‘lgan. O‘shanda Eron terma jamoasida kuchli futbolchilar ko‘p bo‘lgan.
- O‘zbekiston mundialga yaqin turibdi. Hozirga qadar necha foizga vazifani bajardik, deb o‘ylaysiz?
- Hozircha hech narsa bajarilmadi. Chunki bo‘shashishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. To‘g‘ri, mundialga yaqinmiz. Ammo hali o‘yinlar bor. Xudo xohlasa, Eronda milliy terma jamoamiz g‘alaba qozonib, yozi yorug‘ holatda qaytib kelishlarini tilayman.
- Masharipov yordam bera olmaydi. Bu Eronga qo‘l keladi, deb o‘ylaysizmi?
- Jaloliddin Masharipov maydonda kuchli futbolchi. Unda etakchilik qobiliyati bor. Bu Eron uchun yaxshimi yoki yo‘qmi, bilmayman. Ammo biz bitta futbolchiga qarab qolmasligimiz kerak. Terma jamoamizda hamma o‘yinchilar yaxshi yig‘ilgan.
- Tehrondagi bahsda ko‘proq qanday hisobni kutyapsiz?
- Men hech qachon qanaqa hisob bo‘lishini ayta olmayman. Chunki bu futbol. Unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ammo umid qilamanki, terma jamoamiz safardan g‘alaba bilan qaytishsin. Bu borada O‘zbekiston terma jamoamizga omad tilayman.
Fikrlar
бундай инсонлар купайсин!
машарипов хакида бундай деёлмайман!
бундайлар термадан йуколсин